«Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash bo‘yicha«yo‘l xaritasi» qabul qilindi

«Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash bo‘yicha«yo‘l xaritasi» qabul qilindi

Har yilgi «Biznes yuritish» hisobotida O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilash bo‘yicha navbatdagi «yo‘l xaritasi» qabul qilindi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston joriy reytingda 69-o‘rinni egallaydi, eng yaxshi islohotchi mamlakatlar qatorida «top-20»ga kirgan.

Shunga qaramay, amaldorlar va mahalliy hokimiyatlar xususiy mulkchilikni himoya qilishi lozimligi yana bir bor ta’kidlandi. Masalan, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’yektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan taqiqni olaylik. Bunday masalalarni ilgari surish – xususiy mulk daxlsizligining buzilishi hisoblanadi, bu ishlar ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi, mazkur taqiqni buzgan mansabdor shaxslar javobgarlikka, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortiladi.

Mamlakatda biznes yuritish muhitini rivojlantirish, yaxshilash va liberallashtirishga oid bir nechta tadbirlar nazarda tutilgan.

Birinchidan, 2020 yil 1 yanvardan quyidagilar to‘xtatiladi:

  • tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
  • soliq organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;
  • meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’yektlaridan to‘lov undirish.

Ikkinchidan, 2020 yil 1 fevraldan:

  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi, vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari ushbu tizimga integratsiya qilinadi;
  • sanitariya-epidemiologiya va veterinariya, fitosanitariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish mumkin.

Uchinchidan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab quvvati 140 kVt gacha bo‘lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga tadbirkorlik sub’yektining xohishiga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan so‘rovnomasiga asosan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mablag‘lari hisobidan ulanadi. Xarajatlar tadbirkorlik sub’yektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qo‘shiladigan ustamalar hisobidan 1 yil davomida undirib olinadi.

Mamlakatda «qurilish uchun ruxsatnomalar berish», «elektr ta’minoti tizimiga ulanish», «ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish» hamda «kredit berish va to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish» indikatorlari bo‘yicha avvalgi past bo‘lgan ko‘rsatkichlarni ko‘tarish uchun soha idoralarida ishchi guruhlar tuzilgan. Boshqa davlat tuzilmalariga ham bir qator vazifalar topshirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar