“Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etiladi

“Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etiladi

“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, kambag‘al va ishsiz aholini, ayniqsa, xotin-qizlarni va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror loyihasi ishlab chiqiladi.

Bunda kambag‘al, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish mahalla, tuman (shahar) va hudud markazlari darajasida “mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari – tuman kasb-hunarga o‘qitish markazlari – hudud “Ishga marhamat” monomarkazlari” mexanizmi asosida amalga oshiriladi.

Loyihada shuningdek, quyidagilar nazarda tutiladi:

  • 2020 yil 1 iyulga qadar har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish, tanlov g‘oliblariga o‘z ishini tashkil qilish uchun grant ajratish;
  • 2020 yil 1 oktyabrga qadar har bir hududda kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari yoki kasb-hunarga tayyorlash markazlarini tashkil etish;
  • 2020 yil 1 iyunga qadar Rossiya Federatsiyasining o‘zbekistonlik mehnat migrantlari eng ko‘p faoliyat yuritayotgan hududlarini aniqlab, dastlabki bosqichda kamida 5 ta shaharda migrantlarni kasbga o‘qitish va rus tilini o‘rgatishni tashkil etish.

Qaror bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar