Kosteshtilik fermerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan. Buning siri nimada?

Kosteshtilik fermerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan. Buning siri nimada?

Agar siz zamonaviy agrobiznesning qanchalik daromadli va muvaffaqiyatli ekaniga va shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil qilish qishloq joylarda barcha ijtimoiy muammolarni hal qilishiga ishonch hosil qilishni istasangiz, Moldovaning Kosteshti qishlog‘iga tashrif buyurishingiz kerak, deb yozadi UzAnalytics.com.

Kosteshti (Kosteshti yoki Kostesht, rumin va moldavan tillarida – Costeşti) qishlog‘ida 12 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ushbu qishloq fermerlari har yili umumiy qiymati qariyb 30-40 million dollarga teng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, ichki va tashqi bozorlarda sotadi. Bu aholi jon boshiga taxminan 3000 dollarga teng yillik daromad degani. Qishloqda yetishtiriladigan asosiy mahsulot – uzum. Kosteshtida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish orqali millionerga aylangan fermerlar soni kam emas. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu qishloqda agrobiznesning rivojlanishi ayni avjida va kelajakda katta salohiyatga ega. Bu degani, qishloqdagi millionerlar soni ortib boraveradi.

EastFruit sayti Kosteshtilik fermerlarning muvaffaqiyatlari va ularning noyob tajribasiga bag‘ishlangan bir qator maqolalarni e’lon qildi.

Kosteshti qishlog‘ining tajribasi O‘zbekiston uchun nega muhim?

Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotining 2017 yil holati ma’lumotlariga ko‘ra, uzumzorlar maydoni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida 2-o‘rinda (Moldova Respublikasidan keyin), dunyo miqyosida esa 17-o‘rinda turadi. O‘zbekistonda jami 45 ta uzum navlari mavjud. 2018 yilda respublikada 1,56 million tonna uzum yetishtirildi, 2017 yilda esa bu ko‘rsatkich 1,75 million tonnani tashkil qilgan.

Kosteshti qishlog‘i aholisining noyob tajribasi O‘zbekistonda qabul qilingan “Bir mahalla – bir mahsulot” davlat dasturining real hayotdagi muvaffaqiyatli namunasi desa ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakat rahbarining joriy yil mart oyida imzolagan qaroriga binoan, barcha hudud rahbarlari oldiga ularning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olib, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani (hududni) aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yilgan. Joriy yilning oktyabr oyida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida uzumchilikka ixtisoslashgan mevachilik klasterlari misolida mazkur tamoyilning amaliyotda qanday qullanilayotgani haqida maxsus reportaj chop qilingan edi.

Kosteshti fermerlarining muvaffaqiyatli tajribasida ularning kooperatsiyalarga birlashgani va boshqa shakldagi hamkorligi muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Sharqiy Yevropaning uzumchilik poytaxti

Kosteshti qishlog‘ida uzumchilik asosiy faoliyat hisoblanadi. Tokzorlar nafaqat mayda, o‘rta va yirik fermerlar yerlarining, balki aholi tomorqalaring asosiy qismini tashkil qiladi. Umuman olganda qishloqda 1,5 ming gektardan ortiq uzumzorlar mavjud. Har bir gektar yerdan o‘rtacha yillik daromad 23 ming dollarni tashkil qiladi. Kosteshti tokzorlarida asosan uzumning Moldova navi yetishtiriladi. Uzumning ushbu navi uzoq vaqt davomida maxsus omborlarda saqlanishi mumkin va u mahalliy iqlim sharoitiga yaxshi moslangan.

Hosilni sovuq havo ta’sirida nobud bo‘lish xavfini kamaytirish uchun Kosteshtida uzum tepalik va adirlarda yetishtiriladi. Erta bahorda sovuq havo oqimi tepadan pastga siljiydi va hosilning nobud bo‘lishiga olib kelmaydi. Ayni paytda Kosteshti fermerlari adir va tepaliklarda sug‘orish tizimini yaratish rejasi ustida ishlamoqda, chunki suv mahalliy fermerlar uchun asosiy muammodir.

Mahsulotning asosiy qismi eksport qilinadi. Moldovadan eksport qilinadigan barcha uzumlarning uchdan bir qismi Kosteshtida yetishtiriladi. Moldova mintaqadagi eng yirik uzum eksportchisi bo‘lganligi sababli, Kosteshti qishlog‘ini Sharqiy Yevropaning haqiqiy “uzumchilik poytaxti” deb atash mumkin.

Qishloqning dasht va yalanglik qismlarida olxo‘ri va gilos yetishtiriladi. Moldovada olxo‘ri hosilini muzlatgichlar yordamida hattoki fevral oyigacha saqlashni bilishadi. Odatda, olxo‘rini yangi yil bayramigacha sotib bo‘lishadi, ezilgan va “nekonditsiya” holdagi qismidan esa meva spirtini ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalaniladi.

Kooperatsiya – muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri

Moldova Respublikasining sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Ion Sulaning (Ion Sula) so‘zlariga ko‘ra, uzum yetishtiruvchi va eksportchilari assotsiatsiyasining tashkil qilinishi Moldovada va Kosteshti qishlog‘ida uzumchilikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Ushbu uyushma uzumchilar va bog‘bonlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirishda faol yordam berib, ularning hamkorlikda ishlashiga katta hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, assotsiatsiya fermerlarga ichki va tashqi meva bozorlarida samarali marketing olib borishda ham yordam beradi. Ayni paytda mazkur Assotsiatsiya Moldovaning 105 qishloq xo‘jaligi korxonalarini va fermerlarini birlashtirgan.

Hozirgi kunda fermerlarning aksariyati maxsus GlobalGAP sertifikatiga ega. Ushbu sertifikatning mavjudligi uzumni nafaqat MDH mamlakatlariga, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ham eksport qilishga imkon beradi. Bu sertifikatga qo‘shimcha ravishda, Moldova uzumining eng yirik importyorlaridan biri bo‘lgan Rossiya har bir ishlab chiqaruvchidan o‘z sertifikatsiyasini talab qilmoqda. Shu bois, Moldova bog‘bonlari sertifikatlashning umumiy xarajatlarini kamaytirish uchun birlashishga harakat qilmoqdalar. Birlashishning yana bir sababi – mahsulotni yirik partiyalarda shakllantirish uchun mahsulot sifatini unifikatsiyalashdir. Mahsulotni yirik hajmdagi partiyalarini shakllantirish eksport uchun juda muhim. Buning uchun Assotsiatsiya maxsus treninglar o‘tkazmoqda, mazkur qishloq va uning atrofidagi barcha fermerlarning texnologiyalarini sinxronlashtirishga harakat qilmoqda.

Uzum yetishtirishda ilg‘or texnologiyalar

Noxush ob-havo va do‘lning uzumga zarar yetkazish xavfini kamaytirish uchun Kosteshtida toklarni maxsus plyonkalar bilan qoplay boshlashdi. Moldovalik uzumchilarning fikriga ko‘ra, Moldova sharoitida tokzorlar maxsus qoplamalar bilan himoya qilinmasa, sifatli mahsulot yetishtirish amri-mahol, chunki hosilni yig‘ish oldidan har qanday yomg‘ir mahsulot sifatiga jiddiy zarar etkazishi va ularni uzoq muddatli saqlash uchun yaroqsiz holga keltirishi mumkin. Bunday uzumni faqat uzum spirtini ishlab chiqaruvchilarga juda arzon narxda sotish mumkin. Fermerlar uchun bu foydani butkul yo‘qotish degani. Maxsus plyonkalar bilan tokzorlarni yopish hosil yig‘ish mavsumini uzaytirish imkonini ham beradi. Bu ishchi kuchi yetishmasligi sharoitida juda muhimdir. Hosil yig‘ish mavsumida yuqori ish haqi va ishchi kuchining yetishmasligi nafaqat Kosteshtida, balki butun Moldova miqyosida jiddiy muammolardan biridir. Tokzorlarni maxsus plenkalar bilan yopish taxminan gektariga 20 ming dollardan ko‘proqqa tushadi. Mazkur texnologiyaning qimmatligiga qaramay, bu xarajatlar qisqa muddatda o‘zini oqlaydi.

Bundan tashqari, Kosteshti fermerlari uzum yetishtirishda birin-ketin pergola (pergola) texnologiyasiga o‘tmoqdalar. Ushbu texnologiya hosildorlikni ancha oshiradi. BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bir necha yillardan buyon ushbu texnologiyaga o‘tish g‘oyasini ilgari surmoqda. Bu esa o‘zining birinchi ijobiy natijalarini bermoqda. Shuningdek, Kosteshtining ko‘plab tokzorlarida suvdan samarali foydalanish, noxush ob-havoning hosilga zarar yetkazish xavfini kamaytirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilash maqsadida tuproq namligi sezgichlari bilan jihozlangan meteostansiyalar o‘rnatilgan.

Oxirgi yillarda Moldova fermerlari issiqxonalarda uzum yetishtirish texnologiyasini amalda qo‘llamoqdalar. Ushbu texnologiya deyarli ikki baravar ko‘p hosil olish va maxsus muzlatgich omborxonalaridan foydalanilmagan holda mahsulotni 4-5 baravar qimmatroq narxda sotish imkonini beradi. Bundan tashqari, issiqxona usulida bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan ertachi uzumni yetishtirish mumkin. Yopiq usulda yetishtirilgan uzumning sifatiga sovuq havo, do‘l, yomg‘ir va shu kabi omillarning ta’siri deyarli yo‘q, zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish bilan bog‘liq xarajatlar keskin kamayadi. Bunday mahsulotning yuqori sifati tufayli uni iste’molchilarga yetkazib berish ham ancha qulay. Mahsulotning bu jihatlari supermarketlar tarmog‘i va ulgurji olib sotuvchilar uchun uning qiymatini oshiradi.

Uzum yetishtirishda issiqxona texnologiyasini amalda qo‘llagan birinchi fermerlar bu uslub an’anaviy usullarga qaraganda gektariga 6-10 baravar ko‘proq daromad olishlari mumkinligini tushunishdi. Shu bois, kelgusi yillarda uzum biznesining mazkur segmentini jadal rivojlanishi kutilmoqda. Kosteshti qishlog‘ida yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun mablag‘lar yetarli, sababi, an’anaviy usulda uzum yetishtirish biznesi ham daromadlidir.

Kosteshti Yevropada eng ko‘p mevalarni saqlash omborlariga ega hudud

Kosteshti qishlog‘ida mevalarni saqlash uchun 100 dan ortiq maxsus muzlatgichli omborxonalar mavjud. Bunday omoboxonalarning har birida 20 ming tonnadan ortiq mahsulotni saqlash mumkin.

Bu yerda uzum va olxo‘ri saqlash uchun muzlatgichlar qurilishi 15 yil oldin boshlangan. O‘sha yillarda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yildi. Eng keng tarqalgan xatolardan biri bu kichik hajmdagi muzlatgichlarning qurilishi bo‘ldi. Natijada, ularda mevalarni saqlash qiymati juda yuqori bo‘lib chiqdi, bu esa loyihalarning o‘zini oqlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining iqtisodchisi Andrey Yarmakning ta’kidlashicha, Moldovada agrobiznes rivojining dastlabki bosqichlarida bunday muzlatgichlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari emas, balki olib-sotarlar va ulgurji savdogarlar qurgan. Ular hosilni yig‘ish mavsumida uzumni arzonroq ko‘tara narxda sotib olib, ma’lum vaqt muzlatgichlarda saqlab, qimmatroq narxda sotishdi. Bu uslub maxsus omborlar (muzlatgichlar) soni oz bo‘lgan davrdagina yaxshi ish berdi va ulgurji savdogarlar daromadini ta’minlab berdi. Biroq, muzlatgichlar soni ko‘paygan sari bunday biznes tobora kamroq foyda keltira boshladi. Iqtisodchining fikriga ko‘ra mevalarni saqlash alohida biznes emas, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish biznesining ajralmas qismidir. Shu sabab, mevalarni saqlash maxsus omborxonalari asta-sekin fermerlar va ularning kooperativlari ixtiyoriga o‘ta boshladi. Agar fermer uzoq muddat saqlashga mo‘ljallangan ko‘p miqdordagi meva va sabzavotlarni yetishtirsa, u nafaqat mahsulot yetishtirish tannarxini, balki uni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni ham hisobga olishi lozim. Ko‘p hollarda mahsulotni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tokzor yoki bog‘larni barpo etish xarajatlaridan ham ko‘proqdir. Bu fermerlarning kooperatsiyasini yanada dolzarb qiladi.

Bu borada “Eko-Frukt” kooperativi yaqqol misol bo‘la oladi. Kooperativ a’zolari birgalikda (hamkorlikda) o‘z mahsulotlarini saqlaydi va shuningdek, boshqa fermerlarga ham meva saqlash xizmatlarini ko‘rsatadi. Kooperativ o‘zining zamonaviy muzlatgichli saqlash omboriga, mahsulotlarni saralash va qadoqlash liniyalariga ega. Bundan tashqari, kooperativ mahsulotlarni ichki bozor iste’molchilariga yetkazib berish va mustaqil ravishda eksport qilish uchun 7 ta yuk mashinasiga ega.

Moldova fermerlari federatsiyasi FARM direktorining o‘rinbosari Yuriy Xurmuzaki (Iurie Hurmuzachi) Kosteshti qishlog‘ida fermerlarning samarali kooperatsiya davri boshlanayotganligini ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, bu mintaqadagi mevalarni yetishtirish va sotishni rivojlantirishda muhim bosqichdir.

“Agar fermer ko‘proq sifatli mahsulotlar yetishtirsa, ularni zarur sharoitlarda saqlab, xarajatlarini kamaytira olsa, shunda u ko‘proq daromad oladi. Aynan kooperatsiyaga birlashish orqali Moldovaning uzumchi fermerlari o‘z daromadlarini oshirishi mumkin, deb o‘ylayman. Bu ularga ilg‘or texnologiyalarni amalda qo‘llash va shuningdek, o‘qib-o‘rganishga va eng muhimi marketingga sarmoya kiritish uchun mablag‘ topish imkonini beradi. O‘ylaymizki, vaqt o‘tishi bilan, Kosteshti Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uzumchilari uchun o‘ziga xos biznes maktabiga aylanadi. Biz doimo o‘z tajribamiz bilan bo‘lishish va boshqalardan o‘rganishga tayyormiz”, deydi Yuriy Xurmuzaki.

2018 yilda jahon uzum bozorining umumiy hajmi 167,9 milliard dollarni tashkil qildi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 254,29 milliard dollarga yetadi, ya’ni 51 foizga o‘sadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar