Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga uy qurib beriladi

Qozog‘istonda suv toshqinidan jabrlanganlarga uy qurib beriladi

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘prilishidan so‘ng yuzaga kelgan suv toshqinidan jabrlangan Qozog‘istonning Turkiston viloyati aholisi uchun 1000 dan ziyod uy qurib beriladi. Bu haqda prezident Kasim-Jomart Tokayev o‘zining Twitter sahifasida ma’lum qildi.

"Hukumat O‘zbekistondagi suv omborida ro‘y bergan avariyadan keyin suv toshqini natijasida boshpanasidan ayrilib qolgan fuqarolar uchun Turkiston viloyatida mingdan ziyod uy qurishga kirishdi", deb yozdi Tokayev .

6 may kuni hukumat komissiyasi raisi, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar Turkiston viloyatining Maqtaaral tumaniga kelib, suv ostida qolgan qishloqlar aholisi bilan uchrashdi.

Viloyat rahbari taklifi bilan davlat komissiyasi suv ostida qolgan qishloqlarning har bir aholisiga 100 ming tenegedan (237 dollar) tovon to‘lashga qaror qildi, deyiladi Qozog‘iston bosh vaziri saytida.

Mirzakent yaqinida yangi mikrarayon qurilib, Dostiq, Janaturmis va Jenis posyolkalari aholisi ko‘chiriladi. Yangi turar joy mavzesiga barcha kommunikatsiyalar o‘tkaziladi, bolalar bog‘chalari va maktablar quriladi.

Orgebas va Ferdousi qishloqlari aholisiga esa turar joy masalasining uch yechimi taklif qilindi:

  • yangi uylar qurilgan boshqa aholi punktlariga ko‘chish;
  • uylarni qayta tiklash;
  • turar joylar qurilishi va tiklanishi uchun xarajatlarni qoplab berish.

Qishloq xo‘jaligi va chorva mollari bo‘yicha yetkazilgan zarar hukumat zaxiralaridan qoplab beriladi, fermerlarga kreditlar bo‘yicha to‘lovlarda tanaffus taqdim etiladi.

2 may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumanida texnogen tusdagi favqulodda holat e’lon qilingan edi. Aholi punktlari O‘zbekistondagi suv ombori to‘g‘oni o‘prilganidan keyin suv ostida qoldi.

5 may holatiga ko‘ra, Maqtaaral tumanida 845 ta uy suv ostida qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7639 ga ekin maydonini suv bosgan. Yetkazilgan zararlarning aniq miqdori keyinroq ma’lum qilinadi, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Qozog‘istonda yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekiston tomonidan 209 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xo‘jaligi, muhandislik va yong‘in-qutqaruv texnikalaridan iborat qo‘shimcha kuch va vositalar mazkur hududga yetib bordi.

Shuningdek, 6 may kuni Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Sklyar Roman Vasilevich boshchiligidagi delegatsiya Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi va keyinchalik Qozog‘iston hududini suv bosishi holati o‘rganish hamda vaziyat yuzasidan O‘zbekiston bilan umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish maqsadida Sirdaryoga tashrif buyurdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar