Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga insonparvarlik yordami yubordi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonga insonparvarlik yordami yubordi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi Birdamlik va «COVID-19»ga javob berish global jamg‘armasi orqali JSST Bosh qarorgohi tomonidan xarid qilingan, umumiy qiymati 4 million AQSh dollaridan ortiq va umumiy og‘irligi 85 tonnaga yaqin bo‘lgan insonparvarlik yukini O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berdi. Bu haqda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

Insonparvarlik yukini jo‘natish ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi partiya Toshkentga 8 iyulda yetib kelib, o‘z ichiga yuz uchun 619 400 ta himoya qalqonchasi va 2 176 000 dona jarrohlik niqobini oldi. Ikkinchi partiya poytaxtga 17 iyulda yetkazib berildi. U shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya ko‘zoynagi (95 200 dona), himoya xalatlari (178 000 dona), jarrohlik niqoblari (12 000 dona), KN95 respirator niqoblaridan (1 064 000 dona) iborat edi.

Yuk O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirish uchun mo‘ljallangan.

Ma’lum qilinishicha, insonparvarlik yuki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismidir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar