YeTTB koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini pasaytirish borasida O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi

YeTTB koronavirus pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini pasaytirish borasida O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti S.Chakrabarti bilan koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’sirini yumshatish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni videokonferensiya shaklida muhokama qildi.

S.Chakrabarti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida aholini pandemiyadan himoya qilish va uning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilganini e’tirof etdi.

Muloqotda bank prezidenti virus tarqalishiga qarshi kurash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi. YeTTB tomonidan moliyalashtirish mobilizatsiya qilish yo‘li orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Konferensiyada S.Chakrabarti O‘zbekiston so‘roviga javoban, ko‘maklashishning birinchi bosqichida YeTTB tomonidan shakllantirilgan Birdamlik paketi (Paketning umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollari miqdorida) hisobidan O‘zbekistonning 4 ta tijorat banklariga umumiy qiymati 220 million AQSh dollariga teng kredit va savdoni moliyalashtirish liniyalari taqdim etilishini ma’lum qildi. Ushbu mablag‘lar kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, muloqotda karantin sharoitida aholi va korxonalarning kommunal to‘lovlarni to‘lash qobiliyati va imkoniyati pasaygani oqibatida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan hududiy kommunal korxonalarning aylanma kapitalini qo‘llab-quvvatlash maqsadida YeTTB mablag‘larini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar