O‘zbekistonda SkillsPassport tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda SkillsPassport tizimi joriy etiladi

Prezident 11 avgust kuni mamlakatimizda kasb-hunarga o‘qitish sohasini yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Norma’ning yozishicha, hujjat asosida quyidagilar tashkil etiladi:

a) 2021 yil 1 yanvarga qadar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «Ishga marhamat» monomarkazlari;

b) bir oy muddatda:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mehnat vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
  • poytaxt tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda);

v) 2 oy muddatda – mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari (Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda).

2021 yil 1 yanvardan boshlab «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasi WorldSkills standartlari asosida baholanadi. Baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti beriladi. Kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestri shakllantiriladi. Monomarkazlar hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan berilgan hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi, biroq ta’limning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmaydi.

Parallel ravishda sohada xususiy sektorni faol rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda. Rag‘batlantiruvchi choralar sifatida preferensiyalar joriy etilmoqda.

Davlat va nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida mehnat organlari yo‘llanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, boshqa fuqarolarni o‘qitish xarajatlari esa – quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:

  • fuqarolarning o‘z mablag‘lari;
  • o‘z ishchilarini kasbiy malakasini oshirish uchun (kasbiy o‘qitish, qayta o‘qitishga) yuborgan ish beruvchilar mablag‘lari;
  • yangi ishchilarni kasbga tayyorlash uchun buyurtma bergan tashkilotlar mablag‘lari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2020 yilda tajriba o‘tkaziladi, uning doirasida:

birinchidan, tadbirkorlik sub’yektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagilar berila boshlaydi:

a) quyidagi shartlar bilan (banklar orqali) mikrokreditlar:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari yaratish – yaratilgan ish o‘rnida ular kamida bir yil ishlashlari kerak;
  • miqdori – har bir yaratilayotgan ish o‘rni uchun BHMning 25 baravarigacha, biroq jami har bir tadbirkorlik sub’yekti uchun BHMning 500 baravaridan oshmagan miqdorda;
  • muddati – 3 yil muddatga, bir yillik imtiyozli davr bilan;
  • stavkasi – MBning asosiy stavkasida (hozir – yillik 15 foiz);

b) ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun subsidiya – har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda;

ikkinchidan, Ishga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri shakllantiriladi – unga kiritilgan shaxslarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashiladi;

uchinchidan, Mehnat vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam ta’minlangan va mehnat migrantlari oilalarining a’zolari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni bepul o‘qitish kurslari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir ta’lim oluvchi uchun bir oyda BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda grantlar ajratiladi:

  • davlat yoki nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalariga – ishsiz va band bo‘lmagan aholini, shuningdek «labor-migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatga olingan mehnat migrantlarini tadbirkorlik ko‘nikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun;
  • tashkilotlarga – ishlab chiqarishning o‘zida o‘qitish uchun hamda «usta-shogird» maktablariga.

RF hududida mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va rus tiliga o‘qitish tashkil etiladi. Xarajatlarni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi qoplaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar