Jahon banki O‘zbekistonga qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan 9 ta yangi loyiha ishlab chiqmoqda

Jahon banki O‘zbekistonga qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan 9 ta yangi loyiha ishlab chiqmoqda

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde o‘rtasida 23 iyul kuni videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada bank rahbariyatiga joriy epidemiologik vaziyatda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan va Respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalarning tezkor ko‘rib chiqilganligi uchun minnatdorchilik bildirildi. 2020 yil boshidan beri Jahon banki tomonidan umumiy qiymati 1 milliard dollardan ko‘proq bo‘lgan 4 ta shunday loyiha moliyalashtirilishi ma’qullangan.

Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra o‘zlashtirilgan Jahon bankining qarz mablag‘lari hajmi 310 million dollarni tashkil etdi va o‘zlashtirish koeffitsiyenti mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda telekommunikatsiya texnologiyalari, energetika, fanni tijoratlashtirish, shaharsozlik, o‘rmon xo‘jaligi sohalari, shuningdek, statistik ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash hamda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga teng bo‘lgan 9 ta yangi loyiha ishlab chiqilayotganligi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bank mutaxassislari O‘zbekistonda tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining «Yo‘l xaritasi»ni, aviatsiya va energetika sektorlarini isloh qilish dasturini, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini, oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi, Soliq kodeksining yangi tahririni, Bank tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqishda yaqindan ko‘maklashdi.

Davlat korxonalari, bank sektori va aviatsiya sanoatini hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining boshqa tarmoqlarini isloh qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Jahon banki hududlarni rivojlantirishda O‘zbekistonga yanada yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirdi va viloyatlarda mavjud manbalar hamda qiyosiy afzalliklardan kelib chiqqan holda respublikaning har bir hududi uchun universal dasturlarni ishlab chiqish vazifalari kelishib olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar