Korporativ ijtimoiy mas’uliyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sonining ko‘payishi garovimi?

Korporativ ijtimoiy mas’uliyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sonining ko‘payishi garovimi?

Hozirgi kunda O‘zbekistonga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilishiga qaramasdan investitsiyalar yetarli darajada kirib kelyapti deb ayta olmaymiz. AQSh Davlat departamentining 2019 yil O‘zbekiston bo‘yicha bayonotida keltirilishicha, O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya (TTXI) larning aniq hajmi haqida ommaviy axborot yo‘q, lekin ba’zi rasmiy hujjatlarga asosan 2018 yilda TTXI 1,6 milliard AQSh dollaridan kam bo‘lganini ko‘rsatilgan (YaIMning qariyb 3 foizi). Bu raqam 2017 yildagiga nisbatan kamligi (2,4 milliard AQSh dollari) va ayniqsa hukumatning 5,8 milliard AQSh dollari miqdorida valyuta mablag‘larini jalb qilishni ko‘zda tutadigan prognozidan juda kamligi ta’kidlangan. Hukumat ekspertlariga ko‘ra esa, O‘zbekiston iqtisodiyotining hajmi va o‘sish sur’ati har yili taxminan 12 milliard dollarlik TTXIni talab etadi.

O‘zbekistonda rivojlangan mamlakatlardan korxonalar kirib kelishi sur’ati ham qoniqarli emas. To‘g‘ri, 2018 yilda xorijiy kapitalga ega kompaniyalar soni 2 385 taga ko‘paygan, lekin chet el sarmoyadorlarining aksariyati Rossiya (428), Turkiya (364) va Xitoydan (351). E’tibor bersangiz, kompaniyalar orasida Yevropa yoki AQSh sarmoyadorlari juda kam.

KIM nima?

Tashkilot va bizneslarning daromad olish bilan birga, jamiyatning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishi (hayriya ishlarini bajarish, o‘z xodimlarining haq-huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni yechishda o‘z hissasiga ega bo‘lish), ularning barcha manfaatdor tomonlari oldidagi ma’suliyatni bajarishi, o‘z faoliyati davomida tabiatga zarar yetkazmaslik hamda milliy qonunlarga rioya qilishi, ta’minot tizimi mas’uliyatini ta’minlashi va hokazolar KIM ning asosiy talablaridir.

KIM Afzalliklari

Birinchidan, bir qator olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, xorijiy sarmoyadorlar muayyan mamlakatning investitsion jozibadorligini aniqlashda ushbu yurtdagi shaffoflik darajasiga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Kuchli KIM siyosatiga ega bo‘lgan kompaniya yuqori shaffoflik darajasiga ega bo‘ladi va KIM faoliyatlarini keng ommaga va manfaatdor tomonlarga yetkazishga, nomoliyaviy hisobotlarni chop etishga harakat qiladi. Bunday kompaniyalar oshkoralik prinsiplariga amal qiladi, bu esa investorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning kompaniya haqida yetarli ma’lumot olishiga imkon beradi. Ma’lumotlarni ommaga havola etadigan kompaniyalar sarmoyadorlar e’tiboriga tezroq tushadi.

Ikkinchidan, kuchli KIM strategiyalari tadbirkorlarga ehtimoliy risklarni boshqarishga yordam beradi va bu orqali ular bozordagi raqobatchilar orasida ustunlikka ega bo‘ladi.

Jahon bozorida muvaffaqqiyat qozonish uchun kompaniya va tashkilotlar kuchli KIM siyosatini ishlab chiqishlari, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik standartlarini yaxshilashi zarur. Masalan, eng yirik investitsion kompaniyalarning rivojlanayotgan mamlakatlarga kirishdan qo‘rqishining sababi shuki, ular kiritayotgan sarmoyalarining etikaga to‘g‘ri kelmaydigan tadbirkorlik faoliyatiga ishlatilishidan xavfsirashadi, chunki bu ularning obro‘siga putur yetkazadi.

Uchinchidan, hozirda mas’uliyatli biznes va muvaffaqiyatli biznes tushunchalari bir biriga bog‘liq tushunchalarga aylangan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sarmoyadorlar orasida va moliyaviy bozorlarda KIM faoliyatini amalga oshiruvchi, ijtimoiy muammolarni hal etishga urinuvchi bizneslarni yaxshi boshqaruvga ega bizneslar deb ham tan olingan. Tashkilotning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) metrikalariga oid ma’lumotlar sarmoyadorlar uchun kompaniyalarning moliyaviy muvaffaqiyati garovi deb tan olinmoqda.

G‘arbda kompaniyalarning atrof muhitga bo‘lgan ta’sirlarini, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi va jamiyat rivojiga hissa qo‘shishlari hamda ichki ish yurituvlar haqida (ESG) ma’lumot yig‘ib, ularni analiz qiladigan maxsus firmalar bor. Bularga misol qilib, Sustainable asset management, Morgan Stanley, Trucost, Sustainalytics larni keltirsa bo‘ladi. Investorlar ana shu firmalar xizmatidan foydalanib, barqaror va mas’uliyatli bizneslar ro‘yhatidan o‘zlariga yoqqanini tanlab, ular bilan ish qiladi.

To‘rtinchidan, ijtimoiy mas’ul sarmoyadorlar soni kun sayin ortib bormoqda, insonlar ekologik va ijtimoiy muammolarga yana ham ko‘proq e’tibor bermoqdalar. Boston Consulting Group o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, agar biron bir kompaniyada barqaror bo‘lmagan ko‘rsatkichlar qayd etilsa, investorlarning 44 % unga sarmoya kiritmasligini aytgan. Investitsiya shirkati boshqaruv kengashi a’zolarining qolgan 60 %, agarda ular sarmoya qilgan kompaniya mas’uliyatsiz amaliyotlarni amalga oshiradigan bo‘lsa, sarmoyalarini qaytib olishlarini aytganlar.

O‘zbekiston misolida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimo chiqishlarida O‘zbekiston xom paxta emas, balki yuqori sifatga va qiymatga ega tayyor mahsulotni sotishga e’tibor qaratishni gapiradilar. Bu bizga paxtadan ko‘proq daromad olishga yordam beradi. Masalan bir futbolkani O‘zbekistonda 22 ming so‘mga sotsak, uni AQSh yoki Yevropada 22 $ AQSh dollaridan sotishimiz mumkin. Lekin hozircha bu davlatlarda oshig‘imiz olchi emas, Osiyo davlatlarida esa ayni narxda mahsulot sotish qiyin. Xo‘sh Yevropadagi va AQSh kabi rivojlangan davlatlar bilan bog‘liq bu vaziyatni qanday yaxshilasa bo‘ladi? KIM prinsiplarini amalga qo‘yish bizga qanchalik yordam beradi?

Xalqaro mehnat tashkilotining (ILO) 2019 yil ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston paxta yig‘im-terimida sistematik yoki sistematik bolalar mehnatidan foydalanish yoki majburiy mehnat yo‘q. Odamlarni paxta terimiga majbur qilish uchun mo‘ljallangan markaziy hukumat siyosati, qoidalari, tizimlari yoki harakatlari yo‘q. Buning natijasida AQSh ning o‘zbek paxtasiga bozor taqiqlarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori juda yaxshi qadamlardan bo‘ldi. Lekin shunga ham qaramay boykot hali tugaganicha yo‘q.

Xalqaro mehnat huquqlari bo‘yicha forumning direktori Erik Gottvald izohlashicha "Taqiqlar bekor qilingan bo‘lsada boykot e’lon qilgan brendlar o‘zbek paxtasini sotib olishga shoshilmayaptilar. Chunki ular O‘zbek paxtasini ishlata boshlasa bu ularga reputatsiyalari bilan bog‘liq katta muammolarni keltirib chiqarish xavfi bor”.

Eslatib o‘tish joiz, AQShda joylashgan "Cotton campaign" kampaniyasining O‘zbekiston paxtasiga qarshi boykotini 313 Shimoliy Amerika va Yevropa brendlari imzolagan. Bular ichida masalan Adidas, amazon, Balenciaga, bottega Veneta, calvin klein, Gap, H&M, Gucci, Ikea, Levis, Nike kabi dunyoga mashhur brendlar bor.

O‘zbekistonda KIM tamoyillari va mas’uliyatli biznes talablarini ishlab chiqish uchun quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

  • Biznesning oshkoraligini rag‘batlantiradigan qonunlarni ishlab chiqish va bu prinsipga amal qiluvchilarni qo‘llab quvvatlash;
  • Davlat darajasida KIMni ta’minlash. Bizdagi jamiyatning passivligi sharoitida, dastlabki bosqichda hukumat KIMni rivojlantirish bo‘yicha asosiy islohotchi sifatida harakat qilishi kerak. Ushbu sohada yuqorida keltirilgan qator xalqaro qo‘llanmalar asosida standartlar ishlab chiqish lozim;
  • Nomoliyaviy hisobotlarni chop etishni rag‘batlantirish va bu borada yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqish;
  • Tadbirkorlarni o‘z bozorlarini kengaytirish va mahsulot sifatini ta’minlashlari uchun ta’minot zanjirlaridagi ma’suliyatlarini xalqaro ko‘rsatmalarga asosan amal qilishlarini rag‘batlantirish;
  • KIM tamoyillarini targ‘ib qilishda ommaning saviyasini oshirish (ma’ruzalar, seminarlar, brifinglar, ommaviy axborot vositalarida intervyular va x.z.). KIM tamoyillari va uning rivojlanishi bilan bog‘liq tadqiqotlar va nashrlarni rag‘batlantirish;
  • Biznes va tashkilotlarga KIMni rivojlantirish maqsadida maslahat xizmatlarini tashkil qilish;
  • Xorijiy va ko‘p millatli korxonalardan boshqa rivojlangan davlatlarda amalga oshiradigan KIM va xalqaro standartlariga amal etish tartiblarini xuddi shunday tarzda O‘zbekistonda ham rioya qilishlarini talab etish.

Malika Sharipova, korporativ ijtimoiy mas’uliyat va barqaror rivojlanish bo‘yicha mutaxassis, CARE CSR konsalting kompaniyasi asoschisi va rahbari

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar