O‘zbekiston yeryong‘oqlari ilk marta Xitoyga eksport qilindi

O‘zbekiston yeryong‘oqlari ilk marta Xitoyga eksport qilindi

Joriy yil may oyidan «Global Export Company» mas’uliyati cheklangan jamiyati Xitoy bozoriga O‘zbekistonda yetishtirilgan yeryong‘oqni eksport qilishni boshladi. Xitoyga 1 million AQSh dollari miqdoriga teng shartnoma doirasida mahsulot yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ma’lumot tariqasida aytish kerak, Xitoy Xalq Respublikasi jahondagi yeryong‘oq yetishtiradigan nafaqat yirik ishlab chiqaruvchi, balki yirik iste’molchi ham hisoblanadi. Masalan, 2019 yilda Xitoyning tozalangan yeryong‘oq importi hajmi 405 ming tonnani tashkil etdi. Bu 285 million AQSh dollari miqdoriga teng. Afrika qit’asidagi Senegal, Efiopiya, Sudan, shuningdek, Hindiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari ushbu mahsulotni yetkazib bergan asosiy mamlakatlar bo‘ldi. Endi esa Xitoyga yeryong‘oq yetkazib beradigan eksportchi davlatlar qatorida O‘zbekiston ham joy oldi.

Ta’kidlash joiz, 2019 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida O‘zdavkarantin bilan XXR Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida Xitoyga o‘zbek yeryong‘og‘i eksport qilinishiga qo‘yiladigan fitosanitar talablar to‘g‘risidagi protokol imzolangan edi.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, Pekindagi elchixonamizning faol ishtirokida Xitoyga yetkazib beriladigan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha majmuaviy ishlar hayotga izchil joriy etilmoqda. Bularning natijasi o‘laroq, Xitoy bozoriga 14 turdagi mahsulotlar eksportini ko‘zda tutadigan fitosanitariya talablari bo‘yicha idoralararo protokollar imzolandi. Ular orasida gilos, qovun, achchiq qalampir, anor, mosh, kunjut, mayiz, quritilgan o‘rik, yong‘oq, achchiq va shirin o‘rik danagi, asal va boshqa mahsulotlar mavjud.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar