Dunyodagi yirik do‘konlarni birlashtirgan «Inditex» kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Dunyodagi yirik do‘konlarni birlashtirgan «Inditex» kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlik qiladi

Joriy yilning 1 iyul kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamda O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi tomonidan Ispaniyaning konglomeratlaridan biri bo‘lgan «Inditex» kompaniyasining Aloqalar bo‘yicha Bosh direktori Xesus Echevarria bilan videokonferensaloqa tashkil etildi.

Uchrashuvda, bir qator mahalliy to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar ham (Aisha Home Textile LLC, Chust Textile LLC, Bofanda JV LLC, Bukhara Cotton Textile LLC, Zarafshon Tekstil LLC, UzTex Group LLC, Textile Technologies Group LLC) ishtirok etishdi.

Ma’lumki, «InditexS.A.» xalqaro kiyim do‘konlari tarmog‘iga ega. Bugungi kunda korporatsiya 88 mamlakatda Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear, Zara Home, Stradivarius, Tempe, Lefties va Uterque brendlari ostida 7000 ga yaqin do‘konlarni birlashtirgan.

Suhbat mobaynida ispaniyalik hamkorlarga O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga berilgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirgan holda, to‘qimachilik sanoatining hozirgi holati va o‘sish istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilindi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekiston yirik paxta yetishtiruvchi mamlakat bo‘lsada, biroq mamlakatni tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi sifatida ko‘rib chiqilishi kerakligi ta’kidlandi. Chunki respublikada yetishtirilayotgan paxta xom ashyosi to‘liq qayta ishlanmoqda.

Mavjud koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab to‘qimachilik industriyasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsada, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, Hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tabdirlar natijasida o‘sish ko‘rsatkichlarini saqlab qoldi va «InditexS.A.” korporatsiyasi bilan ishlashga tayyor.

Mahalliy to‘qimachilik korxonalari nafaqat tayyor trikotaj kiyim-kechak, balki shu bilan birga Zara Home brendi uchun uy to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek «Inditex” ning Lux brendlari uchun yuqori sifatli mahsulotlarni ham yetkazib berish imkoniyatiga ega ekanligi aytildi.

O‘z navbatida, ispaniyalik hamkorlar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekistonning GSP + maqomiga erishishi Inditex brendlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qilishi ta’kidladi.

Shuningdek, Xesus Echevarria ishlab chiqaruvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablar va hamkorlikning aniq usullari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, «Inditex” brendlari bilan hamkorlikda, ular tayyor mahsulot iste’molchisi ekanligini hisobga olish kerakligi va do‘konlarda sotiladigan har bir mahsulot xaridorlarning xohish-istaklari asosida yetkazib berilishi alohida aytib o‘tildi.

Hamkorlikning asosiy mezonlari sifatida mahsulot dizayni, xalqaro standartlar talabiga to‘la javob beruvchi sifati, yetkazib berish muddatlariga qat’iy rioya qilinishi va narx raqobati ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, ishlab chiqarishning barqarorligi va xalqaro standartlarga muvofiqligi ham muhim ahamiyatga ega.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi va O‘zbekiston Respublikasining Madriddagi elchixonasi orqali kelgusida muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Eng qisqa vaqt ichida «Inditex” tarmoq brendlariga yuqori sifatli tikuvchilik va tayyor trikotaj mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar yuborilishi kutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar