Inflyasion targetlash va uning o‘ziga xos xususiyatlari

Inflyasion targetlash va uning o‘ziga xos xususiyatlari

Xalqaro valyuta fondining rasmiy statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda inflyasion targetlash rejmini qo‘llayotgan mamlakatlar soni 41 ta bo‘lib, uning 30 tasi rivojlanayotgan mamlakatlardir.

XVF ekspertlarining fikriga ko‘ra, inflyasion targetlashdan pul-kredit siyosatining indikatori sifatida foydalanish uchun ikkita sharoit mavjud bo‘lishi lozim. Birinchidan, Markaziy bank mustaqil pul-kredit siyosatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Markaziy bank hukumat maqbul deb hisoblagan inflyasiya darajasiga erishish uchun monetar instrumentlarni erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi lozim. Mamlakatda byudjet-soliq siyosatining talablari pul-kredit siyosatini ishlab chiqishda ustuvor yo‘nalishlar sifatida inobatga olinmasligi lozim. Boshqacha qilib aytganda, mamlakatda «byudjet gegemonligi» tushunchasi mavjud bo‘lmasligi lozim.

Ikkinchidan, inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi indikator sifatida tanlab olinishi uchun ish haqining o‘sishi, aholi bandligi darajasi va almashuv kursi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanmasligi lozim. Buning sababi shundaki, milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan kursining belgilanishi Markaziy bankni, o‘zining pul-kredit siyosatini, ana shu ko‘rsatkichni bajarish uchun moslashtirishga majbur qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy bankka inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichini ta’minlash uchun monetar instrumentlardan erkin va to‘liq foydalanish imkonini bermaydi. Natijada, pul-kredit siyosatining taktik maqsadlarining mazmunida ikki yoqlamalik, qarama-qarshilik yuzaga keladi.

Inflyasion targetlash muvaffaqiyatli qo‘llanilgan davlatlar sifatida Yangi Zelandiya, Kanada, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Shvetsiya, Avstraliya va Ispaniya tilga olinadi.

Avstraliya, Finlandiya va Shvetsiyada Markaziy bank inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichini hukumatning qo‘llab-quvvatlash xususidagi roziligini olmasdan turib e’lon qilgan.

Kanada va Yangi Zelandiyada maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun 18 oylik muddatni belgilangan. Mazkur muddat tugagandan so‘ng, inflyasiyaning darajasini bosqichma-bosqich pasaytirish maqsadida, Yangi Zelandiyada yana 12 oylik, Kanadada – 18 oylik muddat belgilangan.

Belgilangan yangi muddatlar tugagandan so‘ng har ikkala mamlakatda inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichini ta’minlashga muvaffaq bo‘lindi va har ikkala mamlakatda yana besh yillik davrga inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi belgilangan.

Avstraliya, Finlandiyada inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi aniq daraja sifatida olingan.

Kanada, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniyada inflyasiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich yo‘lakcha sifatida belgilangan.

Rossiya Markaziy banki tomonidan qo‘llanilayotgan inflyasion targetlash rejimida 2017 yilning oxiriga borib, inflyasiyaning yillik darajasini 4 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. 2016 yilda amalga oshirilgan chora-tadbirlar ushbu maqsadga erishish imkoniyatini yuzaga keltirdi. Ya’ni, 2016 yilning yakuniga kelib, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 5,4 foizni tashkil qildi. Holbuki, 2015 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, Rossiyada inflyasiyaning yillik darajasi 12,9% bo‘lgan edi.

2016 yilning iyun oyiga kelib, inflyasiyaning darajasini sezilarli darajada pasaytirishga erishilganligi Rossiya Markaziy bankiga qayta moliyalash stavkasini pasaytirish imkonini berdi.

Rossiyada 2016 yilda inflyasion targetlash samarasini ta’minlagan omillar quyidagilardan iborat:

  1. Tabiiy monopoliyalar mahsulotlari va xizmatlari baholarining past o‘sish sur’atlarini ta’minlanganligi. 2016 yilda mazkur baholarning o‘sish sur’ati 1,3 foizni tashkil etdi.
  2. Milliy valyutaning nominal almashuv kursining barqaror bo‘lganligi (2016 yil davomida 1 AQSh dollarini 64-67 rubl darajasida bo‘lishi ta’minlandi.).
  3. Pul massasining past darajadagi o‘sish sur’atining ta’minlanganligi. 2016 yilda pul massasining o‘sish sur’ati (M2 pul agregati bo‘yicha) 9,2 foizni tashkil etdi. 2015 yilda o‘sish sur’ati 11,5 foizni tashkil etgan edi.
  4. Zaxira fondi mablag‘lari hisobidan davlat byudjeti defitsitini moliyalashtirish orqali pul bazasining ko‘payishiga yo‘l qo‘yilmaganligi (2015 yilda yo‘l qo‘yilgan edi).

Qozog‘istonda inflyasiyaning maqsadli ko‘rsatkichi o‘rta muddatli davrga mo‘ljallanganligi sababli, ekonometrik tahlil choraklik davrdagi ma’lumotlar tahlili asosida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, prognozning aniqlik darajasini oshirish uchun aholi o‘rtasida, inflyasion va devalvatsion kutishlarni baholash maqsadida, so‘rovlar o‘tkazilmoqda.

Hozirgi davrda, Qozog‘istonda inflyasion targetlash rejimi qo‘llanilayotganligi sababli milliy valyutaning almashuv kursi bo‘yicha maqsadi ko‘rsatkichlar belgilanmagan. Milliy valyuta-tenge erkin suzish rejimiga ega.

Inflyasion targetlash rejimiga o‘tish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishning zamonaviy, innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tish bosqichida inflyasiyaga qarshi kurashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3272-sonli “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida pul-kredit siyosatini takomillashtirish bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, mazkur Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ichki narxlarning barqarorligini ta’minlashda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati maqsadlariga erishish prinsip va mexanizmlarini xorijiy markaziy banklari tomonidan qo‘llaniladigan inflyasiyaviy targetlash rejimiga o‘tish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 noyabrdagi PF-5877-sonli “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ilg‘or xorij tajribasiga tayangan holda, inflyasion targetlash rejimini joriy etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi:

– inflyasiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan, tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlash va ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish;

– Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;

– regulyatorning kredit bozoriga samarali ta’sir etishini ta’minlab beruvchi, pul bozorini tartibga solishning yangi instrumentlarini joriy etish.

Mazkur Farmonga asosan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyasiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyasion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlash talabi qo‘yildi.

Shuningdek, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi tasdiqlandi va ushbu Konsepsiyaga muvofiq, 2020 yilda inflyasiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ma’qullandi.

Shunisi ahamiyatliki, Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi (ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno) va 2021 yil 1 yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma’lum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilindi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz tarixida birinchi marta davlat byudjeti taqchilligi bo‘yicha me’yoriy talab joriy etildi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga fiskal balans taqchilligini 2022 yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni ta’minlash vazifasi yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonining yana bir muhim jihati shundaki, unda pul-kredit siyosatini inflyasion targetlash rejimiga moslashtirishning quyidagi yo‘nalishlari o‘z aksini topgan:

– 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;

– 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;

– bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;

– 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;

– ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyasion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;

– inflyasiya va inflyasion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish.

To‘lqin Bobakulov
Toshkent moliya instituti “Bank ishi”
kafedrasi professori, i.f.d.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar