Jahon tan olgan universitet

Jahon tan olgan universitet

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti haqli ravishda jahonda nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1907 yilda tashkil topgan bu oliy o‘quv yurti o‘zining mashhur ilmiy maktabi, eng zamonaviy ta’lim uslubi, bitiruvchilarining mehnat bozorida yuqori raqobatdoshligi bilan tanilgan.

Universitet talabalariga saboq beradigan 2500 ta professor va o‘qituvchilar orasida o‘z ilmiy matablarini yaratgan mashhur iqtisodchi olimlar - akademiklar L. Abalkin, A. Aganbegyan, V. Mayevskiy, L. Grinberg, V. Makarov, P. Bunich, V. Ivanter, V. Kuleshov va boshqalar bor. “Plexanovka” nomi bilan mashhur bu oliy o‘quv yurti va uning 22 ta filialida hozirgi paytda 50 mingta talaba tahsil olmoqda. Universitet yuqori malakali iqtisodchilar tayyorlash bilan birga o‘z aspiranturasi va doktoranturasiga ham ega. Ularda hozirgi paytda 780 aspirant va doktorant ilmiy faoliyat uchun tayyorlanmoqda.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining yuksak nufuzi Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education – THE” reyting agentligi tomonidan yana bir bor tasdiqlandi. Universitet yalpi va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash bo‘yicha jahon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 3-o‘ringa munosib deb topdi hamda BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlariga muvofiqligi bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli 100 ta oliy ta’lim muassasasi safiga kiritdi.

“Times Higher Education – THE” Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yagona global reyting agentligidir. Buyuk Britaniyaning reyting agentligi jahon ta’lim muassaslari reytingini aniqlashda oliy ta’lim muassasalarining uch: tadqiqotlar, axborot-ma’rifiy faoliyat va boshqaruv sohalarida juda sinchiklab tanlab olingan mutanosib ko‘rsatkichlardan foydalanadi. Bunda oliy ta’lim muassasalarining faoliyati Birlashgang Millatlar Tashkiloti tomonidan 2015 yilda qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqligiga birinchi darajali ahamiyat beriladi. Jahonning hamma mamlakatlari intilayotgan Barqaror rivojlanishning 17 ta maqsadlariga qashshoqlik va ochlikka barham berish, mustahkam salomatlik va farovonlik, sifatli ta’lim, munosib ish va iqtisodiy o‘sish, mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish, boshqa ko‘rsatkichlar kiradi.

“Times Higher Education – THE” reyting agentligi 2020 yilda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetini yalpi va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash bo‘yicha jahon oliy ta’lim muassasalarining old qatoriga kiritdi. Bu o‘rinda Rossiya iqtisodiyot universiteti birinchi marta bu reytingga kiritilganligi va birdaniga bir necha ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallaganligini ta’kidlash kerak.

Xususan, “Plexanovka” BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Sifatli ta’lim” nominatsiyasi bo‘yicha jahonning 676 universiteti o‘rtasida 3-o‘rinni, Rossiya oliy ta’lim muassasalari orasida esa 1-o‘rinni egalladi. Ma’lumki, BMT “sifatli ta’lim olish odamlar turmush sharoitini yaxshilash va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun asos yaratadi” deb alohida ta’kidlagan.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, shuningdek BMTning “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” maqsadi yo‘nalishi bo‘yicha jahonning 453 ta oliy o‘quv yurti o‘rtasida 17-o‘rinni egalladi. Universitetning yana bir yuqori ko‘rsatkichi BMTning “Munosib ish va iqtisodiy o‘sish” maqsadi bo‘yicha dunyoning 479 oliy ta’lim muasasasi orasida 77-o‘rinni egallaganidir.

Birlashgan Millatlpar Tashkiloti “barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun jamiyatlar atrof muhitga zarar yetkazmasdan iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladigan sifatli ish bilan odamlarni ta’minlashga shart-sharoit yaratilishi kerak. Olg‘a yetaklaydigan va yalpi qamrab olinadigan iqtisodiy o‘sishning eng muhim tarkibiy qismlari mehnat unumdorligini oshirish, ishsizlik darajasini, ayniqsa yoshlar o‘rtasida pasaytirish hamda moliyaviy xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish ekanligini” ko‘rsatgan.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti 2020 yilda “Times Higher Education – THE” reytingida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining olti yo‘nalishida ishtirok etdi. Universitet “Tengsizlikni kamaytirish” maqsadi yo‘nalishida 78-o‘rinni, “Gender tengligi” yo‘nalishi bo‘yicha 101-200-o‘rinni, “Barqaror rivojlanish manfaatlarida sheriklik” yo‘nalishida 201-300-o‘rinni egalladi. Reytinglar umumiy yakuni bo‘yicha “Times Higher Education – THE”da qatnashgan jahonning 89 mamlakatining 806 ta oliy ta’lim muassasalari orasida universitet jahonda 91-o‘rinni oldi.

Bu o‘rinda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining ta’lim yuqori samaradorligini oshirishda erishayotgan muvaffaqiyatlarida uning Toshkent shahridagi filiali professor va o‘qituchilarining ham hissasi borligini ta’kidlash kerak. 1995 yilda tashkil etilgan Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali mustaqil O‘zbekistondagi birinchi xorijiy oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.

O‘tgan chorak asr davomida filialimizni 3518 nafar jahon darajasidagi yuqori malakali iqtisodchi kadrlar, shu jumladan 2718 bakalavr va 800 magistr bitirib chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyoti barcha sohalarida samarali faoliyat olib bormoqda.

Ta’lim muassasamizda iqtisodiyot, biznes va moliya fakultetlari, 6 ta kafedra mavjuddir. Bo‘lajak iqtisodchi kadrlarni tayyorlash bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga asoslangan ta’lim dasturlarini yuqori malakali professor va o‘qituvchilarimiz amalga oshirmoqda. Ularning 70 foizidan ko‘prog‘i fan doktorlari va nomzodlaridir.

Filialimizda uchta – “Aholishunoslik va mehnat iqtisodiyoti”, “Iqtisodiy nazariya”, “Moliya va kredit” ilmiy maktablari ish olib bormoqda. Ularning ilmiy izlanishlari natijalari, yaratgan darsliklari va o‘quv qo‘llanmalaridan O‘zbekiston oliy ta’lim muassalarida keng foydalanib kelinmoqda.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Iordaniya va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari va institutlari bilan ilmiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Bu ta’lim dasturlarini yanada takomillashtirish, talabalarimizning ana shu nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bilimlarini puxtalashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasida Sharq donishmandlarining “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” degan dono so‘zlarini keltirib, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim, ayniqsa oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, milliy itqisodiyot uchun zamonaviy yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida chuqur va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda yangi oliy ta’lim muassasalari, nufuzli xorij universitetlari va filiallari ochilmqoqda, ularga talabalar qabul qilish keskin ko‘paymoqda.

Jahon tan olgan G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali professor va o‘qituvchilari ham mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga munosib hissalarini qo‘shadigan kadrlar tayyorlash ko‘lami va sifatini oshirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar.

Qalandar ABDURAHMONOV,

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar