YeOIIga a’zo bo‘lishning foyda va zararlari: Qozog‘iston, Belarus va Rossiya misolida

YeOIIga a’zo bo‘lishning foyda va zararlari: Qozog‘iston, Belarus va Rossiya misolida

Jahon banki tomonidan 2011 yilda amalga oshirilgan tadqiqot Bojxona ittifoqiga (BI) a’zo bo‘lish, mamlakatlar iqtisodiyotiga qanday ta’sir etishini baholaydi. Xususan, tadqiqot “hisoblanadigan umumiy muvozanat modeli”dan foydalangan holda Qozog‘iston, Belarus va Rossiya Federatsiyasining BIga a’zo bo‘lish ularning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hamda sanoat yalpi ishlab chiqarishiga ta’sirini o‘rganadi.

Ma’lumot uchun, 2010 yilda Belarus, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi ish boshladi. BI shartnomasiga ko‘ra, Ittifoq hududida sotiladigan tovarlarga bojxona to‘lovlari bekor qilindi va uchinchi davlatlar uchun yagona tashqi tarif joriy etildi. 2012 yildan boshlab a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiya Yevrosiyo Iqtisodiy Makoni (YeOIM) nomi ostida davom etib, YeOIM insonlar, tovarlar, xizmatlar va kapitalning erkin xarakatini ta’minlashni nazarda tutgan. 2015 yilning 1 yanvarida Bojxona Ittifoqi va Yevrosiyo Iqtisodiy Makoni tugatilib Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) sifatida qayta tashkil qilindi va shu yilning yanvarida Armaniston, avgustida esa Qirg‘iziston Ittifoqqa a’zo sifatida qabul qilindi.

Natijalarning ishonchli ekanligini ta’minlash maqsadida, tadqiqot Ittifoqqa kirishdan kutilayotgan foyda va zararlarni 3 ssenariyda baholaydi:

  • Dastlabki ssenariy energetika sohasidan boshqa barcha sohalarda uchinchi davlatlar uchun yagona tarif setkasi joriy etishni nazarda tutadi;
  • Ikkinchi ssenariyda dastlabki ssenariyga qo‘shimcha ravishda a’zo davlatlar o‘rtasida energetika sohasidagi tariflar qisman uyg‘unlashtiriladi. Xususan, BIga a’zo mamlakatlar tomonidan yarim-tayyor neft mahsulotlari teng miqdorda sotiladi. Ammo, qayta ishlangan neft mahsulotlarining realizatsiyasi mamlakatlarning ichki bojxona siyosati asosida amalga oshiriladi;
  • Uchinchi ssenariyda dastlabki ssenariyga qo‘shimcha tarzda energetika sohasida ham yagona tarif setkasi va bojxona siyosati joriy etiladi.

Dastlabki ssenariy hisob-kitob natijalariga ko‘ra, Belarus va Rossiyada YaIM hajmi kamaygan bo‘lib, Qozog‘istonda esa bu ko‘rsatkichda o‘zgarish kuzatilmagan.

Sanoat tarmoqlarida katta o‘zgarishlar ro‘y bermagan. Kutilganidek, Qozog‘iston va Belarus respublikalarining tekstil tarmog‘ida o‘sish kuzatilgan bo‘lib, qo‘shimchasiga Belarusning og‘ir sanoati sohasida ham ishlab chiqarish hajmi ko‘paygan. Natijada, Qozog‘iston va Rossiyaning mos tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi 11,4% ga kamaygan. Qozog‘istonning Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lishi uning haqiqatdan ham Ittifoqdagi sheriklari bilan savdosining kengayishiga olib kelgan bo‘lsada, bu kengayish asosan importning o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan.

Energetika sohasida tarif setkasining qisman uyg‘unlashuvi ssenariysi natijalariga ko‘ra, ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yomonlashgan. Belarus iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega yarim tayyor neft mahsulotlarini ishlab chiqarish 211%ga ortgan bo‘lsada, boshqa barcha sohalarda ishlab chiqarish hajmi pasayishi kuzatilgan, natijada yalpi ichki mahsulot 6%ga kamaygan. Buning asosiy sababi sifatida boshqa sanoat tarmoqlaridan ishlab chiqarish omillarining energetika sohasiga ko‘chishi ko‘rsatilgan.

Rossiya va Qozog‘istonda yengil sanoatning (xususan, tekstil tarmoqlari) jadallashishi hisobiga Belarusning mos tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmi kamaygan.

Barcha sohalarda yagona tarif setkasini joriy etish ssenariysiga muvofiq ko‘rsatkichlar BI a’zolari uchun salbiyligicha qolgan. Belarus boshqa mamlakatlar orasida YaIM qiymati bo‘yicha eng katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘lsada, YaIM hajmidagi yo‘qotishlar 2-ssenariyga nisbatan 2 marta kamaygan. Bunga resurslar taqsimlanishining optimallashuvi sabab bo‘lgan. Ular qiyosiy yoki mutloq ustunlikka ega tarmoqlarga ko‘chib, natijada BIga a’zo bo‘lishning salbiy oqibatlarini qisqartirgan.

Bu ssenariyda ham Qozog‘istonning tekstil tarmog‘ida jadallashuv yuz berdi hamda sohada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,6%ga oshdi. Hisoblarga ko‘ra, quyidagi tarmoqlar BIga a’zo barcha mamlakatlar misolida birdek o‘sishga erishgan (win-win case): 1 ssenariyda moliyaviy hizmatlar, 2 ssenariyda yoqilg‘i va transport hizmatlari hamda 3 ssenariyda go‘sht mahsulotlari, kommunal va transport hizmatlari sohalari barcha a’zo davlatlar misolida jadallashgan.

O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xulosalar:

  1. O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Tadqiqot natijalari barcha ssenariylarda a’zo davlatlar kesimida ishlab chiqarish omillari boshqa sohalarga ko‘chishi natijasida oziq-ovqat va poliz mahsulotlarini yetishtirish hajmi kamayganini ko‘rsatadi. Mos ravishda, ushbu davlatlarda meva-sabzavot, poliz ekinlari va boshqa mahsulotlar importiga talab ortib bormoqda. Bunga YeOII mamlakatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sof importchisi bo‘lib qolayotganligi asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlari eksporti potensiali $5 mlrd baholansada, turli sabablarga ko‘ra, 2018 yilda mavjud potensialning faqatgina 20%iga teng (992,7 mln dollar) miqdordagi mahsulotlar eksport qilingan. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportida O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari Rossiya (eksportda ulushi 50%dan oshiq) va Qozog‘iston (eksportda ulushi 23% atrofida) hisoblanadi.

YeOII mamlakatlari bozorlarida O‘zbekiston meva sabzavotlari sifat va narx jihatidan raqobatbardosh ekanligini sababli YeOIIga a’zo bo‘lish mazkur tarmoqning eksport salohiyatidan to‘liq foydalanishga imkon beradi. Zero, YeOIIga a’zolik bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarining osonlashishi va transport harajatlarining tushishiga olib keladi. Natijada, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining raqobatbardoshliligi yanada oshib, eksport qiluvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.

  1. Yengil sanoat maxsulotlari, hususan to‘qimachilik, charm-poyafzal va tikuvchilik mahsulotlari eksportining oshishiga olib kelish ehtimoli mavjud. Tadqiqot natijalariga ko‘ra BIga a’zo bo‘lish, barcha ssenariylarda, yengil sanoat tarmog‘ining (jumladan, tekstil sohasining) jadallashuviga hamda ishlab chiqarish hajmining oshishiga olib keladi.

O‘zbekiston YeOII davlatlariga nisbatan arzon ishchi kuchi hamda yetarli xom-ashyo bazasiga ega ekanligi uning qiyosiy ustunligi hisoblanadi. Bu esa yengil sanoat mahsulotlari tannarxida o‘z aksini topgan. Misol uchun, bir juft charm-poyafzal mahsulotining tannarxi O‘zbekistonda o‘rtacha $9-10, Qirg‘izistonda $15-17, Qozog‘istonda $22-24, Rossiyada esa $37-40 ni tashkil etadi.

Bundan tashqari, tarmoqning eksport salohiyati quyidagilar hisobiga 2 martaga oshirish imkoniyati mavjud:

  1. Tranzit harajatlarini kamaytirish va tovarlarni Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilishni soddalashtirish;
  2. 2018 yilda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish O‘zbekiston charm-poyafzal sanoatida o‘rtacha 76.2%ni, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda 73%, kiyim-kechak tarmog‘ida esa 66.7%ni tashkil etganligini hisobga olib O‘zbekiston charm-poyafzal, to‘qimachilik va kiyim-kechak mahsulotlarining foydalanilmayotgan eksport salohiyatini mavjud ishlab chiqarish quvvatlarining maksimal yuklanishi hisobiga YeOII bozorlariga yo‘naltirish.

Jahon Banki materiali asosida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Xasan Majidov tayyorladi.

An Initial Estimation of the Economic Effects of the Creation of the EurAsEC Customs Union on Its Members. Poverty Reduction And Economic Management Network (Prem) #47

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar