O‘zbekiston yil oxirigacha «GSP+» benefitsiar maqomini olishi mumkin

O‘zbekiston yil oxirigacha «GSP+» benefitsiar maqomini olishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Savdo bo‘yicha Yevropa Ittifoqining komissari F.Xogan ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirish jarayonlarida yevropa tomonining O‘zbekistonga yordam berishi, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) loyihasini ishlab chiqish hamda Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimiga (GSP+) kirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Komissar tomonidan Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi barqaror dinamika va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar, xususan - KShHB loyihasini kelishib olish jarayonlari qayd etildi. Mazkur yo‘nalishda Bitim loyihasini tasdiqlashni tezlashtirish va xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish maqsadida zarur bo‘lganda milliy qonunchilikni moslashtirish uchun harakatlar birlashtiriladi. Bitim loyihasini joriy yil oxirigacha kelishishni yakunlash tomonlarning maqsadi deb belgilandi.

O‘zbekiston tomoni o‘z navbatida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni, shu jumladan, «GSP+» doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida ahamiyat berilayotganini ta’kidladi. Respublikaning «GSP+»ga qo‘shilishi Yevropa Ittifoqi bilan tashqi savdo aylanmasi diversifikatsiyasi va barqaror o‘sishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Tomonlar O‘zbekistonning «GSP+» benefitsiar maqomini olish doirasida imzolangan zarur protseduralarni yakunlash bo‘yicha qo‘shma harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Joriy yilning oxirigacha Yevropa Ittifoqi tegishli so‘rovni yo‘naltirish hamda keyinchalikda «GSP+» tizimining benefitsiar maqomini olishi bo‘yicha O‘zbekiston tomoniga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, F.Xogan yevropa tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi – hozirgi epidemiologik vaziyatga qaramay, ishlab chiqilayotgan tashabbuslarni jadal ilgari surish zarurligi to‘g‘risida umumiy tushunchaga erishildi. Xususan, yaqin kelajakda O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha Ishchi guruhining 4-sessiyasini videokonferensiya orqali tashkil etishga kelishib olindi.

Umuman olganda, o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha F.Xogan Yevropa tomoni savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik va investitsion hamkorlikning barcha sohalarida O‘zbekiston tomoni bilan o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar