Qishloq xo‘jaligi klasteri Jizzax viloyatidagi yerlarni sug‘orishga 8,8 million dollar sarmoya kiritdi

Qishloq xo‘jaligi klasteri Jizzax viloyatidagi yerlarni sug‘orishga 8,8 million dollar sarmoya kiritdi

Sentyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda Amerikaning "Valley " kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yomg‘ir innovatsion qurilmalari ishlay boshlaydi. Texnikaning birinchi partiyasi O‘zbekistonga yetib keldi. Yetkazib berish qiymati 8,8 million AQSh dollarini tashkil qildi.

"AQShdan sun’iy yomg‘ir qurilmalarning import qilinishi Vazirlar Mahkamasining "Jizzax viloyatida go‘sht va sut mahsulotlarining agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan investitsiya majburiyatlarini bajarishda navbatdagi qadamdir. Xususan, ushbu uskuna yer unumdorligini 30 foizga oshiradi va hayvonlarning ratsioni narxini 25-30 foizga kamaytiradi, bu esa go‘sht va sut narxlariga bevosita ta’sir qiladi. Ushbu qurilmalarda so‘nggi avlod texnologiyalari qo‘llanilgan bo‘lib, ular maksimal darajada samarali va tejamkordir ”, - deya ta’kidladi, Jizzax organic direktori Hikmatilla Karimov.

Yangi sug‘orish kompleksi bu yili 600 gektar yaylov yerni qamrab oladi. Ayni damda Valley sun’iy yomg‘ir uskunalari uchun kerak bo‘ladigan plastik quvirlarni o‘rnatish ishlarining 40%i yakunlandi. Klaster, shuningdek, Jizzax viloyati sug‘orish tizimini yanada yaxshilash borasida ham boshqa qator ishlarni amalga oshirmoqda: nasos stansiyasini qurish ishlari o‘zining so‘ngi pallasi kirdi va qo‘shimcha 6,2 km magistral quvurlar yotqizildi.

“Bizning qishloq xo‘jaligi klasteridagi qoramollar va sigirlar yaylovda erkin o‘tlatiladi, buning uchun esa sifatli yem-xashak bazasiga ega keng yaylovlar kerak. Biz yerlarga yaylov o‘tlaridan ekamiz va Jizzaxning quruq iqlimini sug‘orish tizimi orqali yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Valley texnikasining innovatsion xususiyati bu masofadan boshqarish modullaridir. Ma’lumki, hayvonlar odamlar bilan har safar to‘knash kelsa stressga tushadi, shuning uchun bizning klasterimizda operator ofisda o‘tirib, uyali aloqa vositasi yoki kompyuter yordamida sug‘orish jarayonini boshqaradi va nazorat qiladi”, - dedi Jizzax organic direktori Hikmatilla Karimov.

2021 yilda kompaniya yana 300 gektar yaylov maydonlariga Valley sun’iy yomg‘ir qurilmalarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun

«Jizzax organic» MChJ XK Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi 619-son Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan. Korxonaning ishi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. «Jizzax organic» MChJ XK chorvachilik, o‘simlikshunoslik va seleksiya-genetika ishlari bilan shug‘ullanadi. Jizzax qishloq xo‘jaligi klasteriga investitsiyalar summasi 150 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar