Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga virus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlar uchun 200 ming dollarlik grant ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga virus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlar uchun 200 ming dollarlik grant ajratadi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti M.Asakava o‘rtasida 1 aprel kuni videokonferensiya muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Suhbat chog‘ida M.Asakava OTB mablag‘ jalb qilish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashga ko‘maklashish orqali O‘zbekistonni COVID-19 ga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Hozirgi kunda OTB O‘zbekistonning virus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratishni ma’qulladi. Shuningdek, bank respublika sog‘liqni saqlash tizimini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda.

Bundan tashqari, yaqin kunlarda bank rahbariyati tomonidan pandemiya sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyotini rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslarni ajratish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Muloqotda, shuningdek, O‘zbekistonga 1 milliard dollargacha byudjet mablag‘larini ajratish masalasi muhokama qilindi.

Moliyaviy institut rahbari M.Asakava ushbu masalani hal qilish uchun alohida guruh tuzilgani, bu boradagi murojaatni ma’qullash va moliyaviy yordam mablag‘larini ajratish jarayonini tezlashtirishda zarur barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishni ma’lum qildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar