OTMlarga qabul parametrlari tasdiqlandi

OTMlarga qabul parametrlari tasdiqlandi

“2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda:

  • abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 20 iyunidan 20 iyuliga qadar (20 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi;
  • kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan o‘tkaziladi;
  • abituriyentlar fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishi mumkin.

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab:

  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi;
  • magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish, shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, davlat buyurtmasi parametrlari:

bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta’lim shakliga – 103 575 nafar;
  • sirtqi ta’lim shakliga – 31 350 nafar;
  • kechki ta’lim shakliga – 5 025 nafar etib;
  • magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 425 nafar etib tasdiqlandi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar