Prezident qarori bilan Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini tashkil etildi

Prezident qarori bilan Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali negizida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashkil etildi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • uzluksiz tibbiy-kasbiy ta’lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;
  • ta’lim muassasasi va Institut klinikasi ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini ta’minlash;
  • xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish;
  • talabalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak ma’naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;
  • moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyasion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

Shuningdek, qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • Institut Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • Institutga qabul har yili belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida amalga oshiriladi;
  • Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi;
  • Institut va Institut klinikasi – yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, tegishlicha davlat oliy ta’lim muassasasi va davlat tibbiyot muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
  • Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yo‘li orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Institut rektori Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi:

  • ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida Institut klinikasi va o‘quv bazalaridagi o‘quv xonalarini ta’mirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • Institut klinikasida yuqori texnologiyali tashxis qo‘yish va davolash usullarini joriy etish hamda Institutga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish maqsadida Institut klinikasi bilan o‘zaro shartnomalar asosida hamkorlikda pullik asosda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘linmalarini tashkil etish.

Institut klinikasi faoliyati:

  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis qo‘yish (diagnostika) va davolash standartlariga rioya qilgan holda imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga davolash qiymatini to‘lash, shuningdek, aholiga pullik asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish;
  • respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalar asosida tashkil etiladi.

Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘ziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;
  • Institut bilan kelishilgan holda lavozimlar ro‘yxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • xodimlar mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.

Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
  • talabalarning to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishidan, shartnomalar asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

Institut klinikasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari:

  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari;
  • amalga oshirilgan va ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari Institut klinikasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan haqiqatda imtiyozli davolangan bemorlar bo‘yicha Institut klinikasi taqdim etgan choraklik hisobotlardan kelib chiqqan holda ajratiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar