O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari tarixida yangi muloqot formati

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari tarixida yangi muloqot formati

Anqara shahrida 19 fevral kuni Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formatidir. U 2018 yili davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotiga muvofiq tuzilgan.

Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik va mudofaa, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport va tranzit, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, madaniyat, ta’lim, fan va texnika, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash va boshqa o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi hamraislari erishilgan natijalar to‘g‘risida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi kengashning muvofiqlashtiruvchi organlari hisoblanadi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Turkiya va O‘zbekistonning qo‘shma loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik va cheksiz hurmat uchun Turkiya rahbari va xalqiga tashakkur izhor etdi.

– Bu uchrashuv strategik sherikligimiz yuksak bosqichga ko‘tarilganining yaqqol ifodasidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishda ham ushbu kengash, albatta, muhim zamin bo‘ladi. Biz bugungi yig‘ilish natijalarini mustahkamlab, kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan uchrashuvning kun tartibi va hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlari haqida hozirdan o‘ylashimiz maqsadga muvofiqdir, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston bilan Turkiya hamkorligi, ayniqsa, oxirgi uch yilda ancha jonlandi. Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabrda Turkiyaga hamda Rejep Tayyip Erdog‘anning 2018 yil aprelda O‘zbekistonga davlat tashriflari o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlab, samarali hamkorlikka keng yo‘l ochdi.

Izchil muloqotlar va mushtarak intilishlar natijasi hamkorlik rivojida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 2016 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi salkam 1,2 milliard AQSh dollari bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda yurtimizda Turkiya investitsiyasi ishtirokida 1300 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Transport sohasidagi aloqalar ham rivojlandi. 2019 yilda bu boradagi ko‘rsatkichlar avtomobilda 33 foiz, temir yo‘lda 17 foiz, havo yo‘llarida 42 foiz o‘sgan.

Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekistonga 64 ming turkiyalik sayyoh tashrif buyurgan.

Ikki davlat rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashi va yaratilayotgan sharoitlar natijasida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston va Turkiya savdo vazirlari so‘zga chiqib, ikki tomonlama hamkorlik rivoji to‘g‘risida batafsil axborot berdi.

Muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qo‘shma loyihalar kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun Rejep Tayyip Erdog‘anni O‘zbekistonga taklif qildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar