Qoraqalpog‘istondagi sayyor qabulning dastlabki kuni 132 murojaat ijobiy hal etildi

Qoraqalpog‘istondagi sayyor qabulning dastlabki kuni 132 murojaat ijobiy hal etildi

Aholi murojaatlari bilan ishlash, odamlarning muammo va takliflari asosida joylardagi masalalarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari A.Usmonov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.

Tadbirlarda Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim va boshqa vazirliklar, mutasaddi tashkilotlar hamda hududiy sektor rahbarlari ishtirok etmoqda.

Sayyor qabulning dastlabki kuni Nukus shahri va Nukus tumani fuqarolari qabul qilindi. Tadbirda 393 nafar fuqaro 411 masala bo‘yicha murojaat etishdi. Shunday 132 tasi joyida ijobiy hal etildi, 81 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi. 168 murojaatning ijrosi nazoratga olindi.

– Bugungi kunda aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri bu ichimlik suvi, – deydi Nukus tumani “Kerder” ovul fuqarolar yig‘inidan T.Yerejepov. – Ushbu murojaatim tegishli soha rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqildi va Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyiha asosida kelgusi yilda ichimlik suvi tarmog‘i tortib beriladigan bo‘ldi.

– Ichki ishlar idoralarida xizmat qilish bolalikdan orzuim edi, – deydi Nukus shahridan J.Muratboyev. – Ommaviy qabulda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlariga ushbu masalada murojaat etdim va Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limiga profilaktika inspektori yordamchisi lavozimiga ishga qabul qilinadigan bo‘ldim. Bundan judayam xursandman.

Ikkinchi kuni ommaviy qabul Taxiatosh, Shumanay va Xo‘jayli tumanlari aholisi uchun Taxiatosh tumanida, Bo‘zatov va Kegeyli tumanlari aholisi uchun Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tdi.

Taxiatosh tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi Ziyoda Utegenova «shtat qisqardi» degan bahona bilan o‘tgan yilning dekabr oyidan buyon ishsiz qolgan edi. Shu kungacha turli joylarga murojaat qildi, lekin ijobiy yechim topmadi. Sayyor qabulda uning murojaati ijobiy hal etilib, avvalgi ish joyiga qayta tiklandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari tomonidan qabulda aholi bilan suhbatlar o‘tkazilib, fuqarolarni bugungi kunda qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish choralari ko‘rildi.

Jumladan, ikki kun davomida fuqarolardan 62 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 15 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 13 ta murojaat tegishli mutasaddi idoralar vakillari tomonidan nazoratga olindi. 34 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.

Murojaatlarda asosan fuqarolik olish, biometrik pasport rasmiylashtirish, soha xodimlariga minnatdorchilik, ichki ishlar, tergovga qadar tekshiruv hamda surishtiruv harakatlaridan norozilik masalalari ko‘tarildi. Tadbir doirasida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashab kelayotgan 10 nafar fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariyev ishtirok etdi.

Orolbo‘yida ommaviy qabullar davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar