YeOII bilan inetegratsiyalashuv jarayonlari parlament e’tiborida

YeOII bilan inetegratsiyalashuv jarayonlari parlament e’tiborida

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning qamrovi va dinamikasi mamlakat iqtisodiyotini jahondagi integratsiyalashgan tizimlar bilan samarali aloqalar o‘rnatishni talab etmoqda. Ayniqsa, qo‘shni va geografik jihatdan yaqin mamlakatlar, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni hududiy uyushmalar shaklida samarali rivojlantirayotgan mamlakatlar bilan uzviy aloqalarni o‘rnatish mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish, tannarxini pasaytirish, iqtisodiyotimizga yangi texnologiyalarni olib kelish, transport-tranzit salohiyatimizni yanada kengaytirish, yangi eksport bozorlarini topishimizda muhim ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 24 yanvarda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi masalasiga jiddiy e’tibor berib, ushbu integratsiyalashuv jarayoni Oliy Majlis palatalari tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqilishi, parlament xalq vakillari sifatida xalq manfaatlari va ularning xohish-irodasini hisobga olgan holda, xulosa chiqarishlari lozimligini ta’kidlagan edi.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qo‘mitalari va partiya fraksiyalari tomonidan YeOII bilan hamkorlik qilishga oid tahliliy va baholash ishlari boshlab yuborildi. Eng avvalo, ushbu masala Qonunchilik palatasining kengashida atroflicha muhokama qilindi, YeOII bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruhi tuzildi va palata tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi aniqlab olindi.

Mazkur masala parlament quyi palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining ham diqqat markazida turibdi. Qo‘mita a’zolari tomonidan ayni paytda YeOII bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, byudjet, bank-moliya sohasi va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash mexanizmlariga oid yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar batafsil o‘rganib chiqilyapti.

Bundan tashqari, YeOII bilan hamkorlikning chuqurlashish darajasini hisobga olgan holda, iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, shu jumladan, tashqi raqobatdan nisbatan himoyalangan sanoat tarmoqlarining o‘rta va uzoq muddatda rivojlanish ssenariylari hamda ularning oqibatlarini baholashga oid hukumat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan tahlillar natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va qo‘mitalarga so‘rovnomalar shakllantirilmoqda.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti va YeOIIga integratsiyalashuv jarayonlarida o‘zaro bog‘liqlik mavjudligini hisobga olgan holda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotimizga ta’siri kompleks o‘rganishni talab etadi. Shu tufayli ham Qonunchilik palatasida, partiyalar fraksiyalari va qo‘mitalarda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bu borada amalga oshirilgan zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida, tegishli tahliliy materiallar va xulosalar bilan tanishishga bo‘lgan qiziqish katta. Yuqoridagilarni inobatga olib, qo‘mitamizning ishchi yig‘ilishida Investitsiya va tashqi savdo vazirligi mutasaddilarini videokonferens aloqa tarzida ishtirok etishini ta’minlab, qo‘mita a’zolari va partiya fraksiyalarini qiziqtirgan savollarga javob olishni rejalashtirganmiz.

Qo‘mitamiz belgilagan ish rejasiga ko‘ra, deputatlar tomonidan YeOIIga a’zo bo‘lishning foydali jihatlari, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar va xavf-xatarlar ham alohida o‘rganilishi belgilangan. Avvalambor, shuni hisobga olishimiz kerakki, YeOII biz uchun katta bozor va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi. Tadbirkorlarimizning mahsulotlariga YeOII tomonidan qo‘yiladigan texnikaviy, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya standartlari va normalarini qo‘llashda muayyan erkinlik hamda yengilliklarga ega bo‘lishimiz mumkin. Shu o‘rinda iqtisodiy hamkorlikning ushbu jihatlarini ham e’tiborga olgan holda, yuqorida aytib o‘tilgan soha vakillarini ham xulosalarini olish rejalashtirilgan.

Masalaning yana bir muhim jihati shundaki, O‘zbekistonning mintaqaviy tuzilmalar bilan integratsiyalashuvi Yevroosiyo mintaqasidagi davlatlar bilan ikki tomonlama emas, balki institutlashgan holda, tegishli huquqiy me’yorlar orqali aloqalarni o‘rnatishni talab etadi. Hamkorlikni tartibga solish mexanizmlari qanchalik teng huquqlilik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlasa, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolar va har xil muammolar tez va adolatli hal etiladi.

Qayd etish joizki, YeOII ta’sis hujjatlari nizomlari va boshqa me’yoriy hujjatlari Hukumat tomonidan deputatlarga taqdim etildi, ularni chuqur o‘rganib chiqish muayyan vaqtni talab etadi. Shu tufayli ham YeOIIga a’zo mamlakatlarning tashqi bojxona siyosatini muvofiqlashtirish, a’zo davlatlar uchinchi mamlakatlar yoki shunday ittifoqlar bilan erkin bitimlar tuzish, YeOII umumiy energiya bozori, umumiy aksiz mahsulotlari bozori (alkogol va tamaki), umumiy auditorlik xizmatlari bozori, umumiy pul birligi bozori kabi muhim hujjatlar huquqiy jihatdan chuqur o‘rganila boshlandi.

Ushbu o‘rganish jarayonlarida YeOIIga integratsiyalashuvning davlat institutlarining roli, samaradorligi va ish sifatiga ta’siri, proteksionistik tariflarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga uchinchi mamlakatlardan zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirishga to‘siqinlik qilishi mumkinligi, a’zo davlatlar tashqi savdo siyosatini dunyoda yuzaga kelgan holatdan chiqib, mustaqil, tez muvofiqlashtirish imkoniyatlari, a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuzaga keladigan raqobatni buzish holatlari bo‘yicha nizolarni bartaraf etish qobiliyati, YeOII sudining xususiy biznes manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari kabi yana bir qancha muhim masalalarga ham e’tibor qaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, parlament tomonidan ushbu o‘rganishlar O‘zbekiston YeOIIga qanday shaklda a’zo bo‘lib kirishi maqsadga muvofiq ekanini ko‘rsatib beradi. YeOII bilan hamkorlikning ma’lum bir shaklini (to‘laqonli a’zo, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lish yoki YeOII+1) tanlab, uni amalga oshirish muayyan bir muddatni talab etadi. Shuni e’tiborga olgan holda, avvalo, O‘zbekistonning integratsiyalashuv tuzilmalariga a’zo bo‘lishi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi barqarorlik,

bozorimizdagi narx-navo va sanoatimizga qanday ta’sir qilishiga oid tasavvurlarni shakllantirib olish juda muhim masala.

O‘zbekistonning YeOII bilan integratsiyalashuv jarayoni tashqi savdo va investitsiya siyosatimizda katta o‘zgarishlarga olib kelishini nazarda tutgan holda, deputatlarimiz YeOII bilan integratsiyalashuvning ijobiy va salbiy tomonlariga yetarlicha to‘g‘ri baho bera oladi, deb o‘ylayman. Ma’lumot uchun aytmoqchimanki, bu borada fraksiyalar va qo‘mitalarda ushbu mavzuga oid bahs-munozaralar boshlab yuborilgan. Bu esa, O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida yaqin kelajakda tanlab oladigan rivojlanish vektorini tezroq aniqlab olish imkonini beradi.

Sharofiddin NAZAROV,

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar