Markaziy Osiyo va koronavirus: Nimalarni kutish mumkin?

Markaziy Osiyo va koronavirus: Nimalarni kutish mumkin?

Xitoyning qo‘shnilari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Mongoliya hozircha dunyo xaritasidagi koronavirus yuqmagan yagona markaziy “dog‘” bo‘lib qolmoqda. Vaholanki, uni o‘rab turgan barcha mamlakatlar vatandoshlariga virus yuqqanini xabar qildi. Uzanalytics.com saytida koronavirusning iqtisodiy ta’siri haqida maqola chop etildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus bilan zararlangan bemorlar dunyoning 75 ga yaqin mamlakatlarida aniqlangan va ularning umumiy soni 91 mingga yaqinlashdi. Ko‘plab epidemiologlar fikricha, ushbu virusni tiyib turish qiyin – u o‘ta yuqumli. Koronavirus Eron, Janubiy Koreya va Italiyada ko‘plab kishilarga yuqqani qayd etildi. O‘sha mamlakatlarda maktablar, universitetlar, kinoteatrlar yopilmoqda. Yaponiyada bosh vazir Sindzo Abe 2 martdan boshlab barcha maktablarni yopishni talab qilmoqda.

Shuning uchun virusning Markaziy Osiyo mintaqasida paydo bo‘lishini kutsa bo‘ladi, yana mintaqa mamlakatlari hokimiyati epidemiyaning oldini olish va uni yuqtirganlarni davolashni eplay oladi, deb faqat umid qilish mumkin, xolos. Ammo koronavirusning Markaziy Osiyoga iqtisodiy ta’siri uzoq va og‘ir bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Virusning jismoniy hujumi

Nima uchun Markaziy Osiyoda yangi turdagi virusni yuqtirganlik holatlari aniqlangani haqida xabar berilmayapti? Bu sog‘liqni saqlash idoralari faoliyatining o‘ziga xosligi yoki kasallikni aniqlashning ishonchsiz statistikasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo xaritaga qaralsa, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalari hammadan ko‘p bo‘lgan Shinjon bilan Markaziy Xitoy aholisi virusga kam chalinganini ko‘rish mumkin. Shinjon Uyg‘ur muxtor tumanida (ShUMT) 3 mart holatiga ko‘ra 76 ta virus yuqtirganlik holati aniqlandi. Epidemiya markazi Vuhan Markaziy Osiyodan jug‘rofiy joylashuviga ko‘ra ham, ishbilarmonlik aloqalari nuqtai nazaridan ham bir oz uzoq. U yerda avtomobilsozlik kompaniyalari jamlangan, shu sababli asosiy ish aloqalari Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan yuritilmoqda. Qozog‘iston Jahon iqtisodiyoti va siyosati institutining (JISI) Xitoy va Osiyo tadqiqotlari dasturi bosh eksperti Anton Bugayenko CAANga (Markaziy Osiyo tahliliy tarmog‘i) bildirishicha, haligacha to‘liq karantin davom etayotgan Hubey viloyati muhim transport kesishmasida joylashgan bo‘lib, ishlab chiqarish markazidir. U yerda avtomobillar yasaladigan qismlarni ishlab chiqaradigan yuzdan oshiq zavod, jumladan, Robert Bosch, Valeo va ZF Friedrichshafen joylashgan.

Markaziy Osiyoda hokimiyatning avtoritar tabiati ijobiy rol o‘ynayotgan bo‘lsa ajab emas – hukumatlar vatandoshlarini tezlik bilan Xitoydan olib chiqib ketdi, barcha keluvchilarga karantin joriy qildi, buning uchun ba’zan qattiq kuch resursidan foydalandi, karantinga tushgan kishilarning shikoyatlariga qarab o‘tirmadi. Qirg‘izistonda ayni paytda 141 kishi shifokorlar nazorati ostida bo‘lib turibdi; bu yerda Vuhandan kelgan bir kishida virus bo‘lishi mumkinligi gumon qilindi, lekin keyinchalik uning sog‘lom ekani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘istonda Xitoydan qaytib kelgan uchoqdagi ayrim yo‘lovchilar karantinga joylashtirildi. Tojikiston hokimiyati Eronga parvozlarni taqiqlab qo‘ydi. Lekin ushbu mamlakat vatandoshlarining Eron bilan bordi-keldisi qalin ekanini, EIRdagi infeksiya miqyosi va Tojikistondagi tibbiy potensial zaifligi hisobga olinsa, u yerda virusning paydo bo‘lish ehtimoli qo‘shnilariga qaraganda yuqoriligi ayon bo‘ladi.

Markaziy Osiyo vatandoshlarining Sharqiy Osiyo va Erondagi faolligi kamayishi ushbu mamlakatlarda kasallik yuqqan holatlar yo‘qligini tushuntiruvchi umidbaxsh omil bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin Markaziy Osiyo aholisi endi ko‘proq Rossiya bilan Yevropaga safar qilayotgani xavotir uyg‘otadi va bu safarlar yangi virusni yuqtirish xavfini oshiradi.

Iqtisodiy ta’sir

Virusning jahon iqtisodiyotiga ta’siri ko‘proq tashvish uyg‘otmoqda – jahon moliya bozorlari bir haftadan beri izchil pasayish tamoyiliga ko‘chdi. Jismoniy chegaralarni yopish, aholi faolligini to‘xtatib turish hamda iste’mol bilan ishlab chiqarishni kamaytirish birinchi navbatda jahon savdosi sur’ati muqarrar tarzda pasayishini anglatadi. Ushbu globallashuv omili bir zamonlar dunyo aholisi uchun bir qancha ijobiy hodisalar, jumladan, turli-tuman tovarlarni hamyonbop narxlarda sotib olishni ta’minlab bergan edi. Harvard universiteti xodimi Jeffri Frankel yozishicha, “Virusning qo‘qqisdan tarqab ketishi AQSh prezidenti Donald Trampning savdo siyosati bilan birga tobora o‘sib borgan xalqaro savdo-sotiq global tinchlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlab turgan davr tugaganini anglatishi mumkin”.

So‘nggi o‘n yillikda Xitoy iqtisodiyoti oldingidan ko‘ra pastroq sur’at bilan o‘sgani va Xalqaro valyuta jamg‘armasining Xitoy uchun 2020 yilgi o‘sish sur’atini joriy prognoz sifatida 5,6 foizga qadar kamaytirgani – bu 1990 yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi – hisobga olinsa, dunyo iqtisodiyoti o‘sishiga tahdid ancha jiddiy ekani ayon bo‘ladi. Ammo boshqa ssenariyga ko‘ra, Xitoy YaIM o‘sishi 3,5 foizgacha tushib ketishi aytilmoqda.

‒ Bu global o‘sishni ancha-muncha qiyinlashtirishi mumkin, – deya ta’kidlaydi Frankel, chunki jahon iqtisodiyoti har qachongidan ko‘ra Xitoy iqtisodiyotiga bog‘lanib qolgan. 2003 yilda Xitoy YaIM hajmi jahon YaIMining 4 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, joriy almashuv kursiga ko‘ra, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 17 foizga yetdi. Bundan tashqari, Xitoy tovarlar yetkazib berish zanjirining global markazi bo‘lgani sababli ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan to‘xtab qolishlar boshqa joylardagi ishlab chiqarish jarayonlariga putur yetkazadi… Xitoyning barcha asosiy savdo sheriklari qaltis ahvolda qoladi.

Xitoyning o‘zida hokimiyat iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish rejasini e’lon qildi hamda vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqda, ammo yilning eng muhim voqeasi bo‘lmish va har yili martning dastlabki kunlarida o‘tkaziladigan Umumxitoy xalq vakillari majlisi va Xitoyning xalq bilan siyosiy maslahat kengashi yig‘inlari baribir noma’lum muddatga ko‘chirildi.

Xitoy Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun eng yirik savdo sherigi hisoblanadi hamda Osmonosti yurtining Markaziy Osiyo mamlakatlariga ekportiga oziq-ovqat mahsulotlaridan tortib, oraliq foydalanish tovarlarigacha kiradi. Anton Bugayenko ta’kidlayotganiday, Qozog‘istonning oziq-ovqat bozori bir qancha sohalar bo‘yicha Xitoydan yetkazib beriladigan tovarlarga qattiq bog‘lanib qolgan. Xususan, (YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan savdo-sotiqni hisobga olmaganda) import qilinayotgan pomidorlarning 44 foizi (15,5 million AQSh dollari), dukkakli mahsulotlarning 80 foizi (160 ming dollar), sabzavotlarning 50 foizi (16,5 million dollar), yong‘oqlarning 39 foizi (11 million dollar), sitrus mevalarining 56 foizi (15,8 million dollar), shaftoli va o‘rikning 23 foizi (22 million dollar) va gullarning 60 foizi (200 ming dollar) Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bugayenko qayd etishicha, Xitoyda 2020 yil yanvaridagi iste’mol inflyasiyasi har qanday kutilmadan oshib ketdi va yillik hisob bo‘yicha 5,4 foiz bo‘ldi. Vaholanki, 2019 yil dekabrida bu ko‘rsatkich 4,5 foiz bo‘lgan edi. Xitoy bozorida tovarlarning qimmatlashuvi oziq-ovqat inflyasiyasini, ayniqsa, tovarlar tanqis bo‘ladigan qishqi va ko‘klamgi davrda oshirib yuborishi mumkin. Buni Markaziy Osiyo aholisi uchun yaxshi xabar deb bo‘lmaydi, chunki devalvatsiya – pul kursi pasayishining so‘nggi raundidan beri aholining talabi zaif bo‘lib qolmoqda va daromadlari uncha ko‘p o‘smadi.

Xitoyning mintaqadan energiya resurslari va boshqa xom ashyoni import qilishi bilan bog‘liq vaziyat yanada xavotirlidir. Mabodo Xitoy ichki bozoridagi talab pasayishi bilan bog‘liq tarzda o‘sha import pasayadigan bo‘lsa, bu mintaqaga valyuta oqib kelishi kamayishiga va dollar narxi oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Albatta, Xitoy va boshqa rivojlangan mamlakatlarda energiya resurslariga bo‘lgan talab tushib ketsa (bunga faollik, yuk tashish, odamlarning bir joydan ikkinchi joyga parvoz qilishi va hk. bevosita ta’sir ko‘rsatadi), bu neft narxi uzoq vaqt pasayishiga olib keladi. Shusiz ham neft narxi joriy haftada yillik eng past nuqtaga yetdi, “Brent” navli neftning bir barreli 51 dollarga tushib qoldi. Bu moliya bozorida boshqa noxush holatlarni ham keltirib chiqardi. Qozog‘iston bilan O‘zbekistondan Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish 20 foiz qisqardi. Ushbu qisqa muddatli tamoyilni o‘nglasa bo‘ladi, ammo bunday qisqarish uzoq davom etadigan bo‘lsa, falokat muqarrar. Neft narxlarining pasayishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ikki tomonlama muammo tug‘diradi, ya’nikim Qozog‘iston va Turkmaniston singari energiya resurslarini eksport qiluvchi mamlakatlarga bevosita, boshqa mamlakatlar – Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Sababi neft narxlari pasayishidan zarar ko‘radigan Rossiyadagi salbiy ta’sir ushbu mamlakatlarga ham o‘tadi.

“Makon va yo‘l” tashabbusini amalga oshirish sustlashib qoladi

Yevroosiyo markazida joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoy bilan Yevropa o‘rtasida tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha logistika zanjirining muhim bo‘g‘ini edi. Koronavirus “Makon va yo‘l” singari inqilobiy tashabbusni (Belt and Road, BRI) amalga oshirishga tahdid soladimi?

Bunday xavotirlarga asos bor: bugun Xitoyning o‘zida aksariyat yirik sanoat korxonalari to‘liq quvvat bilan ishlayotgani yo‘q, sayyohlar oqimi to‘xtab qoldi, iqtisodiyot sur’ati sustlashmoqda. Bunday sharoitda Xitoyning “Makon va yo‘l”day global loyihasi faol amalga oshirilishini tasavvur qilish qiyin. Biroq adolat yuzasidan shuni ham qayd etish zarurki, uni amalga oshirish bir qancha vaqt oldin koronavirus bilan bog‘liq tarzda emas, aksincha, Xitoyning haddan oshiq shiddatli sa’y-harakatlari bois ayrim qiyinchiliklarga duch kelgan edi.

Yaqinda Qirg‘izistonda Xitoyga qarshi norozilik namoyishlaridan so‘ng “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasidagi ulkan loyiha barbod bo‘ldi. Xususan, Qirg‘iziston bilan Xitoy chegarasidagi “At-Bashi” erkin savdo zonasini tashkil etish loyihasi yopildi. U Norin viloyatida chegara osha savdo-sotiq qilish hamda mamlakatlar o‘rtasida tovarlar erkin harakat qiladigan hayotiy jihatdan muhim yo‘lak bo‘lishi kerak edi. Biroq Xitoyga qarshi ko‘p ming kishilik mitinglardan so‘ng tomonlar kelishuvlarni bekor etishga majbur bo‘ldi, Qirg‘iziston hukumati esa investorga 45 million somlik mablag‘ni qaytarishi kerak. Ushbu holat Markaziy Osiyo mamlakatlarida Xitoy bilan bog‘liq qo‘rquv yuqoriligicha qolayotganidan dalolat beradi.

Xitoyning “Makon va yo‘l” tashabbusi bo‘yicha mintaqadagi eng muhim sherigi Qozog‘iston muqobil rivojlanish yo‘llarini axtarib topishi kerak bo‘ladi. Qozog‘iston iqtisodiyotini rag‘batlantirishga qaratilgan ko‘plab hukumat dasturlari mamlakatning tranzit salohiyatini ishga solish umidi bilan bog‘liq. Qozog‘istonning Xitoy bilan chegaradosh Almati va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlari aholisi tobora savdo-sotiq, logistika sohalarida va Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi ishlab chiqarishda mashg‘ul bo‘lib bormoqda. Xitoydan “Makon va yo‘l” tashabbusi doirasida 51 ta korxonani ko‘chirish bo‘yicha keng qamrovli investitsiya dasturi amalga oshirilmoqda. Unda Xitoydan uskunalar, hatto xodimlarni olib kirish ko‘zda tutilgan. Qozog‘iston hokimiyat idoralari xabar qilishicha, Atirau viloyatida polipropilen ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha hayotga tatbiq etilayotir, unga Xitoyning 400 nafar vatandoshi jalb etilgan, shulardan 161 Xitoy vatandoshi so‘nggi haftada mamlakatga kira olmadi. Bundan tashqari, umuman olganda, neft va gaz kompaniyalarida Chin yurtining 800 nafar vatandoshi ishlaydi, shularning ham 350 nafari koronavirus sabab Qozog‘istonga kira olmayapti. Xitoyning bank sohasidagi muammolarni va “yomon qarzlar” hajmini hisobga olib, ushbu mamlakatdan ayni investitsiya loyihalariga sarmoya oqib kelishi pasayishi mumkin, chunki buhron cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, bank sohasidagi muammolar faqat ko‘payishi mumkin. Buning ma’nosi shuki, “Makon va yo‘l” tashabbusi faolligi pasayishi aniq: amalga oshirish bosqichida bo‘lgan loyihalar to‘xtatib turiladi. Rejalashtirilgan loyihalar, jumladan, memorandumlarni imzolash bosqichida bo‘lgan loyihalar bekor qilinsa ajab emas.

Shusiz ham butun dunyodagi millatchilik va proteksionizm – ichki bozorni himoya qilish ko‘payayotganidan zarar ko‘rayotgan globallashuvni koronavirus to‘xtatib qo‘yadimi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, Markaziy Osiyo mamlakatlari globallashuvga muqobil rivojlanish yo‘llari haqida bosh qotirishi, ya’ni mintaqaning o‘ziga ko‘proq e’tibor qaratishi, Xitoyga bir tomonlama qaramlikni va energetika bozorlari holatiga qaramlikni asta-sekin kamaytirib, tashqi iqtisodiy aloqalarni rang-baranglashtirishi lozim bo‘ladi. Boshqa tarafdan olib qaraganda, okeandan uzilib qolgan mintaqa uchun muqobil yo‘llar unchalik ko‘p emas. Xitoydagi virus bilan bog‘liq vaziyat beqarorligi yil davomida saqlanib qoladigan bo‘lsa, mintaqaviy va Yevroosiyo savdo-sotig‘i imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi. Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-sotig‘ini va investitsiyalar jalb etishni, bir oz bo‘lsa-da, Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlari tomon qayta yo‘naltirish taqozo etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar