Ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash islohotlar muvaffaqiyatining asosi

Ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash islohotlar muvaffaqiyatining asosi

Bunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali (data.gov.uz) faoliyatini takomillashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan tegishli ma’lumotlar e’lon qilib borilishi hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida bo‘lishi lozim.

Investor biror davlatga investitsiya kiritishidan oldin o‘sha davlat haqida o‘rganadi

Ta’kidlash joizki, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning boshlanishi birinchidan, “his-tuyg‘u”ga asoslangan qaror qabul qilish usulidan fakt va statistik ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish usuliga o‘tish imkonini beradi.

Ikkinchidan, xorijiy investorlar investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan davlatlari haqida ma’lumotlarni batafsil o‘rganib chiqadi. Qiziqqan mamlakatlari haqida o‘zlarini qoniqtira oladigan ma’lumot topisha olmasa, u davlatga investitsiya kiritish fikridan qaytishadi.

Bundan tashqari, donorlar ochiq ma’lumotlarsiz biror bir yordam loyihasining samaralilik darajasini baholay olishmaydi. Shuningdek, hududdagi bemorlar soni va keng tarqalgan kasallik turlari haqida ma’lumotga ega bo‘lmagan tibbiyot sohasidagi xususiy firma kasalxona qurish uchun joy tanlash borasida noto‘g‘ri qaror chiqarishi mumkin.

Ochiqlik va oshkoralik hukumatni nazorat qilib borishni osonlashtiradi

Aslini olganda dalillarsiz, statistik ma’lumot va faktlarsiz rivojlanish jarayoni haqida aniq holatni bilish, yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarishning imkoni yo‘q. Xalqning hukumat faoliyatini nazorat qilib borishi va mas’ul rahbarlarning mas’uliyatni his etib faoliyat yuritishi ham aynan ma’lumotlarning ochiq e’lon qilinishiga bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, ochiq ma’lumotlarni jamoatchilik bilan ulashish uzoq muddatli rivojlanish va bu rivojlanish jarayonlari ustidan xalq nazoratini o‘rnatishning tayanch nuqtasi hisoblanadi.

"Open Data Challenge" xakatoni – ochiq ma’lumotlar tanlovi

Bularni inobatga olgan holda, mamlakatimizda "Open Data Tashkent – 2019" ochiq ma’lumotlar bo‘yicha xalqaro konferensiya va ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilova ishlab chiqish bo‘yicha yillik tanlov "Open Data Challenge" xakatoni o‘tkazildi.

Turli vazirlik va idoralar uchun "Ochiq ma’lumotlar", ularning ahamiyati va zarurligi, ulardan foydalanishning afzalliklari, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar to‘plamlarini joylashtirish yuzasidan ko‘nikmalarni hosil qilish bo‘yicha "Ochiq ma’lumotlarga kirish" malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi loyihalari va Jahon banki O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlarni faol rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidlab o‘tish zarur.

Ochiq ma’lumotlar manbalari reytingida O‘zbekiston 9-o‘rinda

Bunday xatti-harakatlarning natijasi o‘laroq Open Data Inception sayti taqdim etgan 100 mamlakat uchun ochiq ma’lumotlar manbalari reytingida O‘zbekiston 9-o‘ringa loyiq deb topildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda asosiy ochiq ma’lumotlarni taqdim etuvchi veb sahifalar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • - data.gov.uz;
  • - stat.uz;
  • - vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarning rasmiy veb-sahifalari.

Ayni paytda data.gov.uz ochiq ma’lumotlar portaliga 117 davlat organlari tomonidan 1960 ga yaqin ochiq ma’lumotlar to‘plami kiritilgan. Portaldan tegishli ravishda 650 mingdan ziyod fayllar yuklab olingan. Portalda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha milliy statistika, davlat byudjetiga oid ma’lumotlar, davlat xaridlari va tenderlar, milliy xarita, atrof-muhit, geoaxborot tizimlarning (GIS) ma’lumotlari, huquqiy, meteriologik ma’lumotlar o‘rin olgan.

Ochiq ma’lumotlar investorlarga ishonch beradi

Ochiq ma’lumotlar portallarini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda dunyo bo‘ylab axborot-tahliliy mahsulotni yaratishda asosiy manba sifatida ochiq ma’lumotlarga tayanadigan yangi kompaniyalarning paydo bo‘lishi va o‘sishi kuzatilmoqda.

Kompaniyalar o‘z faoliyatlarining samaradorligini oshirish, raqobatbardoshligini yaxshilash, yangi bozorlarga chiqish va aniqroq qarorlar qabul qilish maqsadida ochiq ma’lumotlardan keng foydalanishga ehtiyoj sezmoqda.

Bundan tashqari, ochiq ma’lumotlar tufayli ish beruvchi va potensial xodimni yanada samaraliroq birlashtiradigan mobil dasturlar yaratilishi, ish qidirayotganlarga ko‘nikmalariga yarasha ish topishga yordam beradi. Ochiq ma’lumotlar potensial investorlarga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, uning infratuzilmasi va manbalari to‘g‘risida zarur ma’lumotlarni olishga imkon beradi.

Portalning yangi talqini ishlab chiqilmoqda

Bularning hammasini inobatga olgan holda, hozirgi kunda, hukumat topshirig‘i bilan “Ochiq ma’lumotlar global indeksi”, “Ochiq ma’lumotlar barometri” xalqaro reytinglarida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yuksaltirish maqsadida portalning yangi talqinini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda. Barcha vazirlik va idoralarning bu ishda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida kelajakdagi qilinishi kerak bo‘lgan ishlar rejasi ustida ishlanmoqda. Masalan, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining “Yer uchastkasi chegaralari, yer uchastkasi kadastr raqami, yer boniteti va egalik huquqi”, “Asosiy avtomagistrallar, temir yo‘llar, gidrografiya, relef, davlat chegarasi va ma’muriy chegaralar, aholi punktlari”, “Ma’muriy zona koordinatalari, ma’muriy zonaning nomlanishi, zona chegaralari”, “Pochta indekslari manzillari va koordinatalari” to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq portalda joylashtirishi respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, faoliyat samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati to‘g‘risida xabardor qilishga katta turtki bo‘ladi.

Shunday ekan, ochiq ma’lumotlar ko‘lamining kengayib borishi o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan har qanday inson uchun ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash siyosatining bir qismi sifatida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi Baxtishod Xamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar