Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi: Belorussiya va Rossiya munosabatlari

Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi: Belorussiya va Rossiya munosabatlari

Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, Belorussiyada YaIMning o‘sishi 2016 yildan so‘ng 60 mlrd. AQSh dollaridan 63 mlrd. AQSh dollarigacha oshgan, bu esa XVF ma’lumotlariga asosan aytganda, 2019 yildagi YaIMning prognoz o‘sishi 1,5 foizni tashkil etishini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, iqtisodiyotning asosiy sanoat tarmoqlari bo‘lib metallurgiya sanoati, mashinasozlik, metalni qayta ishlash, neft va kimyo, oziq-ovqat sanoati hisoblanadi. Shuningdek, savdo balansidagi qoldiq salbiy bo‘lib, import hajmi eksport hajmidan ortiq hisoblanadi.

Belorussiyaning asosiy savdo hamkorlari sifatida YeOII mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqalar hisoblanadi. Oxirgi o‘n yillikda Rossiya bilan savdo munosabatlari sezilarli darajada mustahkamlandi. Umuman olganda, Belorussiya Vazirlar kengashining 2017 yil 12 yanvardagi qaroriga ko‘ra eksport tarkibini diversifikatsiya qilish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, YeOIIning ulushi – 36,6 foiz, Yevropa Ittifoqining ulushi 31,8 foiz va boshqa mamlakatlarning ulushi 31,6 foizni tashkil etadi. Ushbu qarorning ijrosi natijasida YeOIIning ulushi 2019 yil yanvar-may oylarida 40 foiz atrofida bo‘lganligini qayd etish lozim, shundan Belorussiya eksportining 93,8 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelganligi e’tiborli holatdir. Shuningdek, 2019 yilning yanvar-mart oylarida Belorussiyaning importida YeOII ulushi 62 foizni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 99 foizi Rossiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, Rossiyaning Belorussiya importidagi ulushi 60 foiz atrofida bo‘lmoqda. Asosiy savdo sheriklari sifatida Xitoy, Ukraina, Buyuk Britaniya va Germaniya kabilarni keltirish mumkin.

Ta’kidlash lozimki, Belorussiya savdo hamkorlari orasida Rossiya sezilarli o‘ringa ega bo‘lmoqda. Shu boisdan, Rossiya bilan hamkorlikdan uzoqlashish iqtisodiy mazmunga ega emas. Aksincha, Belorussiya Prezidenti Lukashenkoning integratsiyaning salbiy jihatlari haqidagi bayonotlari boshqa maqsadlarni ko‘zlaganligi ko‘rinib turibdi.

Ammo, ta’kidlaganimizdek, ayrim ommaviy axborot vositalari Lukashenkoning so‘zlaridan mas’uliyatsizlarcha, boshqa ma’no chiqarishga urinishmoqda. Masalan, “mahsulotlarimiz uchun bozorlarni yopib qo‘yishsa, bu qanday yagona iqtisodiy makon?” degan so‘zlari keltirilganu, lekin Rossiya sanksiya qo‘ygan davlatlarning mahsulotlarini reeksport qilishga urinilganligi haqida lom-mim deyilmagan?!

Shuningdek, Lukashenkoning “Belorus Rossiya bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor, ammo teng huquqlarda. Va Belorus manfaatlariga zarar yetkazadigan hech qanday hujjatni imzolamaydi” degan so‘zlariga tushuntirish berilmagan, ya’ni u YeOIIga integratsiyani mutlaqo salbiy, deb baholayotgani yo‘q-ku!? Bundan tashqari, uning “yodda tuting! Men 3−4−5 yil prezident bo‘lib ishlagan yigitcha emasman. Menga yetarlicha bo‘ldi. Va men sizlar bilan, xalq bilan amalga oshirilgan hamma narsani o‘chirib tashlamoqchi emasman – mustaqil davlatni qutiga solib tashlab yuborish yoki kimgadir berish uchun tashkil etdimmi?” degan so‘zlarining YeOII ittifoqiga mutlaqo aloqasi yo‘q, chunki hattoki mutaxassis bo‘lmagan odamga ham ko‘rinib turganidek, u bu so‘zlari bilan muholifatning “prezident YeOIIga kirish bilan mamlakat mustaqilligini ham berib yubormoqchi”, degan g‘iybat gaplariga zarba urmoqchi bo‘layapti, xolos.

Ustiga ustak, bizning OAV vakillarining ayrimlari yana o‘zlariga o‘zlari qarshi chiqib, Belorus “ekspertlar guruhlari... darajasida kelishilgan integratsiya bo‘yicha hujjatlar va yo‘l xaritalari ustida ishlamoqda”, deb ta’kidlamoqdalar.

Biz OAVlarining yuqorida keltirilgan qarashlarini ularning noxolisligi sifatida baholaymiz, ya’ni ular mamlakatimizning YeOIIga kirishiga qarshilik ko‘rsatayotganlarning tegirmoniga suv quymoqdalar!

Shuningdek, 2019 yil 7 dekabr kuni Rossiya va Belorussiya rahbarlari Sochida 5,5 soatlik uchrashuvida ham integratsion jarayonlarni rivojlantirish borasida qator masalalarni muhokama qilganliklarini qayd etish lozim.

Joriy yilning 5 dekabrida Rossiya hukumati rahbari D.Medvedev tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori ahamiyatga ega ekanligini, integratsiya juda yuqori darajadaligini ta’kidlab, emotsional jarayonlar bunga ta’sir etmasligini aytib o‘tdi.

2019 yil 5 dekabrda kun.uz saytida Belorussiya Sotsiologiya instituti aprel oyida o‘zi o‘tkazgan tadqiqot natijalarini keltirdi. Unga ko‘ra: “mamlakat fuqarolarining 49,9 foizi Belorus mustaqil davlat bo‘lishi va Rossiya bilan munosabatlarni xalqaro shartnomalar asosida qurishi kerak”, deb hisoblaydi. Belorusning Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi tarafdorlari 2019 yilda atigi 7,7 foizni tashkil etgan.

Belorusning butkul mustaqilligini istovchi fuqarolar soni 2003 yildan buyon 14,9 foizga oshgan, Rossiya bilan teng huquqli ittifoq tarafdorlari esa, 13,3 foizga kamaygan, deb qayd etmoqda Belorus rasmiy sotsiologlari. Shu bilan birga, ularning ta’kidlashicha, beloruslar Rossiyani eng yaqin do‘st mamlakat (60,5 foiz) va tashqi siyosatdagi eng muhim yo‘nalish (47,6 foiz) deb bilishadi”.

Xulosa qilib aytish mumkinki, hissiyotga berilgan bayonotlarda Belorussiya ittifoqdan alohida ishlashni hohlasada, tashqi savdo bo‘yicha statistika va aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur masalaga atroflicha tahlillarga asoslanib yondashish dolzarb hisoblanadi.

Xulosa shuki, agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lsa, bu jarayon iqtisodiyotimizga hamda hayotimizga katta ijobiy o‘zgarishlar olib kelishi shubhasizdir. Shu sababli, ushbu o‘zgarishlarda millatimiz manfaatini hisobga olishimiz muhimdir.

Nodir Jumayev
iqtisod fanlari doktori, professor

Dilshodjon Rahmonov
iqtisod fanlari doktori

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar