Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tuzildi

Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tuzildi

Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi (27.11.2019 yildagi 953-son VMQga qarang).

Eslatib o‘tamiz, Kengash joriy yilning iyul oyida tashkil etilgan. Bu fan, texnologiyalar va oliy ta’limni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, hokimliklar, ilmiy va ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini ta’minlaydigan maslahat organi hisoblanadi.

Kengashga Bosh vazir rahbarlik (rais) qiladi. Shuningdek, uning tarkibiga raisning o‘rinbosari – Prezident maslahatchisi va fan va texnika sohasida davlat mukofotlari masalalari bo‘yicha raisning o‘rinbosari – Fanlar akademiyasi prezidenti, kotibi va Kengash a’zolari (jamoatchilik asosida) kiradi. Quyidagilar ishchi organi funksiyasini amalga oshiradi:

  • Fanlar akademiyasi - fan va texnika sohasida Davlat mukofotiga nomzodlar uchun tavsiyalarni ko‘rib chiqish va takliflarni tayyorlash bo‘yicha;
  • Vazirlar Mahkamasining Telekommunikatsiyalar, IT-texnologiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari kotibiyati - boshqa masalalar bo‘yicha.

Kengash yig‘ilishlari kamida 6 oyda 1 marta, zarurat bo‘lganda navbatdan tashqari yig‘ilishlari o‘tkaziladi va a’zolarining kamida yarmi ishtirok etganda huquqiy vakolatli hisoblanadi. Qarorlar majlisda qatnashgan Kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ovozlar teng bo‘lgan hollarda raisning ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi. Qabul qilingan qarorlar bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va rais tomonidan tasdiqlanadi. Bayonnomani imzolash paytida Kengash a’zolari o‘zlarining alohida fikrini bildirishi mumkin. Bayonnomaning asl nusxasi va uning materiallari Vazirlar Mahkamasida saqlanadi.

Fan va texnika sohasida Davlat mukofoti berishga nomzodlar bo‘yicha tavsiyanomalarni qabul qilish va takliflar tayyorlash reglamenti alohida tasdiqlangan. Jarayon sxema bo‘yicha 7 izchil bosqichda amalga oshiriladi. Talabgorlar ishlarini ko‘rib chiqish tanlov asosida amalga oshiriladi. Ular bo‘yicha oldin davlat mukofoti berilgan yoki avval ko‘rib chiqilgan, biroq mukofotga tavsiya etilmagan ishlar tanlovda ishtirok etmaydi. Ekspertiza yakunlariga ko‘ra mukofotga nomzodlarning ishlariga qisqacha tavsif berilgan nomzodlar ro‘yxati tasdiqlanadi. Davlat mukofotiga nomzodlar haqidagi taklif Vazirlar Mahkamasining rasmiy blankasida Kengash raisining imzosi bilan Prezidentga yuboriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar