Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan induksion pechlar va kameralar olib kirilmaydi

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan induksion pechlar va kameralar olib kirilmaydi

Hukumat tomonidan qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatining sifati va xavfsizligiga e’tibor qaratildi (14.12.2019 yildagi 999-son VMQga qarang).

2020 yil 1 martdan boshlab ishlab chiqarilganidan e’tiboran bojxonada rasmiylashtirilguniga qadar 3 yildan ortiq muddat o‘tgan, ilgari foydalanishda bo‘lgan induksion pechlar va kameralarning (TIF TN kodi 8514 20 1000) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishini taqiqlanadi. Bunda ishlab chiqarilgan yili ishlab chiqaruvchi zavodning tegishli sana ko‘rsatilgan texnik pasporti bilan tasdiqlanadi. Hujjatlardagi mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi va tovarlarning davlat chegarasidan noqonuniy olib o‘tilishi uchun import qiluvchilar javob beradi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab qora metallar prokatini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan induksion pechlar va kameralarga nisbatan bojxona to‘lovlari imtiyozlarining amal qilishi bekor qilinadi.

Maxsus idoralararo ishchi guruhlari tomonidan qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokati ishlab chiqaradigan korxonalar faoliyati hududlar kesimida o‘rganiladi. 15 yanvarga qadar ular joylarga chiqqan holda, metall prokatining sifati va xavfsizligiga oid belgilangan standartlarga amal qilish holatini tekshiradilar. Normativlarga amal qilmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, Qurilish vazirligi tomonidan metall prokatini ishlab chiqarish, sotish va qo‘llash taqiqlanadi.

1 fevralga qadar texnik jihatdan tartibga solish sohasida amaldagi normativ hujjatlar qayta ko‘rib chiqiladi, 1 martga qadar esa metall prokatining sifati va xavfsizligi bo‘yicha nazoratni amalga oshiradigan sinov laboratoriyalari modernizatsiyalanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar