Nodir Jumayev: Monopol kompaniyalarni «parchalab», aktivlarini bozorga olib chiqishimiz kerak

Nodir Jumayev: Monopol kompaniyalarni «parchalab», aktivlarini bozorga olib chiqishimiz kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat’iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, hukumat oldiga bir necha savol qo‘ydilar:

  • korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi?
  • chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi?

Prezidentimiz fikrlarini davom ettirib, «Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat’iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi», deb alohida ta’kidladilar.

Shu kecha-kunduzda respublikamiz uchun raqobat va monopoliya o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy iqtisodiyot va davlat iqtisodiy siyosatining dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlatning antimonopol siyosati o‘nlab yillar davomida shakllangan va iqtisodiy muhitning o‘zgaruvchanligi tufayli doimiy takomillashib borishni talab qiladi. Demak biz ham, jahon tajribasidan kelib chiqib, monopoliyaga qarshi kurashda «qat’iy choralar ko‘rish»imiz kerak.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, umuman olganda, har qanday sohaga, masalan, energetika tizimi korxonalarning energiya sotish faoliyati bilan bog‘liq quyidagi asosiy muammolarga e’tibor qarataylik:

  • elektr energetika kompaniyalarining iste’molchilar bilan munosabatlari dunyoda qabul qilingan standartlardan uzoqligi;
  • energiya iste’molchilariga muntazam ravishda debitorlik qarzlari mavjudligi;
  • iste’molchi bilan kommunikatsiya siyosatining yo‘qligi va iste’molchilar manfaatlariga e’tibor bermasligi va boshqalar.

Afsuski, bu kabi muammolar ko‘pgina yirik kompaniyalarimizga xosdir.

Bularning barchasi yillar davomida iqtisodiyotimizda monopolistik tendensiyalar shakllanishi ichki bozorning tuzilishi va bozor munosabatlarini to‘la shakllanmasligiga hamda ichki monopoliyaga qarshi qonunning nomukammalligini natijasidir.

Bu degani, monopol korxonalar uchun ishlab chiqarish samaradorligini oshirish rivojlanishning asosiy vositasi emas. Bundan biz ayanchli xulosa chiqarishimiz mumkin:

  • monopolist korxona taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga intilmaydi, xodimlarning professionalligini oshirishga mablag‘ kiritmaydi, tabiiyki bular barchasi korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga salbiy izini qoldiradi.

Sifatsiz xizmat uchun iste’molchilar ham to‘lovlarni amalga oshirishda shoshilmaydilar. Oqibatda, moliyaviy beqarorlik tizim korxonalarini ishlab chiqarish faoliyatini qiyinlashtiradi. Xizmatni qimmatlashishga olib keladi. Eng yomoni kapital qo‘yilmalarning tizimga kiritmaslik sohada zarur innovatsion jarayonlarni amalga oshirishga, ta’minot uchun to‘lovlarni amalga oshirishga, mavjud bo‘lgan asosiy vositalarga to‘liq xizmat ko‘rsatishga va hokazolarga imkon bermaydi.

Bundan moliyaviy «tanqis» holatlarda monopol tizim korxonalari nima qilishlari mumkin, avvalo, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish hajmini modernizatsiya qilishni cheklash, o‘z xarajatlarini «kamaytirish» ga majbur qilmoqda, ya’ni faqat eng zarur ishlar bajariladi. Bu, o‘z navbatida, texnik nosozliklar tufayli yo‘qotishlar bilan bog‘liq quyidagi yo‘qotishlarning «zanjirli reaksiya»ni keltirib chiqaradi.

Demak, monopollashgan iqtisodiyotda iqtisodiy inqiroz yanada halokatli oqibatlarga olib keladi, chunki bozorning moslashuvchanligi pasayadi.

Maqsadda o‘zgarish qilish kerak, ya’ni faoliyat iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanishni nazorat qilish, energiya tejash va shu bilan xarajatlarni kamaytirish uchun emas, balki iste’molchi quvvatidan foydalanishni optimallashtirishga qaratilishi lozim.

Modomiki, bu monopoliya orqali iqtisodiyotning barcha muhim sohalari shunchaki raqobatdan qochar ekan, boshqa qo‘shimcha tartibga solish vakolatlarini muhokama qilish me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish samarasiz, deb hisoblayman.

Raqobatni rivojlantirish uchun milliy iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni kengaytirishimiz kerak. Biz to‘laqonli raqobat muhitini yaratish uchun monopoliyalar bilan kurashda qat’iy bo‘lib, monopol kompaniyalarni «parchalab», aktivlarini bozorga olib chiqishimiz kerak.

Nodir Jumayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar