Markaziy bank asosiy stavkasi 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi

Markaziy bank asosiy stavkasi 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldi

Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolganini ma’lum qildi.

«Ushbu qaror iqtisodiyotda bir vaqtning o‘zida inflyasiyani oshiruvchi xatarlar va pasaytiruvchi omillarning mavjudligi sharoitida ijobiy real foiz stavkalarni ta’minlashga qaratilgan pul-kredit siyosati joriy yo‘nalishini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi» deyiladi xabarda.

Pandemiya sharoitida byudjet xarajatlarining ortishi va fiskal rag‘batlantirish iqtisodiy jarayonlar va faollikni qo‘llab-quvvatlashning asosiy omillaridan bo‘ldi.

Foiz stavkalari karantin davriga qaramasdan I yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijobiy iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish uchun sharoit yaratdi. Joriy yilning iyun-iyul oylarida narxlarning nisbatan sekinroq pasayishi va inflyasiya prognozidan biroz og‘ishi kuzatildi.

Bunda, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish masalasi keyingi boshqaruv yig‘ilishlariga qoldirildi va inflyasiya pasayish dinamikasining barqaror darajada shakllanishidan kelib chiqiladi.

Markaziy bank yil yakuni bo‘yicha inflyasiya prognozini 11-12,5 foiz darajasida o‘zgartirishsiz saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Joriy yilning I choragida yillik inflyasiya darajasi maqsadli ko‘rsatkichlar trayektoriyasidan pastroq bo‘ldi.

II chorakdan boshlab inflyasiya darajasi o‘tgan chorakka nisbatan biroz ko‘tarildi va iyun oyi yakunlari bo‘yicha 14,2 foizni tashkil etdi. Joriy yil ikkinchi choragida narxlarning o‘sishiga oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallariga bo‘lgan yuqori talab hamda iyun oyida meva va sabzavotlar narxining mavsumiy pasayishining kutilganidan ko‘ra sekinroq bo‘lishi kabi omillar oshiruvchi bosim ko‘rsatdi.

Ikkinchi chorakda bazaviy inflyasiya nisbatan yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘ldi va iyun oyida yillik 13,8 foizni tashkil etdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar