Navoiy viloyatining 4 ta hududi koronavirus o‘chog‘iga aylandi, Shofirkon qizil hududga kiritildi

Navoiy viloyatining 4 ta hududi koronavirus o‘chog‘iga aylandi, Shofirkon qizil hududga kiritildi

So‘nggi kunlarda respublikamizning bir qancha hududlari qatori, Navoiy viloyatida ham aholi orasida kasallikka chalinayotganlar ko‘paymoqda.

Yuqori malakali shifokor-olimlar, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborildi. Ular mahalliy mutaxassislarga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ayni paytda viloyatda 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugungi kun holatiga ko‘ra, ulardan 12 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 107 nafar bemorga shifokorlar tomonidan davolash muolajalari olib borilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda kasallik, asosan, beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin. Jumladan, birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkincha va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.

Shundan kelib chiqqan holda, hududda karantin qoidalarini yanada kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura xodimlari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda.

Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy uchoq bo‘lmish, Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, joriy yil 26 may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan joriy yil 8 maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatining Shofirkon tumani ham "qizil" hududga kiritildi va 28 maydan ushbu hududga kirib-chiqish to‘xtatildi.

27 may kuni Shofirkon tumanida bitta oilaga mansub 7 nafar fuqaroda koronovirus infeksiyasi aniqlangandi. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlardan dastlabki test namunalari olinmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar