O‘zbekiston baxtli mamlakatlar reytingida ko‘tarildi va 38 o‘rinni egalladi

O‘zbekiston baxtli mamlakatlar reytingida ko‘tarildi va 38 o‘rinni egalladi

Butun dunyoda Xalqaro baxt kuni sifatida nishonlanadigan 20 mart kuni baxtli mamlakatlar reytingi e’lon qilindi. Gallup tomonidan an’anaviy ravishda e’lon qilinadigan World Happiness Report 2020 reytingida O‘zbekiston 153 ta mamlakat orasida 38-o‘rinni egalladi. Bu 2019 yilgi ko‘rsatkichlardan uch pog‘ona yuqoriroq.

O‘zbekiston MDHga a’zo davlatlar orasida yetakchi va 1-o‘rinni saqlab turibdi. Keyingi

pog‘onalardan Qozog‘iston (umumiy reytingda 50-o‘rin), Tojikiston (71-o‘rin), Rossiya (73-o‘rin), Qirg‘iziston (74-o‘rin) joy oldi. Turkmaniston esa 95-o‘rinni band etdi.

Reytingda uchinchi yil qatorasiga Finlyandiya yetakchilik qilmoqda. U eng baxtli davlat deb topilgan. Undan keyingi o‘rinlarni Daniya, Shveysariya, Islandiya, Norvegiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yangi Zelandiya, Avstriya va Lyuksemburg egallagan.

Shuningdek, yetakchi davlatlardan Buyuk Britaniya 13-o‘rinni, Germaniya 17-o‘rinni, AQSh 18-o‘rinni, Fransiya 23-o‘rinni, Xitoy 94-o‘rinni egallagan.

Hindiston, Malavi, Yaman, Botsvana, Tanzaniya, Markaziy Afrika Respublikasi, Ruanda, Zimbabve, Janubiy Sudan, Afg‘oniston reytingning quyi pog‘onalaridan joy olgan.

Bu yilgi hisobotning avvalgilaridan farqli tomoni, unda har bir mamlakatning asosiy shaharlari aholisining hozirgi kundagi hayotidan qoniqishi va kelajakda ushbu shaharda yashash qanchalik yaxshi bo‘lishi haqidagi fikrlari o‘rganilgan.

So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Toshkent — aholisi eng optimist shahar deb topildi. So‘rovnomada qatnashgan O‘zbekiston poytaxti aholisi kelajakda ushbu shaharda yashash sharoitlaridan umidlari katta ekanligini bildirgan, oqibatda Toshkent kelajakdagi hayot reytingida 186 mamlakat poytaxtlari orasida 1-o‘rinni egallagan.

Hozirgi kundagi hayotdan qoniqish bo‘yicha esa Toshkent 75-o‘rinda. An’anaviy tarzda dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan Gallup so‘rovnomalarida har bir mamlakatdan 1000 ga yaqin 15 va undan katta yoshdagi aholi qatnashadi. So‘rovnomalar davlat tilida o‘tkaziladi.

So‘rovnomalar asosida yuzaga keladigan global indekslar mamlakatning yalpi ichki mahsuloti, umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ozodlik, korrupsiya va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tuziladi.

World Happiness Report (Baxtiyorlik to‘g‘risidagi hisobot) BMTning barqaror rivojlanish yechimlarini izlash bo‘limi tomonidan har yili tuzib kelinadi. Ushbu hisobot va reyting 2012 yildan beri e’lon qilib boriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar