Postpandemiya sharoitida iqtisodiyot va byudjet barqarorligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?

Postpandemiya sharoitida iqtisodiyot va byudjet barqarorligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?

Pandemiyaning natijasida butun dunyo davlatlari iqtisodiy inqirozga yuz tutmoqda. Global hamjamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida inqirozning salbiy ta’siri O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lum qilishicha, pandemiya natijasida global iqtisodiyot bu yil 3,0 foizga pastlashi kutilmoqda.

1-Rasm. Markaziy osiyo davlatlarida 2020 yilda iqtisodiy o‘sish prognozlari

Xususan, COVID-19’ning tovar-xomashyo bozorlariga, savdo va pul o‘tkazmalariga ta’siri va majburiy karantin choralarining qo‘llanishi Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlarini keskin pasaytiradi. O‘zbekiston va Turkmanistdan boshqa davlatlarda iqtisodiy pasayish kuzatilishi kutilmoqda. Mana shunday ko‘lamdagi inqirozning sodir bo‘lishiga qaramay, xalqaro moliyaviy tashkilotlar 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida past bo‘lsada o‘sish kuzatilishini prognoz qilmoqda (2-rasm).

Shu bilan birga, pandemiya natijasida yo‘qotilgan zararlarni tiklash, iqtisodiy o‘sishning inqiroz oldi trendiga qaytish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yangi choralar qabul qilishni taqozo etadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 9 iyun kuni milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida iqtisodiyotda o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun yangicha yondashuv va instrumentlarni qo‘llash bo‘yicha 8 ta asosiy yo‘nalish ko‘rsatib o‘tildi. Mazkur yo‘nalishlarning birinchisi etib – iqtisodiyot va byudjet barqarorligini ta’minlash belgilandi.

2-Rasm. O‘zbekiston: 2020-2021 yillar uchun iqtisodiy o‘sish prognozlari

Pandemiyaning milliy iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?

Karantin davrida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tgan 3 oy ichida tadbirkorlik sub’yektlari va jismoniy shaxslarga 2,2 trillion so‘mlik soliq imtiyozlar taqdim etildi. Xususan:

  1. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Eng katta zarar ko‘rgan iqtisodiyot tarmoqlari va tibbiyot sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jamg‘armadan 3,6 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
  2. Korxonalarning bankrot bo‘lish holati oldi olindi:

- 59,8 mingta kichik biznes korxonalariga 257,1 mlrd. so‘mlik mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyozlar berildi;

- 328,8 ta mikrofirma va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha tushirildi (551 mlrd. so‘m);

- Debitorlik qarzi mavjud bo‘lgan 4 022 ta eksportyor korxonalarga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanishi vaqtinchalik to‘xtatildi (1,7 trln.so‘m);

- Tijorat banklari tomonidan 23,9 tlrn. so‘mlik kreditlar muddati uzaytirildi;

- 20,3 ta tadbirkorlik sub’yektlari bo‘yicha foydalanilmayotgan yer va ob’yektlar uchun baland stavkalar va penyalar qo‘llanilishi vaqtinchalik to‘xtatildi (1,1 trln. so‘m);

- 239 mingta yakka tartibdagi tadbirkor uchun ijtimoiy soliqning eng kam miqdori 50 foizga kamaytirildi (155 mlrd.sum).

III. Iqtisodiyot tarmoqlari barqaror ishlashi uchun muhim bo‘lgan tarmoqlarni maqsadli qo‘llab-quvvatlash:

- Turizm sohasidagi 3 167 ta yakka tadbirkorlik sub’yektlari bo‘yicha jismoniy shaxslar uchun qat’iy belgilangan daromad solig‘ini hisoblash to‘xtatildi;

- 7 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish va alkogol tovarlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar uchun to‘lovlar miqdori pasaytirildi;

- Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan tarmoqlarning barqaror ishlashi uchun 1 829,2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.

Iqtisodiyotni qayta tiklash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun qanday ishlar amalga oshiriladi?

Mamlakat iqtisodiyotining tiklanishi va keyinchalik barqaror rivojlanishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaratiladigan makroiqtisodiy shart-sharoitga bog‘liq. Avval qabul qilingan strategiyaga qo‘shimcha ravishda postpandemiya davri yangi choralarni ko‘rishni talab qiladi. Shu ma’noda hukumat tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Mazkur choralarni amalga oshirish muddatiga ko‘ra ikkiga ajratish mumkin – qisqa va uzoq muddatli.

Qisqa muddatli choralar, o‘z navbatida, quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

- tashqi qarz o‘sishini oldini olish, qarz mablag‘larini samarali ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish. Bunda yangi qarzlarni jalb qilish hajmini 4 mlrd. Dollar miqdorida ta’minlash;

- byudjet defitsitini YaIMga nisbatan 3,5 foiz darajasida saqlab qolish;

- soliq va bojxona imtiyozlari, zaruriy hollarda kompensatsiya mexanizmi orqali, optimizatsiyasini yakuniga yetkazish;

- mahsulotlar aylanmasini kuzatish uchun elektron hisob-fakturalarni to‘liq joriy qilish;

- davlat korxonalarini isloh etishni davom ettirib, ularni o‘z xarajatlarini to‘liq qoplash darajasiga olib chiqish.

Uzoq muddatda esa qarz yuki va byudjet xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha O‘rta muddatli choralar rejasini ishlab chiqish va tashqi davlat resurslarini faqat infratuzilma loyihalari hamda ijtimoiy ob’yektlarga sarflash.

Shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan Sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash orqali sanoat va raqobat siyosatini takomillashtirish va davlat moliyasini boshqarish strategiyasini qabul qilish.

Xulosa qilib aytganda, mazkur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish mamlakat iqtisodiyotini pandemiya ta’siridan tezroq chiqarish va barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi.

Nozimjon Ortiqov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar