Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qoldi

Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qoldi

Markaziy bank inflyasiya prognozining pasayishidan kelib chiqqan holda, keyingi yig‘ilishlarda asosiy stavka darajasini pasaytirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Kelgusida ham Hukumat bilan birgalikda 2023 yilga qadar inflyasiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha choralar ko‘riladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. Joriy yil aprel oyida pandemiya ta’sirida inflyasiya 1,7 foizni tashkil etdi va bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalariga bo‘lgan talabning keskin o‘sishi va unga bozor narxlarining moslashishi bilan izohlanadi.

May oyida narxlarning umumiy darajasi ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining pasayishi, pandemiyaga qarshi cheklov choralarining yumshatilishi va iqtisodiy faollikning asta-sekin tiklanishi hisobiga nisbatan barqarorlashdi. Joriy yilning may oyida narxlar 0,3 foizga o‘sib, yillik inflyasiya 14 foizni tashkil etdi va prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, pandemiya sharoitida aholi tomonidan asosan oziq-ovqat va dori-darmon tovarlariga ehtiyoj yuqori bo‘ldi va bir vaqtning o‘zida nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaydi hamda bu o‘zgarishlar iste’mol narxlari indeksida ham o‘z aksini topdi.

O‘z navbatida, bu omil aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflyasiya darajasi hamda inflyasion kutilmariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi.

May oyida iste’mol narxlarining nisbatan barqarorlashishi bilan inflyasion kutilmalarda ham pasayish kuzatildi, lekin hali ham inflyasion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Iqtisodiy faollik. Joriy yil aprel oyida cheklov choralari va jahon bozorlaridagi vaziyatning yomonlashuvi sababli iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatildi. Ishlab chiqarishning qisman to‘xtatilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining kamayishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning qisqarishiga olib keldi.

Xususan, banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan o‘tkazmalarning umumiy soni sezilarli darajada kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichning pasayishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aprelda 39,8 foizni, mayda esa 34,7 foizni tashkil etdi. Eng katta pasayish aprel oyida kuzatilgan bo‘lib, may oyida asta-sekin tiklanish kuzatila boshlandi va o‘tkazmalar hajmi aprel oyiga nisbatan 7,6 foizga o‘sdi.

May oyida, shuningdek, tijorat banklariga savdo va pullik xizmatlardan naqd pullar tushumi ham tiklana boshlandi. Xususan, aprelda banklarga 3,4 trln. so‘mlik naqd pul tushumi kelib tushgan bo‘lsa, mayda mazkur ko‘rsatkich 44 foizga oshib, 4,9 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga, may oyida savdo va pullik xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlarda terminal orqali to‘lovlar hajmi aprelga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 5,2 trln. so‘mga yetdi.

Shu kabi holat O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi savdolarida ham kuzatildi. Joriy yil aprelda savdo hajmi oldingi oyga nisbatan 9,4 foizga pasaygan bo‘lsa, may oyida 39,7 foizga o‘sdi.

Bundan tashqari, transchegaraviy pul o‘tkazmalari oqimi tiklanmoqda va bu o‘z navbatida, aholining iste’mol kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, may oyida pul o‘tkazmalari hajmi aprelga nisbatan 234 mln. dollarga ko‘paydi va 484 mln. dollarni tashkil etdi.

Sanoat mahsulotlari sohasida may yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarishning aprelga nisbatan 27 foiz bandga tiklanishi kutilmoqda.

Shuningdek, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha qurilish sohasida o‘sish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizdan ziyodga ko‘payishi, qishloq xo‘jaligi sohasida esa 3 foiz atrofida yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Umuman olganda, may oyida cheklov choralari yumshatilishi bilan vaziyat yaxshilana boshladi va iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Pul-kredit sharoitlari. 2020 yilning o‘tgan 5 oyida ham Markaziy bank bir maromda qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qoldi. Aprelda asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishiga qaramay, depozitlar va kreditlar bozorida ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qolmoqda.

Joriy yil aprelda milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi martga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib,

24,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, milliy valyutadagi 1 yildan ortiq muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 0,5 foiz bandga oshib, 19,3 foizga teng bo‘ldi.

Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarining pasayishi umumiy kredit portfelida yuqori foiz stavkali iste’mol kreditlari ulushining qisqarishi bilan izohlanadi va kelgusi oylarda ham mazkur tendensiyaning saqlanib qolishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sishi, valyuta almashuv kursi o‘zgarishlarini hisobga olmaganda, may oyida aprelga nisbatan (2,2 foizdan 2,8 foizgacha) tezlashdi va 5 oy yakunlari bo‘yicha

14,4 foizni yoki 30,0 trln. so‘mni tashkil etdi.

Umumiy pul massasi esa 2020 yil 1 iyun holatiga 99,2 trln. so‘mni tashkil etib, asosan so‘nggi 2 oyda sezilarli (8,7 trln. so‘mlik yoki 9,7 foizlik) o‘sish kuzatildi. Bunda muddatli depozitlar o‘sish sur’atlari aprel oyidagi sekinlashishdan so‘ng, may oyiga kelib yana tiklandi va yillik 12,3 foizni tashkil etdi.

Pandemiyaning likvidlikni shakllantiruvchi omillarga ta’siri natijasida tijorat banklari tomonidan depozit operatsiyalariga talab qisqargan bo‘lsa, aksincha REPO va SVOP operatsiyalariga talab ortib bormoqda. Xususan, 2020 yil fevral-may oylarida Markaziy bankning o‘rta muddatli depozit operatsiyalari orqali o‘rtacha 425 mlrd. so‘mlik likvidlik jalb qilindi. REPO va SVOP operatsiyalari orqali esa o‘rtacha 673 mlrd. so‘mlik likvidlik taqdim etildi. Bunda operatsiyalar o‘rtasidagi sof farq 248 mlrd. so‘mni tashkil etib, banklar likvidligini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan biri bo‘ldi.

Joriy yil may oyida banklararo pul bozorining faollashuvi kuzatildi va jami amaliyotlar hajmi 4,4 trln. so‘mni tashkil etib, aprelga nisbatan 2,0 trln. so‘mga (85,0 foizga) ko‘paydi.

Bunda 14 kungacha bo‘lgan depozitlar foiz stavkasi ayrim tebranishlar bilan foiz koridori doirasida shakllangan bo‘lsa, uzoq muddatli resurslarga bo‘lgan talabning yuqoriligi sababli 30 kungacha va undan ortiq muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari nisbatan yuqori bo‘ldi.

Milliy valyuta kursi tashqi va ichki omillar ta’sirida aprel oyida 5,8 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, may oyida nisbatan barqaror darajada shakllandi.

Xatarlar va noaniqliklar. Karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishiga qaramay, iqtisodiyotda inflyasion jarayonlarning istiqbollari bo‘yicha ikki tomonlama omillar – bir tomondan, yalpi talabning zaiflashishi bilan bog‘liq pasaytiruvchi omil va ikkinchi tomondan cheklangan taklif sharoitida narxlarning o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillar bilan bog‘liq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Bundan tashqari, asosiy savdo hamkorlarimiz iqtisodiyotining tiklanishi hamda biznes yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashishining uzoqroq muddatga cho‘zilishi ma’lum bir noaniqliklarni keltirib chiqaradi.

Bunda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash uchun asosiy mahsulotlarning zaxiralarini to‘ldirish va taklifini oshirish choralarini ko‘rish zarur.

Birinchi yarim yillik oxiriga kelib, almashuv kursining aprel oyidagi tashqi va pandemiya sharoitlariga to‘g‘rilanishining ta’siri pasayishi hamda yillik inflyasiyaning joriy darajasi (14-14,5 foiz) saqlanib qolishi kutilmoqda.

Markaziy bank yil oxiriga qadar inflyasiya prognozini 11-12,5 foiz darajasida saqlab qolishi va bunda II yarim yillikda inflyasiyaning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Mazkur kutilmalarning asosiy omillari sifatida faollikning asta-sekin tiklanishi bilan yalpi taklifning talab bilan muvozanatlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz saqlanib qolishini keltirish mumkin.

Iyun va iyul oylarida yillik inflyasiya pasayish tendensiyasining oraliq maqsadli ko‘rsatkichlardan past darajada saqlanib qolishi yilning II yarmida asosiy stavkani pasaytirish uchun sharoit yaratadi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyasiya omillari va xatarlarining mohiyatini chuqur o‘rganishda davom etadi va inflyasiya prognozi dinamikasi asosida asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar