Farg‘onada 500 dan ortiq agrosanoat xizmatlarini ko‘rsatadigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Farg‘onada 500 dan ortiq agrosanoat xizmatlarini ko‘rsatadigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Bugungi kunda agrar soha rivojlangan yetakchi xorijiy davlatlarda fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalash maqsadida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ular tomonidan yangi innovatsion bilim va texnologiyalar keng joriy etilishi bilan bir qatorda agroxizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Bunday jahon tajribalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida zamonaviy innovatsion “Agroxizmatlar markazi” faoliyati ilk bor Farg‘ona viloyatida yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur hududiy markaz tomonidan “yagona darcha tamoyili” asosida davlat-xususiy sherikchilik shartlarida 500 dan ortiq agrosanoat majmuiga oid xizmatlar ko‘rsatiladi. Shundan 40 dan ortiq yangi turdagi innovatsion texnologiyalar asosidagi qator xizmatlar, jumladan, geoaxborot tizimlari, dron xizmatlari, xalqaro standartlar, “Organic”, “Global G.A.P” va “Halol” sertifikatlari joriy etiladi.

Shuningdek, markazda 15 ta agrar sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlarining olimlari, 30 dan ortiq mahalliy va xorijiy agrobiznes vakillari doimiy faoliyat olib boradi.

Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan 5 turdagi zamonaviy laboratoriya, ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligi, In-vitro ko‘chatchiligi, tuproq, suv va fitosanitariya tahlil laboratorisi viloyatdagi 9 ming fermer xo‘jaliklari hamda 500 dan ortiq agrobiznes vakillariga xizmat ko‘rsatadi.

Markazda zamonaviy bilim va tajribalarga ega bo‘lgan 133 nafar xodim uchun yangi ish joylari yaratilgan. Shundan 40 nafar mutaxassis bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi davlatlarida (AQSh, Turkiya, Isroil, Gollandiya, Germaniya, Xitoy, Latviya davlatlari) malaka oshirib qaytdi. Qolgan mutaxassislar ham yil yakuniga qadar xalqaro qishloq xo‘jaligi markazlarida tajriba o‘taydi.

Ushbu markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishga Jahon bankining kredit loyihasi, Yevropa Ittifoqining grant ko‘maklari va xususiy investorlarning mablag‘lari yo‘naltiriladi. Keyingi bosqichlarda mazkur markazlar faoliyati respublikamizning boshqa barcha hududlari va tumanlarida yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar