Polikinikalar 24 soatlik uzluksiz rejimda ishlaydi

Polikinikalar 24 soatlik uzluksiz rejimda ishlaydi

20 iyul kuni “Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar” to‘g‘risida o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida pandemiyani jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tizimli yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini, ya’ni oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilmagan.

Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud bo‘lsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi.

Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasining yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘q.

Deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.

Agar ushbu poliklinikalar aholini samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, tabiiyki, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqaradi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va Sog‘liqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta polikinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berildi.

Shuningdek ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar