Eksportni moliyalashtirish: eksport oldi kreditlari va eksport jarayonlarini sug‘urtalash

Eksportni moliyalashtirish: eksport oldi kreditlari va eksport jarayonlarini sug‘urtalash

Jahon savdo tashkilotining (JST) so‘roviga ko‘ra, eksport moliyalashtirishning yetishmasligi savdoni rivojlantirishdagi eng katta to‘siqlardan biri sifatida qayd etildi (WTO (2019)). Ayniqsa, kichik va o‘rta biznes vakillari moliyaviy mablag‘larni olishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishlari o‘z isbotini topdi. Savdoni moliyalashtirish bo‘yicha rad etilgan arizalarning 75 foizi mazkur korxonalarga tegishlidir.

Shu bois, har bir mamlakat o‘zining tashqi savdo siyosati bo‘yicha strategiyasini ishlab chiqishda eksportni moliyalashtirish, shu jumladan eksport oldi kreditlari berish, eksport jarayonlarini sug‘urtalash hamda ushbu maqsadlarda davlat tomonidan eksport kredit agentliklarini tashkil etish va eksportni sug‘urtalash mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratadi.

Darhaqiqat, eksport qiluvchi firmalar eksport faoliyatlarini moliyalashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari, shuningdek eksport qilish jarayonlarida sug‘urtalash xizmatlariga murojaat qilish imkoniyatlarining paydo bo‘lishi ularning eksport bozoriga kirish bo‘yicha qarorlariga hamda eksport qilinadigan tovarlar va xizmatlar miqdoriga ta’sir ko‘rsatadi (Berman va Héricort (2010)).

Savdoni moliyalashtirish mexanizmlari yaxshi ishlaydigan davlatlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora kengayib borayotgan global qiymat zanjiriga (Global Value Chain (GVC)) qo‘shilish imkoniga ega bo‘ladi hamda bandlik va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qo‘shadi (Auboin va DiCaprio (2017)).

Aksincha, eksportni oldindan moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli eksportyorlar ishlab chiqarish uchun eng yuqori mavsumda yoki kutilmaganda buyurtma kelib tushganda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun etarli pul oqimi yo‘qligidan xavotirlanadi.

Savdo kreditlari olishdagi qiyinchiliklar tufayli narx va sifat jihatidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qila oladigan kichik firmalar faqat ichki bozorda savdo qilishga majbur bo‘ladi va raqobatdosh importga nisbatan “himoyasiz” bo‘lib qoladi (Hans-Peter Brunner (2015)).

Bundan tashqari, tashqi moliyalashtirish xarajatlarining yuqori bo‘lishi raqobatdosh firmalarning eksportiga to‘sqinlik qiladi (Manova (2012)). Global qiymat zanjirida (GVC) ishtirok etuvchi firmalar kredit olish imkoniyati cheklangan bo‘lsa, bu ularning GVCda yuqoriroq pog‘onalarga ko‘tarilish imkoniyatlarini cheklaydi (Manova va Zhihong (2012)).

Odatda eksport qiluvchilarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklarga uchrashi moliya va kapital bozorining yetarlicha rivojlanmaganligi, ushbu bozorlarda raqobatning nomukammalligi va ma’lumotlarning teng taqsimlanmaganligi bois bozor muvaffaqiyatsizligi (market failure) bilan izohlanadi. Bunday bozor muvaffaqiyatsizliklari davlat tomonidan moliya va kapital bozoriga oqilonalik bilan aralashuvga asos bo‘ladi.

Shuning uchun eksportga asoslangan iqtisodiy rivojlanish yo‘lidan borgan mamlakatlar eksport qiluvchi korxona va tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida eksport kredit va sug‘urta agentliklarini tashkil etishgan. Ushbu mamlakatlarda davlat aralashuvi ishlab chiqarish omillari narxlarini o‘zgartirib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirgan hamda iqtisodiyotning optimal ishlab chiqarish darajasigacha ko‘tarilishiga xizmat qilgan.

Ushbu maqolada eksportni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashda savdoni moliyalashtirish, xususan eksport oldi kreditlari va sug‘urta xizmatlarining roli borasida so‘z yuritiladi. Shu bilan birga, bozor muvaffaqiyatsizligi sababli eksport faoliyatini kreditlashdagi qiyinchiliklarni davlat tomonidan eksport kredit agentliklarining tashkil etilishi orqali bartaraf etish bo‘yicha jahon tajribasi haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, hozirgi kunda O‘zbekistonda eksportni moliyalashtirish amaliyoti hamda yangi tashkil etilayotgan Eksport-kredit agentligi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ishlash mexanizmlari tushuntiriladi.

Eksportni moliyalashtirish va eksport o‘sishi o‘rtasidagi bog‘liklikni o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar

Eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining eksport faoliyatiga ta’sirini o‘rganish, xususan eksport qiluvchilarning eksportni moliyalashtirish imkoniyatlari va ularning jahon bozoriga chiqishi o‘rtasidagi aloqadorlikni baholash bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan ba’zi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ko‘plab firma va korxonalar, ayniqsa kichik firmalar katta eksport salohiyatiga ega bo‘lsada, ammo ularning ba’zilarigina amalda eksport qilishni o‘z zimmalariga olganlar (Yeoh va Jeong (1995)). Bu esa bir qator omillar bilan birga firmalarning eksport mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur mablag‘larni topishda qiyinchiliklarga duch kelishi bilan izohlanadi.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2008 yilning ikkinchi yarmidan boshlab jahon savdosi kamayishining 85-90 foizi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz tufayli xalqaro bozorlarda talabni pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 10-15 foizi savdoni moliyalashtirish hajmining kamayishi hisobiga ro‘y bergan (Auboin (2009)).

Greenaway va boshqalar (2005) 1993-2003 yillar davomida Buyuk Britaniyaning 9352 ta ishlab chiqarish firmasi to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlardan foydalanib, moliyalashtirish bo‘yicha qiyinchiliklar firmalarning eksport bozorida ishtirok etish qarorlariga ta’sir ko‘rsatadimi degan savolga javob izlashdi. Tadqiqotchilar ishlab chiqarish va investitsiyalarni moliyalashtirishda “qo‘li kalta” firmalarning eksport qilish ehtimolligi kam degan xulosaga keldilar.

Tadqiqotchilar Kumarasamy va Singh (2018) tomonidan Jahon bankining Korxonalar so‘rovi (World Bank Enterprises Survey) ma’lumotlari asosida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish va bank-moliya tizimining rivojlanganlik darajasi firmalarning eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlariga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi. Ushbu tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, mamlakatlar moliya tizimining rivojlanishi hamda xususiy sektorning moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish darajasining oshishi (bank sektori qamrovining o‘sishi) poytaxt yoki yirik shaharlardan uzoqda joylashgan firmalarga eksport bozoriga osonlik bilan kirib borish imkonini beradi. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar firmalarning eksportini rag‘batlantiruvchi va uzoqda joylashgan firmalarning moliyaviy resurslarga kirishini osonlashtirishga qaratilgan siyosat olib borilishini qo‘llab-quvvatladilar.

Xalqaro tajriba

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) davlatlarining bozor muvaffaqiyatsizliklarini bartaraf etish bo‘yicha tajribalariga nazar soladigan bo‘lsak, mazkur mamlakatlar eksport qiluvchi kompaniyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususan eksport oldi kreditlari berish, xorijiy bozorlarni topish, transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati masalalarida ko‘maklashish, xalqaro tovarlar ko‘rgazmalari hamda savdo yarmarkalarini tashkillashtirishga yordam ko‘rsatish maqsadida eksport-kredit agentliklarini tashkil etishgan.

Masalan, Kanadaning eksport kredit agentligi – Export Development Canada (EDC) 1944 yildan beri kanadalik eksportyorlar va investorlarga 200ga yaqin xalqaro bozorlarda bizneslarini kengaytirishga yordam berib kelmoqda. EDCning mahsulot va xizmatlari xaridor davlatdagi tijoriy va siyosiy xavflarni sug‘urtalash, Kanada kompaniyalari va ularning mijozlari uchun moliyalashtirish xizmatlari, obligatsiya yechimlari hamda xalqaro bozorlardagi imkoniyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

2018 yilda EDC tomonidan eksportyorga ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar hajmi 27,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. EDC o‘zi eksport qiluvchilarga kreditlar berish bilan birga tijorat banklarini ham Kanada eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘proq kredit berishga rag‘batlantirish uchun bank kreditlarini kafolatlaydi.

Shuningdek, EDC Kanadaning dunyoning yirik iqtisodiyotlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Masalan, mazkur agentlik 2018 yilda Xitoyga eksport qiladigan yoki investitsiya kiritadigan 1000 ta Kanada kompaniyasining 600 dan ortig‘ini har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.

AQSh rasmiy eksport kredit agentligi AQSh Eksport-import banki (Ex-Im Bank) 1934 yilda tashkil etilgan. Ex-Im Bankning asosiy vazifasi AQShda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni xalqaro xaridorlarga sotishni moliyalashtirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va saqlab qolishdir.

AQSh eksportini qabul qiluvchi davlatlardagi siyosiy yoki tijoriy risklar sababli xususiy tijorat institutlari eksport qiluvchi tashkilotlarga kredit bera olmagan yoki kredit berishni istamagan sharoitda, Ex-Im Bank eksport operatsiyalarini moliyalashtirish yoki sug‘urta qilish (kredit kafolatlari, sug‘urta qoplamasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish yoki aylanma mablag‘larni kafolatlash ko‘rinishida) choralarini ko‘radi. Bu alohida bir kompaniya uchun xalqaro bozorlarda savdo qilish xavfini kamaytiradi va bu bilan AQSh eksportini rivojlantirishga yordam beradi.

Germaniyada 2008 yil 1 yanvardan boshlab KfW IPEX-Bank Germaniya Federativ Respublikasi va KfW nomidan ERP eksportni moliyalashtirish dasturini (The ERP Export Financing Programme) boshqarib keladi.

ERP eksportni moliyalashtirish dasturi rivojlanayotgan mamlakatlarga Germaniya eksportini kreditlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu dastur doirasida Germaniyaning ishonchli banklari xorijiy xaridorlarga va xaridor mamlakatdagi banklarga OECD tomonidan belgilangan minimal foiz stavkasida (CIRR - Commercial Interest Reference Rate) kreditlar berishi mumkin.

Xorijiy xaridor odatda Germaniyaning yuqori qo‘shilgan qiymatli tovar va xizmatlarini sotib olish uchun qarz kapitaliga ehtiyoj sezganligi sababli KfW IPEX-Bank tomonidan berilgan kreditlar nemis eksportyorlari uchun o‘z mahsulotlarini sotishni osonlashtiradi.

Shuningdek, rivojlangan davlatlarning o‘z eksportlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tajribasini ularning eksport kredit agentliklarining xaridor kreditlari O‘zbekiston bozoriga ham kirib kelganligida ko‘rish mumkin. Xususan, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor davlatlarida (Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya) eksport kredit agentliklari hisoblangan banklar o‘z davlatlarida ishlab chiqarilgan tovar, asbob-uskuna va xizmatlarni O‘zbekistonga eksportini moliyalashtirish uchun kreditlar taqdim etib kelmoqda.

Masalan, Koreya Eksimbanki mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillariga Koreyada ishlab chiqarilgan tovar, texnika-texnologiya va xizmatlarni sotib olishni (shartnoma qiymatining 85 foizgacha) moliyalashtirish uchun xorijiy kredit liniyalarini taklif etib kelmoqda. Shuningdek, Germaniyaning Landesbank Baden Vurtemberg, Kommerzbank AG, AKA moliya tashkilotlari, Turkiya Eksimbanki, Xitoyning Xitoy davlat taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatimizda xuddi shunday kredit turlarini taqdim etmoqda.

O‘zbekistonning ikkinchi eng yirik savdo hamkori Rossiya Federatsiyasida “Rossiya Eksport Markazi” OAJ xom-ashyo bo‘lmagan mahsulotlarni eksport qiluvchilarga keng ko‘lamli moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat instituti hisoblanadi. Eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarga kompleks xizmatlarni taqdim etish uchun resurslarni optimallashtirish va samarali biznes jarayonlarini yaratish maqsadida Rossiyaning eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi (("EXIAR" OAJ) hamda "ROSEKSIMBANK" OAJ “Rossiya Eksport Markazi” guruhiga birlashtirilgan.

2019 yildan “Rossiya Eksport Markazi” o‘z guruhiga kiruvchi "ROSEKSIMBANK" OAJ orqali davlat tomonidan eksportni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi – eksport kreditlarini subsidiyalashni boshladi. "ROSEKSIMBANK" OAJ tomonidan moliyalashtirilgan birinchi mijoz Rossiyaning dunyodagi 30 dan ortiq mamlakatlarga o‘z mahsulotlarini yetkazib beradigan eng yirik avtomobil kompaniyasi “AvtoVAZ” OAJ bo‘ldi. “Rossiya Eksport Markazi” tomonidan eksport kreditlari bo‘yicha foiz stavkalarini subsiyadiyalanishi “AvtoVAZ” OAJga eksportni moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirib, xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga imkon bermoqda.

Buning natijasida “AvtoVAZ” OAJning 2019 yildagi eksport savdosi qariyb 50 mingta avtomobilga yetdi, bu esa 2018 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 23 foizga ko‘proqdir. Eng yirik eksport bozorlari Belarusiya (16 ming), Qozog‘iston (15 ming) va O‘zbekiston (6,6 ming) bo‘ldi. O‘zbekistonda Lada rusumidagi avtomobillar savdosi 2018 yilga (2,6 mingta) nisbatan 2,5 barobar oshdi.

O‘zbekistonda eksport faoliyatini moliyalashtirish

O‘zbekistonda ham 2020 yil va undan keyingi 5 yillikda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi xalqaro bozorlarga chiqish va eksport hajmini ko‘paytirish mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish 2025 yilga borib Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmini 100 mlrd. AQSh dollariga yetkazishga katta hissa qo‘shadi.

Shuning uchun, yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar singari O‘zbekistonda ham eksport hajmini oshirishda eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda eksport qiluvchi kompaniyalarning eksport faoliyatlarini moliyalashtirishning yagona manbai bank kreditlari bo‘lib qolmoqda. Tijorat banklari tomonidan savdo kreditlari bilan bir qatorda aylanma mablag‘larini to‘ldirish (xom-ashyo va materiallar, butlovchi qismlar va eksport faoliyati bilan bog‘liq shu kabi xaridlarni moliyalashtirish) uchun qisqa va uzoq muddatli kreditlar va kredit liniyalari taklif etilmoqda.

Masalan, 2018 yildan boshlab “O‘zsanoatqurilishbank” va Tojikistonning “Oriyon” banklari tomonidan O‘zbekistondan Tojikistonga tovarlar va xizmatlar eksporti bilan bog‘liq bitimlarni moliyalashtirish uchun kreditlar taqdim etib kelinmoqda.

Shunga qaramasdan, tijorat banklarida moliyaviy resurs bazasining yetishmasligi tashqi savdoni kreditlash imkoniyatlarini cheklamoqda. Shuning uchun, moliyaviy to‘siqlarning mamlakatimiz eksport salohiyatiga ta’sirini yumshatish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlaridan moliyaviy mablag‘lar jalb qilinmoqda. Xususan, 2019 yilning so‘nggi choragida paxta xom ashyosini yetishtirish xarajatlarini va yakuniy hisob-kitoblarni moliyalashtirish uchun Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasining 100 mln. AQSh dollarigacha miqdordagi kreditlari jalb qilindi.[1]

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Savdoga ko‘maklashish dasturi doirasida 20 mln. AQSh dollari qiymatidagi kredit liniyasi orqali O‘zbekistondagi eksportyor va importyorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalq banki tomonidan O‘zbekistonda savdo hajmini kengaytirish hamda moliyalashtirish maqsadida Polshaning «Gospodarstwa Krajowego banki»dan 20 million yevro miqdorida va O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma banki «Aziya-Invest Bank» aksiyadorlik tijorat bankidan 4 mln. AQSh dollari miqdorida kredit olindi.

Shunday bo‘lsada, tijorat banklarida savdo kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari va garov ta’minoti miqdorining yuqoriligi hamda kredit shartlarining murakkablikligi sababli ko‘plab eksport qiluvchi korxona va tashkilotlar uchun eksport faoliyatlarini moliyalashtirishda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda.

Jahon banki tomonidan 2019 yil fevral-sentyabr oylarida O‘zbekistondagi 1239 ta korxona va firmalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, firmalarning faqatgina 22,2 foizida bank krediti/kredit liniyalari mavjud. Mazkur firmalarning 23,7 foizi aylanma mablag‘larini moliyalashtirishda bank kreditlaridan foydalanadi. Kredit olish uchun zarur bo‘lgan garov qiymati kredit summasining 166,1 foizini tashkil etadi.[2]

Mazkur omillarni hisobga olib joriy yilda mamlakatimizda eksportyorlarga kafillik beradigan va eksport faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish vazifalarini bajaruvchi – Eksport-kredit agentligi tashkil etiladi. Ya’ni, mamlakatimizda eksportyorlar uchun bank kreditlaridan tashqari eksportni moliyalashtirishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, 2020 yil boshida eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasining faoliyati yanada takomillashtirildi.[3] 2019 yilda tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan eksport oldi kreditlari bo‘yicha davlat tomonidan kafillik berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.[4]

Yangi tashkil etiladigan Eksport-kredit agentligi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish turlaridan biri – eksport qilinadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish (eksportyorlarga eksport oldi kreditlar berish) bo‘ladi. Mazkur agentlik tomonidan eksportni oldindan moliyalashtirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):

  • 1) eksportyor xalqaro bozorda biznes rejalarini amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarish texnika-texnologiyalari va asbob-uskunalarini sotib olish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish, chet ellarda filiallar ochish yoki ularni kengaytirish uchun eksport oldi kreditlari olish bo‘yicha shartnoma tuzadi; eksportyorga “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi va (yoki) Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik beriladi;
  • 2) Eksport-kredit agentligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash eksport qiluvchi tashkilot uchun to‘g‘ri tanlov ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng eksport oldi kreditlari ajratadi;
  • 3) olingan kreditlar eksportyorga ko‘proq eksport shartnomalarini qabul qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash imkonini beradi va ushbu bosqichda, tovar va xizmatlar xaridorlarga yetkazib beriladi;
  • 4) xaridorlar belgilangan muddatlarda shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni inkassa hisobvarag‘iga o‘tkazadi;
  • 5) Eksport-kredit agentligi taqdim etilgan qarz va ular bo‘yicha foiz to‘lovlarini yig‘ib olgandan so‘ng, qolgan mablag‘larni eksportyor kompaniyaga o‘tkazadi.

Shuningdek, Eksport-kredit agentligi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib olishni xohlovchi xalqaro kompaniyalarga kreditlar berish orqali eksportyorlarni bilvosita qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday vaziyatda,

  • 1) Eksport-kredit agentligi xorijiy banklar va boshqa moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Dastlabki bosqichda eksportyor eksport shartnomasini va xorijiy mijoz to‘g‘risida kredit ma’lumotlarini taqdim etadi va Eksport-kredit agentligi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
  • 2) Tekshiruv ma’qullangandan so‘ng, Eksport-kredit agentligi xaridorga kredit shartnomasini beradi va eksport qiluvchini ogohlantiradi;
  • 3) Eksportyorga to‘lov odatda Eksport-kredit agentligi xaridor tomonidan tasdiqlangan hisob-fakturani olgandan so‘ng amalga oshiriladi va agentlik xaridordan to‘lovlarni yig‘ish va qarzni boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.

Bundan tashqari, eksport qiluvchi kompaniyalar tijorat banklaridan eksport oldi kreditlar olishlari mumkin. Bunda, mazkur kreditlar va eksport jarayonlari “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi yoki Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan sug‘urtalanadi. Shuningdek, Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi eksportni moliyalashtirish, shu jumladan tashish xarajatlarining ma’lum bir qismi qoplashi mumkin.

Xulosa

Har bir davlatning eksport salohiyatini oshirishda eksport tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni moliyalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, O‘zbekistonda eksportbop tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, xususan eksport oldi kreditlari berish hamda eksport faoliyatini sug‘urtalash maqsadida moliya va kapital bozorlarini yanada rivojlantirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanadi. Shuningdek, eksport faoliyatini moliyalashtirishda ba’zida bozor mexanizmining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligini hisobga olib davlat tomonidan Eksport kredit agentligi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tuzilishi eksportni rag‘batlantirishga hamda eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi

huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

yetakchi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov

Foydalanilgan adabiyotlar:

[1] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 04 oktyabrdagi 845-sonli “Savdoni moliyalashtirish xalqaro islom korporatsiyasi mablag‘laridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori.

[2] https://www.enterprisesurveys.org/en/data/exploreeconomies/2019/uzbekistan?deliveryName=DM50663#1.

[3] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 46-sonli ““O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.

[4] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi PQ-4337-sonli “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar