Parlament O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masalani o‘rganishga kirishdi

Parlament O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligiga oid masalani o‘rganishga kirishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning ma’lum qilishicha, parlament quyi palatasi Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.

Ishchi guruhi vazifalari:

— YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’sirini chuqur tahlil qilish;

— qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga YeOII bilan hamkorlikning mosligini o‘rganish;

— hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ijobiy va salbiy ta’sirini batafsil yoritib berish;

— YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonning boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorligiga ta’sirini har tomonlama ko‘rib chiqish.

Bu masalalar quyi palatada har tomonlama ko‘rib chiqiladi va tegishli xulosa qilinadi.

"Shuningdek, ish rejasida iqtisodiy integratsiya masalasida mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik tarmoqlarini o‘rganish, ushbu masala bo‘yicha yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, xorijiy va mahalliy mutaxassislarning takliflari hamda xulosalarini olish, eng ahamiyatlisi, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etishga keng e’tibor qaratiladi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim joiz, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ham Ishchi guruhi faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan ta’minlab boradi. Bu xorijiy mutaxassislar takliflari hamda xulosalarini olishga, shuningdek, xorijiy tajribani tahlil qilishga zarur sharoit yaratadi", deydi Akmal Saidov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar