Oltin-valyuta zaxiralari va suveren boylik fondlari: ularni boshqarish va makroiqtisodiy barqarorlik

Oltin-valyuta zaxiralari va suveren boylik fondlari: ularni boshqarish va makroiqtisodiy barqarorlik

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz davrida oltin-valyuta zaxiralari va ularning makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish, shu jumladan suveren boylik fondlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tahliliy tadqiqot o‘tkazildi. Oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish bo‘yicha xalqaro amaliyot hamda xalqaro zaxiralar yetarliligi o‘lchovchi mezonlar o‘rganildi. Koronavirus inqirozi davrida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralaridagi o‘zgarishlar, ularning yetarliligi darajasi chuqur tahlil etildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribada suveren boylik fondlarining (Sovereign Wealth Funds) o‘rni, ushbu fondlarni samarali boshqarish hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini boshqarish amaliyotiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Suveren boylik fondlari: maqsadlari, ularni boshqarish

Suveren boylik fondi turli manbalardan shakllantiriladigan davlat investitsiya fondi hisoblanadi. Odatda suveren boylik fondlarida jamg‘ariladigan mablag‘lar tabiiy resurslar eksportidan tushadigan (kutilganidan) ortiqcha tushumlar, tashqi savdo profitsiti, byudjet profitsiti, valyuta operatsiyalari, xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘lar hisobiga shakllanadi. Ayrim mamlakatlarda suveren boylik fondlarining ma’lum bir qismi oltin-valyuta zaxiralari tarkibiga kiritilishi mumkin.

Dunyo bo‘ylab suveren boylik fondlarining aksariyati tabiiy resurslarni eksport qiluvchi mamlakatlarga tegishli. Suveren boylik fondlari maqsadlaridan kelib chiqib ularni turli guruhlarga ajratish mumkin:

1) Barqarorlashtirish fondlari;

2) Jamg‘arma yoki kelajak avlod fondlari;

3) Davlat pensiya zaxira fondlari;

4) Zaxira investitsiya fondlari;

5) Strategik rivojlantirish milliy boylik fondlari.

Umuman olganda, suveren boylik fondlari asosan uch xil vazifani bajaradi: jamg‘arish, ehtiyotkorlik, “bufer” vazifalari (Jahon banki, 2014). Masalan, kelajak avlod fondlari qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslarning bir kun kelib tugashini hisobga olib, uzoq muddatli maqsadlarni, shu jumladan jamg‘armalarni avlodlararo teng taqsimlanishini nazarda tutadi.

1-jadval. Suveren boylik fondlarining vazifalari

Vazifalar

Investitsiya maqsadlari

Strategik aktivlarni taqsimlash

Jamg‘arish

Avlodlararo tenglik, milliy jamg‘arma, uzoq muddatli muayyan majburiyatlarni yoki shartli majburiyatlarni (pensiya) to‘lash

Uzoq muddatli investitsiya gorizonti, o‘rtacha va yuqori riskli aktivlar bilan diversifikatsiya qilish, qisqa muddatli istiqbolda past likvidlilik talabi

Ehtiyotkorlik

Qisqa va uzoq muddatli istiqbolda resurslar eksportidan tushumlar o‘zgaruvchanligi bilan to‘qnash kelinganda xarajatlarni barqarorlashtirish

Likvidlik, xavfsizlik (kapitalni saqlash), qisqa va o‘rta muddatli investitsiya gorizonti

“Bufer”

Belgilangan mablag‘larni assimilyasiya qilish qobiliyatining cheklanishiga mos ravishda o‘zlashtirishni amalga oshirish uchun ushlab turish

Xavfsizlik (kapitalni saqlash), likvidlik, qisqa va o‘rta muddatli investitsiya gorizonti

Manba: Jahon banki, 2014

Iqtisodiyoti neft ekportiga bog‘liq davlatlarda (masalan, Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt) suveren boylik fondlari jahon bozorida neft xom-ashyosi narxi o‘zgaruvchanligi ta’sirini yumshatish uchun ehtiyotkorlik vazifasini bajaradi. Shuningdek, iqtisodiy inqirozlar davrida suveren boylik fondlari ichki va tashqi shoklarga “bufer” bo‘lib xizmat qiladi.

Odatda, suveren boylik fondlari bo‘yicha tahlil o‘tkazishdagi eng murakkab jarayon bu ma’lumotlarni to‘plash hisoblanadi. Chunki ko‘plab suveren boylik fondlari o‘zining aktivlari hajmi, investitsiya siyosati va korporativ boshqaruv amaliyoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umuman ochiqlamaydi.

Suveren boylik fondi institutining top-88 eng yirik suveren boylik fondlari reytingiga ko‘ra, hozirgi kunda Norvegiya davlat pensiya fondi Global (aktivlari – 1,1 trln. AQSh doll.), Xitoy investitsiya korporatsiyasi (941 mlrd. AQSh dol.), Abu Dabi investitsiya boshqarmasi (580 mlrd. AQSh doll.), Quvayt investitsiya boshqarmasi (534 mlrd. AQSh doll.) va GongKong monetar boshqarma investitsiya portfeli (528 mlrd. AQSh doll.) dunyoning eng yirik 5 ta suveren boylik fondlari hisoblanadi. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi esa qariyb 20 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi aktivlari bilan mazkur reytingda 35-o‘rinni egallagan.

Bunday katta miqdordagi aktivlari mavjud fondlarni boshqarish murakkab jarayon hisoblanadi. Shu bois, suveren boylik fondlariga ega davlatlar quyidagi kabi savollarga yechim izlashga harakat qilishadi: Qanday qilib suveren boylik fondlari aktivlaridan samarali foydalanish mumkin? Jamg‘armalarni qanday investitsiya qilish lozim? O‘zgaruvchan resurslar bozorining salbiy ta’sirlarini yumshatish uchun ehtiyot chorasi sifatida qancha miqdorda zaxiralarni likvid aktivlarda ushlab turish kerak?

Odatda, suveren boylik fondlarning ko‘pchiligi jamg‘arilgan mablag‘larini faqatgina tashqi aktivlarga, ayniqsa, yirik bozorlarda sotiladigan qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilib keladi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, 2007-2009 yillardagi global moliyaviy-iqtisodiy inqirozdan keyin rivojlangan davlatlarda foiz stavkalarining tushib ketishi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarda infrastrukturani moliyalashtirish uchun mablag‘larning yetishmasligi ba’zi davlatlarni suveren boylik fondlari mablag‘larini ichki investitsiyalarga yo‘naltirishga, xususan infrastrukturani moliyalashtirishga undamoqda (Jahon banki, 2014).

Yuqorida keltirilgan omillarni inobatga olib, ba’zi davlatlarning suveren boylik fondlaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish tajribalariga nazar solish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Norvegiyaning davlat pensiya fondi Global. Norvegiya davlat pensiya fondi Global (GPFG) yoki Norvegiya neft fondi 1990 yilda Norvegiya neft sektorining ortiqcha daromadlarini investitsiya qilish maqsadida tashkil etilgan suveren boylik fondi hisoblanadi. Ushbu fond hozirda dunyoning eng katta suveren boylik fondi bo‘lib kelmoqda.

Norvegiya davlat pensiya fondi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, Norvegiya parlamenti (Storting) Moliya vazirligini GPFGni boshqarish uchun javobgar etib tayinlagan. GPFG operatsion boshqaruvi Norges Bank (Norvegiya markaziy banki) tomonidan amalga oshiriladi.

Neft sektoridan keladigan davlatning barcha daromadlari GPFGga o‘tkaziladi. Norvegiya hukumati neft solig‘i va Equinor (yirik energiya kompaniyasi)dan dividendlar hisobiga milliy valyutada, neft faoliyatidan xorijiy valyutada daromad oladi. Bundan tashqari, hukumat GPFGdan foizlar va dividendlar shaklida katta daromad oladi. GPFGdagi mablag‘lar faqat xorijiy valyutadagi vositalarga investitsiya qilinganligi sababli daromadlar ham chet el valyutasida olinadi. “Byudjet qoidasi”ga muvofiq, ushbu tushumlar GPFGda saqlanadi. GPFGdan mablag‘lar neftdan tashqari byudjet kamomadini moliyalashtirish uchun olinishi mumkin.

GPFGning investitsiya maqsadi xavfning maqbul darajasini hisobga olgan holda maksimal daromad olishga erishish hisoblanadi. Moliya vazirligi mazkur fond uchun investitsiya strategiyalarini belgilab beradi. GPFG aktivlari Norvegiya tashqarisida investitsiya qilinadi. GPFGning Oslodagi bosh ofisidan tashqari London, Nyu-York, Shanxay va Singapurda ofislari mavjud.

Neft va gaz qazib olishdan tushgan daromadlar GPFGga o‘tkazilsada, ushbu depozitlar hisobiga jamg‘arilgan mablag‘lar fond mablag‘larining yarmidan kamrog‘ini tashkil etadi. Mazkur fondning hozirgacha shakllangan mablag‘larining katta qismi aksiyalarga, doimiy daromadlarga va ko‘chmas mulkka investitsiya kiritish orqali olingan. GPFG dunyoning 74 mamlakatidagi 9000 dan ortiq kompaniyalarda aksiyalarga ega. Masalan, 2019 yil 31 dekabr holatiga ushbu fond Apple Inc.ning 116 967 mln. Norvegiya kroneri (13,3 mlrd. AQSh doll.), Microsoft Corp.ning 104 640 mln. kroner (11,9 mlrd. AQSh doll.) miqdorida aksiyalariga egalik qilgan (Norges Bank investitsiya boshqarmasi, 2020).

Bundan tashqari, GPFG Yevropa, AQSh va Osiyodagi global shaharlarda yuzlab yuqori sifatli ko‘chmas mulklarga investitsiya kiritgan va ushbu aktivlarni boshqarishdan katta miqdorda daromad oladi. Masalan, mazkur fond 2011 yilda Londonning Regent shahridagi The Crown Estate ko‘chmas mulkining 25 foizini sotib olgan.

Shuningdek, GPFG tomonidan ko‘plab mamlakatlar va kompaniyalarga berilgan kreditlar mazkur fondga barqaror daromadlar oqimini ta’minlaydi. Fond tomonidan barqaror daromadlarga yo‘naltiriladigan investitsiyalarining 70 foizi davlat obligatsiyalariga, 30 foizi korporativ obligatsiyalarga tikiladi. Davlat obligatsiyalariga investitsiyalar mamlakatning iqtisodiy ko‘lamiga qarab taqsimlanadi.

Qozog‘iston milliy fondi. Qozog‘iston milliy fondi (QMF) 2000 yilda tashkil etilgan. QMF hukumatning jamlanma byudjetiga kiritilgan va asosan ikkita funksiyani bajaradi: 1) barqarorlashtirish funksiyasi – iqtisodiy sikllar bo‘yicha byudjet xarajatlarini barqarorlashtirish va neft tushumlari o‘zgaruvchanligini kamaytirish; 2) jamg‘arish funksiyasi – neft tushumlarini avlodlar o‘rtasida teng taqsimlash. Shuning uchun, QMF aktivlari barqarorlashtirish va jamg‘arma portfellariga bo‘lingan. Barqarorlashtirish portfeli (aktivlarning 25 foizi) asosan yuqori likvidli pul bozori vositalariga, jamg‘arma portfeli (85 foizi) esa odatda barqaror daromad vositalari (fixed-income instruments), shuningdek aksiyalarga yo‘naltiriladi.

QMF jamg‘arilgan mablag‘lar asosan neft-gaz sektoridan olinadigan ortiqcha soliq tushumlari, xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar, davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlarini sotishdan tushgan tushumlar hamda QMF aktivlarini boshqarishdan olingan investitsiya daromadlari hisobiga shakllantiriladi. 2020 yil 1 avgust holatiga QMF aktivlari yil boshiga nisbatan 5,7 foizga (3,5 mlrd. AQSh dollarga) kamayib, 58,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.

QMFdan maqsadli transfertlar faqat prezident qarori bilan, asosan inqiroz davrida inqirozga qarshi dasturlarni moliyalashtirish uchun ajratilishi mumkin. QMF aktivlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha byudjet qoidalari ishlab chiqilgan. Byudjet qoidalariga muvofiq, QMFning minimum balansi kutilayotgan YaIMning 30 foizi miqdorida bo‘lishi lozim. QMFdan maqsadli o‘tkazmalar 2020 yildan (8 mlrd. AQSh dollardan) 6 mlrd. AQSh dollari ekvivalentiga kamaytirildi. Lekin, joriy yil aprel oyida hukumat COVID-19 pandemiyasi va jahon bozorida neft narxining tushib ketishi natijasida byudjet defitsitining kutilganidan oshib ketishi sababli QMFdan qo‘shimcha 4,7 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag‘larni jalb qilishga qaror qildi.

Shuningdek, Qozog‘iston hukumati tomonidan mamlakatning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida davlat tashqi qarzi va kvazi-davlat sektori (davlat korxonalari) tashqi qarzlarini boshqarish siyosati QMF mablag‘laridan foydalanish siyosati bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bunda, davlat tashqi qarzi va davlat korxonalari tashqi qarzi QMF aktivlari miqdoridan oshib ketmasligi lozim.

Qozog‘iston milliy banki (QMB) QMF aktivlarini investitsiya qilish strategiyasini amalga oshirish uchun javobgar hisoblanadi. QMB aktivlarining ma’lum qismini boshqarish uchun aktivlarni boshqarish xususiy kompaniyalarini yollaydi. Aktivlarni boshqarish xususiy kompaniyalarini aktivlarni boshqarishdan olingan foiz daromadlari bo‘yicha mukofotlaydi (Osiyo taraqqiyot banki, 2020).

Ilgari QMF aktivlarining kichik bir qismi ichki bozorga davlatning rivojlantirish institutlari tomonidan chiqarilgan obligatsiyalarga investitsiya qilingan bo‘lsa, 2016 yildan boshlab QMFning hukumat, davlat tashkilotlari yoki xususiy sektor tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritishi taqiqlandi.

QMF mablag‘larining katta qismi (qariyb 70 foizi) odatda obligatsiyalarga, asosan yuqori reytingga ega davlat obligatsiyalariga, 15 foizga yaqini aksiyalarga va qolgan qismi pul bozori instrumentlariga tikiladi. Jamg‘arma portfelining uzoq muddatli daromadligini oshirish maqsadida ularning 60 foizi obligatsiyalarga, 30 foizi aksiyalarga, 5 foizgacha bo‘lgan qismi boshqa moliyaviy instrumentlarga va 5 foizgacha oltinga investitsiya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston suveren boylik fondi – O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘zTTJ) 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan va O‘zbekiston Respublikasining suveren boylik fondi hisoblanadi. O‘zTTJ faoliyatining asosiy maqsadi iqtisodiyotning yetakchi, xususan, bazaviy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta qurollantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirilishini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda samarali tarkibiy va investitsiyaviy siyosatni amalga oshirishdan iborat.

O‘zTTJ mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilar etib belgilangan:

- strategik resurslarga belgilangan chegara narxdan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan mablag‘lar;

- davlat mulkini xorijiy investorlarga chet el valyutasiga sotishda Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda hisobga olingan hajmlardan ortiqcha tushadigan mablag‘lar;

- Jamg‘arma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Jamg‘arma mablag‘larining bo‘sh qoldiqlarini joylashtirishdan keladigan daromadlar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.

“O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish prinsiplari to‘g‘risidagi nizom”ga asosan O‘zTTJ jami aktivlarining kamida 40 foizi Markaziy bankka ishonchli boshqaruv uchun belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Markaziy bank tomonidan oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishda O‘zTTJ tomonidan ishonchli boshqaruvga topshirilgan bo‘sh mablag‘lari ham hisobga olinadi. Bunda, jamg‘arma mablag‘lari yuqori likvidli, ishonchli xorijiy moliya vositalariga joylashtiriladi. 2016 yil 31 dekabr holatiga ishonchli boshqaruvga berilgan bo‘sh pul mablag‘lari hajmi 43,1 trln. so‘m ekvivalentiga teng bo‘lgan bo‘lsa, ularni investitsiya qilishdan olingan daromadlar 61 mlrd. so‘m (daromadlilik – 0,14 foiz) ekvivalentini tashkil etdi (O‘zTTJ, 2018).

2018 yil yanvar oyidan 2019 yil iyun oyigacha bo‘lgan muddatda Markaziy bankning O‘zTTJ oldidagi majburiyatlari hajmi 12,4 mlrd. AQSh dollaridan 10,8 mlrd. AQSh dollariga kamaygandan so‘ng, 11 mlrd. AQSh dollari atrofida muvozanatga keldi (6-rasm).

6-rasm. Markaziy bankning O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi oldidagi majburiyatlari

Manba: Markaziy bank ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar

O‘zTTJning Markaziy bankka ishonchli boshqaruvga topshirilgan mablag‘laridan tashqari boshqa mablag‘lari uzoq muddatli investitsiyalar va kreditlarga yo‘naltiriladi. O‘zTTJdan kreditlar berish va kredit liniyalarini ochish, shuningdek kreditlari tarkibini o‘zgartirish faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida amalga oshiriladi.

O‘zTTJ tomonidan ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil 31 dekabr holatiga jamg‘arma tomonidan kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2016 yilga nisbatan 11,8 barobarga (valyuta liberalizatsiyasi ta’sirini hisobga olgan holda) yoki 543 mlrd. so‘mdan 6,4 trln. so‘mga ko‘paydi (2-jadval). Xususan, O‘zTTJning Asaka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Agrobank, Ipoteka bank, Turon bank hamda 2017 yilda yangi tashkil etilgan O‘zagroeksportbank ustav kapitalidagi ulushi 60 foizdan oshdi. Chet kapitali ishtirokidagi kompaniyalar kapitaliga kiritilgan investitsiyalar hajmi 450,6 mlrd. so‘mga yetdi.

2-jadval. O‘zTTJ uzoq muddatli investitsiyalari

ming so‘m

Uzoq muddatli investitsiyalar

Egalik huquqi (%)

2017 yil 31 dekabr

2016 yil 31 dekabr

Asaka bank

69.2%

1 453 121 400

66 724 800

O‘z Sanoat qurilish bank

63.8%

921 904 121

335 779 296

Agrobank

66.7%

890 106 416

22 192 000

Xalq bank

52.9%

552 500 000

-

Ipoteka bank

60.9%

510 000 000

-

Turon bank

66.0%

177 978 950

-

Aloqabank

51.2%

121 110 000

-

O‘zagroeksportbank

75.0%

26 546 025

-

O‘zshahar Qurilish Invest MChJ

61.0%

610 000

-

Jami kapital qo‘yilmalar

4 653 876 911

424 696 096

Qishloq qurilish bank

41.3%

443 125 273

42 333 750

Toshkent Metallurgiya zavodi

49.9%

435 051 868

-

Mikrokreditbank

40.9%

242 586 324

-

O‘zmilliy bank

0.0%

200 476 410

-

Qishloq qurilish invest

20.7%

829 600

-

Jamiyatlar kapitaliga investitsiyalar

1 322 069 475

43 163 350

O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi MChJ

25.0%

444 463 237

72 708 300

“Uzomankapital” MChJ

25.0%

6 090 053

2 423 610

Chet el kapitali ishtirokidagi kompaniyalarga jami kapital qo‘yilmalari

450 553 290

75 131 910

Jami uzoq muddatli investitsiyalar

6 426 499 676

542 991 356

Manba: O‘zTTJ

2017 yilda uzoq muddatli investitsiyalardan olingan dividendlar 42,1 mlrd. so‘mga yetdi. Bunda, uzoq muddatli investitsiyalarning daromadliligi 0,7 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, davlat tomonidan tasdiqlangan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zTTJ tomonidan davlat ulushi mavjud banklarga uzoq muddatli kreditlar ajratilgan. 2017 yil 31 dekabr holatiga mazkur kreditlar hajmi 38,3 trln. so‘mga yetdi (3-jadval). Ushbu kreditlardan olingan foiz daromadlari esa 592,2 mlrd. so‘mni (daromadlilik – 1,5 foiz) tashkil etdi.

3-jadval. O‘zTTJning uzoq muddatli kreditlari

ming so‘m

Uzoq muddatli kreditlar

2017 yil 31 dekabr

2016 yil 31 dekabr

O‘zmilliy bank

13 316 660 894

4 292 738 583

O‘z Sanoat qurilish bank

11 218 455 712

4 496 618 261

Ipoteka bank

3 687 041 618

967 221 720

Asaka bank

10 037 819 938

2 345 577 428

Agrobank

34 866 464

-

Jami uzoq muddatli kreditlar

38 294 844 626

12 102 155 992

Manba: O‘zTTJ

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, O‘zTTJ mablag‘laridan yanada samarali foydalanish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

- davlat ulushi mavjud banklar ustav kapitaliga kiritilgan investitsiyalardan olinayotgan dividendlarning juda kamligini hisobga olib, bank tizimini isloh qilish, xususan xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda bank kapitalidan qaytgan O‘zTTJ mablag‘larini istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish;

- davlat dasturlari doirasida O‘zTTJ mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan (qo‘shma moliyalashtirilgan) loyihalar samaradorligini eks-post (ex post) tahlil qilish;

- O‘zbekistonning uzoq muddatli maqsadlaridan kelib chiqib, O‘zTTJni negizida Kelajak avlod fondi, Infratuzilma fondi hamda Barqarorlashtirish fondini tashkil etish; bunda,

1) Kelajak avlod fondining maqsadi – vaqt o‘tishi bilan mamlakatdagi qayta tiklanmaydigan tabiiy resurslar zaxiralarining kamayib borishini hisobga olgan holda, mazkur fondga yo‘naltirilgan mablag‘lar qiymatini saqlab qolish hamda investitsiya risklarini boshqarish va investitsiyalarni diversifikatsiya qilish orqali aktivlardan maksimal darajada daromad olishni ko‘zlash;

2) Infratuzilma fondining maqsadi – O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi ta’minlash hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida infrastrukturani rivojlantirishga investitsiyalar kiritish;

3) Barqarorlashtirish fondi maqsadi – qisqa muddatli makroiqtisodiy beqarorlikka qarshi “bufer” vazifasini o‘tash etib belgilashni nazarda tutish.

Xulosa

Mamlakatlarning xalqaro zaxira aktivlarini saqlab turish darajasi boshqa makroiqtisodiy omillar bilan bir qatorda ularning tashqi xatarlarga chidamliligi va makroiqtisodiy barqarorligini belgilab beradi. Shuning uchun, markaziy banklar inqiroz davrida ichki va tashqi shoklar iqtisodiyotga zarba bergan paytda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun yetarli darajada “xavfsizlik yostiqchasi”ni yaratish maqsadida maqbul darajada xalqaro zaxira aktivlarini ushlab turishi lozim.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oltin-valyuta zaxiralari hajmi sezilarli darajada oshdi. Xalqaro me’yorlar bo‘yicha mamlakatimiz xalqaro zaxiralarining yetarli darajasi iqtisodiyotimizning tashqi shoklarga moslashuvchanligini oshirib, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga yordam bermoqda.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari yetarliligi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni ta’minlab kelmoqda. So‘nggi yillarda oltin-valyuta zaxiralari to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar ochiqlandi. Kelgusida Markaziy bank tomonidan XVJning Valyuta zaxiralarini boshqarish bo‘yicha qo‘llanmasiga muvofiq, zaxiralarni boshqarish faoliyati va natijalari to‘g‘risida sharhlarni e’lon qilib borilishi oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish shaffofligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Xorijiy mamlakatlar tajribalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston suveren boylik fondi hisoblangan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi aktivlarini boshqarish oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishdan alohida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

O‘zTTJning 14 yillik faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda, mazkur jamg‘arma faoliyatini tubdan isloh qilish, xususan jamg‘arma negizida Kelajak avlod fondi, Infratuzilma fondi hamda Barqarorlashtirish fondini tashkil etish lozim.

Xalilulloh Hamidov

Yetakchi ilmiy xodim

Feruzbek Davletov

Yetakchi ilmiy xodim

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar