Karantin vaqtida kechiktirilgan kredit to‘lovlarining to‘lash tartibi qanday?

Karantin vaqtida kechiktirilgan kredit to‘lovlarining to‘lash tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 apreldagi PF-5978-sonli Farmoni asosida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlar 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirilishi hamda yakuniy to‘lovlar muddatlarining berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirilishi belgilangan.

Shuningdek, qarzdorlar pul oqimlari foiz to‘lovlarini qoplash uchun yetmagan taqdirda, foiz to‘lovlarini ham kechiktirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga tavsiyalar berildi.

Biroq bu kechiktirish davridan (ya’ni 2020 yil 1 oktyabrdan) keyin yig‘ilgan to‘lovlar bir martada to‘lanishi kerakligini anglatmaydi. Ya’ni, karantin vaqtida kechiktirilgan kredit to‘lovlari yakuniy to‘lovlar muddatlarining uzaytirilganligini hisobga olgan holda, to‘lov jadvalining qolgan davriga teng ravishda taqsimlanadi.

Bundan tashqari, qat’iy karantin cheklovlarining dastlabki (aprel-may) oylarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, ijtimoiy masofalanishni ta’minlash maqsadida qarzdor-jismoniy shaxslardan arizalarni qabul qilib olishga hamda ular bankka tashrif buyurishiga imkoniyat bo‘lmagani sababli aksariyat banklar, ya’ni 24 ta tijorat banki o‘z tashabbusiga ko‘ra jismoniy shaxslarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni 2-3 oyga avtomatik tarzda kechiktirishi haqida ma’lum qilgan edi.

Bunda ba’zi banklar tomonidan avtomatik tarzda kechiktirilgan kredit to‘lovlarini qolgan davrlarga teng taqsimlagan bo‘lsa, ayrim banklar yakuniy to‘lov davridan keyingi oylarga taqsimlagan.

Shu bilan birga, ushbu berilgan 2-3 oylik davr yakunlanganidan so‘ng qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmagan taqdirda, tijorat banklari kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni yana qo‘shimcha davrga (ya’ni 2020 yil 1 oktyabrga qadar) kechiktirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar