Biznes-ombudsmanga ko‘proq huquqlar berildi

Biznes-ombudsmanga ko‘proq huquqlar berildi

12.11.2019 yildagi O‘RQ-583-son Qonun bilan mamlakatimizning bir qator kodekslari va qonunlariga tuzatishlar kiritildi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti (biznes-ombudsman) 2017 yil mayda ta’sis etilgan. Uning maqomi, vakolatlari va ularni amalga oshirish mexanizmi alohida qonun bilan tartibga solingan.

Qabul qilingan tuzatishlar vakilga faoliyati sohasida qo‘shimcha huquqiy dastaklarni taqdim etadi va uning pozitsiyasini mustahkamlashi lozim.

Birinchidan, biznes-ombudsman hamda uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan mansabdor shaxslar uchun alohida sanksiyalar qayd etilgan. Ularning ishiga to‘sqinlik qilish, ularga bila turib yolg‘on axborot berish, murojaatlarni, xulosalarni, taqdimnomalarni, iltimosnomalarni ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma’lumotlarni taqdim etish 3 BHMdan 7 BHMgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

2411-24111-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar (tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar) to‘g‘risidagi bayonnomalar biznes-ombudsman va uning devoni xodimlari tomonidan tuziladi hamda ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi.

Ushbu sanksiyalar Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda uning talablarini bajarmaganlik uchun (MJTKning 1973-moddasi) belgilangan jarimalar (2 BHMdan 5 BHMgacha) o‘rniga kiritildi. Shu tariqa, so‘nggi holatda hokimiyat vakilining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun umumiy modda kamroq miqdordagi jarimalar bilan qo‘llaniladi (MJTKning 198-moddasiga qarang).

Ikkinchidan, biznes-ombudsman fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlarga tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlarini ko‘zlagan holda taqdim etilgan da’volar, arizalar va shikoyatlar bo‘yicha davlat bojlaridan ozod etildi.

Bundan tashqari, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlari doirasida biznes-ombudsmanning protsessual huquqlari kengaytirildi. U kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudining qarori, shuningdek sud hujjatlari ustidan – nazorat tartibida shikoyat qilishga haqlidir. Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar, shuningdek tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar bundan mustasno (ya’ni biznes-ombudsman bitta biznes tuzilmasi boshqasi bilan nizolashayotganda ulardan birining tarafini olishi mumkin emas, tahr. izohi).

Uchinchidan, biznes-ombudsman o‘rinbosarlari soni ikkitagacha oshirildi. Eslatib o‘tamiz, ular Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlari bo‘yicha Prezident Administratsiyasining shu’ba mudiriga tenglashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar