“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti va Qozog‘iston universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti va Qozog‘iston universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi

Samarqand shahrida joylashgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti hamda Qozog‘istonning “Turizm va mehmondo‘stlik xalqaro universiteti” o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjatni imzolash marosimi 21 dekabr kuni “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurorti ochilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Memorandum Bosh vazir o‘rinbosari, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori Aziz Abduhakimov hamda Qozog‘iston universiteti rektori Maynura Murzamadiyeva tomonidan imzolandi. Hamkorlik memorandumi professor-pedagoglar, xodimlar, talabalar, jumladan magistrantlar, aspirantlar, doktorantlar) almashinuvi, tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashish, amaliyot o‘tash, shuningdek ikki tomonlama diplom berishni ko‘zda tutuvchi “2+2” hamkorligi doirasida ikki universitet o‘rtasida qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilishni ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, Markaziy Osiyo mintaqasida turizm industriyasi va mehmondo‘stlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qo‘shma konferensiyalar, akademik uchrashuvlar, simpoziumlar, muhokamalar doiralari, mahorat darslari kabi tadbirlar o‘tkaziladi. Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu memorandum asosida ikki universitet mutaxassislari va o‘quvchilarini jalb qilgan holda, ilmiy maktablar, markazlar va laboratoriyalarni tashkil qilish hamda ularning faoliyatini yuritish, shuningdek loyihalarni tijoratlashtirishda birgalikda ishtirok etish mumkin bo‘ladi. Xalqaro, davlat, jamoatchilik va xususiy tashkilotlar hamda jamg‘armalar tomonidan e’lon qilinuvchi ilmiy grantlardagi birgalikdagi ishtirok ham shular jumlasidandir.

Hujjatga ko‘ra, “Ipak yo‘lida turizm” umumiy loyihaviy zont ostidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun tarmoqning har bir universitetida “Ipak yo‘li” kafedrasi yaratiladi. Yana bir quvonchli jihatlardan biri shundaki, Hamkorlik memorandumi bo‘yicha Bolon jarayoni hamda UNWTO, ISO, TedQual standartlariga muvofiq qo‘shma o‘quv rejalari ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, hujjat hamkor universitetning davriy nashrlarida universitet talabalari, magistrlari, doktorantlari va xodimlarining maqola, ma’ruza hamda boshqa ilmiy ishlari chop etilishini nazarda tutadi. Ilmiy materiallar almashinuvi ham shular jumlasidandir. Multimilliy universitet tarmog‘ini yaratish va uning faoliyatini yuritish maqsadida “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti mazkur jarayonning koordinatori hisoblanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar