O‘zbekistonda oltinni erkin sotishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ma’qullandi

O‘zbekistonda oltinni erkin sotishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ma’qullandi

Deputatlar “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma’qullashdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yangi qonun loyihasida qimmatbaho metallar, toshlarni qazib olish, ularni affinaj qilish, zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va tamg‘alash, davlat organlarining vakolatlari, qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqlarining vujudga kelishi, sohada ruxsat etish tizimi asoslari ko‘rsatib o‘tilgan.

Loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat egaligida bo‘lgani singari yuridik va jismoniy shaxslar egaligida ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning qabul qilinishi sohada bir qator ijobiy natijalarni beradi. Jumladan, mamlakat iqtisodiyot tarmoqlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi faoliyatni amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi yaratiladi.

“Loyiha bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qimmatbaho metallarga xom ashyo sifatida bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiquvchilardan yoki birjadan sotib olish imkoni yaratilmoqda”, deyilgan xabarda.

Shu bilan birga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanyapti. Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, iste’molchilarning huquqlari kafolatlanishi, halol tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, loyiha qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi. Unga qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilgan bo‘lib, bu qimmatbaho metallarga oddiy tovar sifatida qarash, tadbirkorlik sub’yekti yoki jismoniy shaxslar ham ularga egalik qilish, o‘rnatilgan tartibda erkin tasarruf etish imkonini beradi.

Mazkur qonun loyiha qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’yektlariga o‘zlari ishlab chiqargan zargarlik buyumlariga o‘zlari ishlab chiqaruvchi tamg‘asi bilan tamg‘alash huquqi ham berilmoqda.

Umuman olganda, ushbu yangiliklar soha faoliyatini xufiyona iqtisodiyotdan chiqarishi, tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratishi hamda raqobat muhitini yaxshilashga ko‘maklashishi aytilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar