DSQ: Bozorlardagi mahsulotlarga taqchillik bo‘lmaydi, narxlar ham ko‘tarilmaydi

DSQ: Bozorlardagi mahsulotlarga taqchillik bo‘lmaydi, narxlar ham ko‘tarilmaydi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi natijasida karantin e’lon qilinganligi munosabati bilan Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxlarini qat’iy nazoratga oldi.

Har bir tuman (shahar) soliq inspeksiyalari (DSI), viloyat soliq boshqarmalari (DSB) va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) Markaziy appartida maxsus ishchi guruhlar tashkil etildi.

Barcha yirik savdo markazlari, bozorlar, tovar ishlab chiqaruvchilar, ulgurji yetkazib beruvchilar va dorixonalarning batafsil ro‘yxati tuzilib, har biriga davlat soliq xizmati organlarining mas’ul xodimlari biriktirildi. Ular narxlar barqarorligi saqlanishini diqqat bilan nazorat qilib bormoqda.

Shuningdek, DSQ rahbariyati va uning barcha o‘rinbosarlari 16 mart kuni mahsulotlarga talab va taklifni o‘rganish hamda narxlar barqarorligini saqlashni nazoratga olish uchun poytaxtimizdagi bozor va yirik savdo markazlariga bordi.

Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sotilayotgan mahsulotlar narxini ko‘tarmaslik va bozorlarda narxlar barqarorligini saqlash to‘g‘risida davlat soliq xizmati organlariga kafolat xatlari berilmoqda.

Hozirda Davlat soliq qo‘mitasining “Ishonch telefoni” (71 244-98-98) va qisqa 1198 raqamli Sall-markazi ishlab turibdi. Murojaatlar soni ko‘pligi sababli bugungi kunda “Ishonch telefoni” operatorlari soni 7 taga, Sall-markazi operatorlari esa 20 nafargacha oshirildi.

Mamlakatda karantin e’lon qilinganidan so‘ng 16 mart kuni soat 13:00 holatiga DSQ ishonch telefoni va Sall-markaziga fuqarolar tomonidan narxlarning asossiz ko‘tarilishi to‘g‘risida 247 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 80 foizi tezda ijobiy hal qilindi. Qolgan 20 foizi yuzasidan profilaktika choralari ko‘rilyapti. Qo‘ng‘iroqlar kelishi davom etmoqda.

"Barcha vatandoshlarga eslatib o‘tamiz, tinchlikni saqlang, mamlakatda oziq-ovqat zaxirasi yetarli. Har bir savdo nuqtasida davlat soliq xizmati xodimlari narxlarni qat’iy kuzatib bormoqda", deyiladi xabarda.

Agar siz zarur bo‘lgan mahsulotlar narxining asossiz ko‘tarilganiga guvoh bo‘lsangiz DSQning (71) 244-98-98 raqamli “ishonch telefoni” yoki Sall-markazining qisqa 1198 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar