Pandemiyaning O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga ta’siri nisbatan yumshoq o‘tmoqda

Pandemiyaning O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga ta’siri nisbatan yumshoq o‘tmoqda

Iqtisodiy o‘sishda investitsiyaning ahamiyati ilmiy jihatdan atroflicha o‘rganilgan va tadqiqot natijalari bilan tasdiqlangan. Investitsiya yalpi talabning tarkibiy qismidir. Shu sababli, investitsiyalar ortsa, u yalpi talab va uning ortidan qisqa muddatli iqtisodiy o‘sishni oshirishga yordam beradi. Agar qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari mavjud bo‘lsa, investitsiyalarning ko‘payishi va yalpi talabning ortishi iqtisodiy o‘sish sur’atini oshiradi. O‘n ikkita yirik rivojlanayotgan mamlakatlarning 1991-2013 yillar orasidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘rganilganda, investitsiya hajmining bir foizga ortishi YaIMning 0,24 foizga ortishiga olib kelishi aniqlangan.

Shu bilan birga, investitsion parametrlari bir-biriga yaqin mamlakatlarda investitsiyalarning iqtisodiy o‘sishga ta’siri bir necha marta farq qilishi mumkin. Buning asosiy sababi investitsion loyihalarni tanlash, amalga oshirishdagi kamchiliklar va sohadagi tarkibiy muammolar bilan izohlanadi.

Dunyo avtomobil bozori qisqaradi

Mashinasozlik sohasi butun dunyoda COVID-19 pandemiyasidan eng salbiy ta’sir qilgan sohalardan biri hisoblanadi. Euler Hermes sug‘urta kompaniyasining hisobotlariga ko‘ra, transport sohasidan keyingi o‘rinda eng katta salbiy ta’sir aynan avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalariga to‘g‘ri kelishi ta’kidlangan. Moodyʼs reyting agentligining eng so‘nggi prognoziga ko‘ra, dunyo avtomobil bozori 2020 yilda 20 foizga qisqaradi.

2020 yil I yarim yillik natijalariga ko‘ra, pandemiyaning O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga ta’siri nisbatan yumshoq o‘tmoqda. «O‘zavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yilning yanvar-iyun oylarida 16,9 trln. so‘mga yetib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,9 foizni tashkil etdi. Mazkur davrda yengil avtomobillarni ishlab chiqarish hajmi deyarli 20 foizga ortdi, lekin avtobus va yuk avtotransporti ishlab chiqarish hajmi 32 foizga kamaydi.

O‘zbekistonda investitsion dasturlar 2020 yil 9 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4563-son Prezident qarori bilan tasdiqlangan. Qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida 850,5 trln so‘m investitsiyalar, shu jumladan, 35,5 mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Undan tashqari 2020 yilda 206 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 31 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishini nazarda tutuvchi yirik ishlab chiqarish ob’yektlari va quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturi ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar

Jumladan, mashinasozlik sohasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar quyidagilardan iborat:

  1. “O‘zavtosanoat” AJ tizimida 2017-2019 yillarda jami 27,1 million AQSh dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilgan, shu jumladan, 17,3 million AQSh dollari o‘z mablag‘lari va 9,8 million AQSh dollari bank kreditlari hisobiga. Investitsion loyihalar Andijon viloyatida (avtomat uzatmali Spark avtomobili ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish), Farg‘ona viloyatida («Avtooyna» MChJda yangi oynani chiniqtirish va oldindan ishlov berish liniyasida xavfsiz avtomobil oynalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish), Toshkent viloyatining Bekobod tumanida (ikki va uch g‘ildirakli mototsikllar ishlab chiqarishni tashkil etish) amalga oshirildi. 2017 yilda amalga oshirilgan investitsion loyihalar natijasida 60 ta ishchi o‘rni yaratildi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich esa 140 ishchi o‘rnini tashkil etdi.

Yirik soha uchun yangi ish o‘rinlarining kamligi avvalgi yillarda me’yordan ortiq ishchi-xodimlar ishga olingani bilan izohlanadi. Soha korxonalarida ushbu xodimlarning bir qismini yangi ishlab chiqarish bo‘linmalariga o‘tkazish tizimi joriy etilgan.

Hozirgi kunda 2019-2023 yillarga rejalashtirilgan 5 ta investitsion loyiha doirasida qariyb 667 million AQSh dollari o‘zlashtirilishi rejaga kiritilgan. Shu jumladan, 2020 yil yakuniga qadar 107,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi kutilmoqda.

Loyiha №1. 2019-2023 yillarda umumiy qiymati 50 million AQSh dollari bo‘lgan korxonalarni modernizatsiya qilish va eskirgan texnologik asbob-uskunalar hamda qoliplarni yangilash loyihasi.

Ushbu Loyiha bo‘yicha, biznes reja ishlab chiqilgan, «O‘zavtosanoat» AJ tarkibiga kiruvchi korxonalardagi yangilanishi lozim uskunalar ro‘yxati belgilangan. Texnologik uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar 2020 yil davomida bosqichma-bosqich tuziladi. 2021-2023 yillarda uskunalarni ishlab chiqarish, manzilgacha yetkazish va o‘rnatish ishlari olib boriladi.

Loyiha №2. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 534,3 million AQSh dollari bo‘lgan yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi.

Loyiha bo‘yicha 2022 yil so‘nggiga qadar qo‘shimcha 190 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega liniya yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning texnik iqtisodiy asosi «O‘zavtoMotors» aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanib, litsenziya va muhandislik-texnologik ishlanmalarini amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalar asosida ilk to‘lovlar amalga oshirildi. Pandemiya tufayli 2020 yil uchun rejalashtirilgan kapital quyilmalarning 70 million AQSh dollari miqdoridagi qismini o‘z vaqtida o‘zlashtirmaslik xavfi mavjud.

Loyiha №3. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 50,0 million AQSh dollari bo‘lgan "Uzlogistic" MChJ bazasida logistika kompaniyasini yaratish.

Loyiha bo‘yicha potensial strategik sheriklarni qidirish ishlari olib borilmoqda. Pantos (Koreya) va Unico (Koreya) korxonalari bilan muzokaralar davom etmoqda. Shu bilan birga, «O‘zavto Motors» AJ tomonidan o‘z hissasini qo‘shib, "Uzlogistic" MChJ ustav kapitalini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Loyiha №4. 2020-2022 yillarda umumiy qiymati 30,0 million AQSh dollari bo‘lgan «Samavto» MChJ da ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi.

Loyiha parametrlariga ko‘ra, qo‘shimcha 10 ming donagacha texnika ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Hozirgi kunda asosiy ushlab turuvchi ustun, devor va tunnel qurilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha instituti tomonidan yangi ishlab chiqarish kompleksi, omborlar loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va ekspertizadan o‘tgan. Shuningdek, hozirda metallga ishlov berish sexi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Loyiha №5. Xorazm viloyatida shtamplangan qismlarni ishlab chiqarish, muddati 2020-2021 y., umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollari

Loyihaning texnik iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Qurilish-montaj ishlari boshlanishi shu yilning 3 kvartalida rejalashtirilgan. Pudratchi tomonidan Hyundai Rotem, SIMPAC, WIWA va boshqa press-uskunalarni yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, mahalliylashtirish dasturi asosida 2020 yil yanvar-iyun oylarida mahalliy butlovchi qism ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan jami 216 turdagi import qilinayotgan butlovchi qismlarni o‘zlashtirishi ta’minlandi. Buning natijasida jami 10 ta loyiha bo‘yicha 209,2 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, shundan 0,5 mln. dollarlik mahsulot eksportga yuborildi.

2 yilda ikkita investitsion loyiha

  1. «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tomonidan 2017-2019 yillar mobaynida faqat ikkita investitsion loyiha amalga oshirilgan.

Birinchi loyiha «Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ korxonasini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash bo‘lib, 13,6 million AQSh dollari sarflangan va 100 ishchi o‘rni yaratilgan. Qayta jihozlash sababli universal paxta kultivator, chizel kultivator, mexanik bug‘doy ekish seyalka, kanal qazigich, tekislagich, ozuqabob ekinlarni yig‘ish kosilkasi, to‘rt qatorlik pnevmatik seyalka kabi qishloq xo‘jaligiga zarur keng turdagi tirkama va osma qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilgan.

Ikkinchi loyiha «Amkodor-Agrotexmash» MChJ Qo‘shma korxonasida qurilish texnikasini ishlab chiqarish loyihasi bo‘lib, 35 kishi ish bilan ta’minlangan. Texnik iqtisodiy asosga ko‘ra, 2 million AQSh dollari hajmidagi bank krediti va 2,5 million AQSh dollari xorijiy investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan, lekin loyiha qiymati 2,26 mln. dollargacha qisqarib, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hisobiga yakunlangan.

2020-2021 yillarga esa «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ tomonidan umumiy qiymati 44,9 mln. dollar bo‘lgan ikkita yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha №1. Umumiy qiymati 41 million AQSh dollari bo‘lgan metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish.

Hozirgi kunga qadar "GEMCO« (Gollandiya) kompaniyasi bilan umumiy qiymati 20,2 mln. yevrolik shartnoma imzolandi, uskunalar uchun avans to‘lovi amalga oshirildi. Uskunalarning birinchi qismi joriy yilning sentyabr oyida yetkazib berilishi kutilmoqda. Investitsiya loyihasining texnik iqtisodiy asosi ishlab chiqildi va moliyalashtirish uchun “Asaka” bankiga taqdim qilindi. Hozirda loyiha doirasida moliyalashtirishni ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Loyihaning birinchi bosqichida 2020 yilning so‘ngiga qadar yiliga 12 ming tonna metallni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning yakuniy qayta ishlash quvvati 30 ming tonnaga yetkaziladi.

Loyiha №2. Umumiy qiymati 3,9 million AQSh dollari bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalariga kabinalarni ishlab chiqarishni tashkil qilish.

Loyihani amalga oshirish uchun mavjud bino va inshootlardan foydalanish sababli, qurilish ishlari talab qilinmadi. Kabinalarni bo‘yash, payvandlash va yig‘ish asbob uskunalari o‘rnatildi va ishga tushirildi, kabinalarning texnik hujjatlari ishlab chiqildi. Natijada loyihada 3 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ tejaldi. Loyihani ishga tushirish hisobiga 456 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va 60 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Xulosa

Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasida ko‘rilgan choralar tufayli pandemiyaning mashinasozlik sohasiga salbiy ta’sirini kamaytirishga erishilmoqda. Avtomobilsozlik sohasining mahsulotlariga talabni qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliyaviy instrumentlardan foydalanish kengaytirilmoqda, xususan, kredit va bo‘lib to‘lash shartlari asosida avtomobillarni sotish takliflari tobora keng qo‘llanilmoqda.

Shu bilan birga, investitsion dasturlarning muvaffaqiyati bir yilda o‘zlashtirilgan mablag‘lar bilan emas, chet el investitsiyasini jalb qilish hajmi, yangi yaratilgan ish o‘rinlari va mahsulot tan narxini necha foiz pasaytirilgani bilan baholanishi to‘g‘ri bo‘ladi.

O‘zbekiston va hamkor mamlakatlardagi karantin choralari tufayli, investitsion dasturlar bo‘yicha 2020 yilga belgilangan tadbirlarlarning bir qismi 2021-2022 yillarga taqsimlanishi kutilmoqda.

Xamidulla Normuradov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar