"Raqamli Toshkent" tizimi ikki yil davomida sinovdan o‘tkaziladi

10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilgan.

Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili uchun qabul qilingan Davlat dasturida joriy yilda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Keyingi yillarda dunyoda “raqamli shahar” konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, “Raqamli Toshkent” tizimini joriy etish, uni ikki yil davomida sinovdan o‘tkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy ta’minotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bugungi taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

“Tibbiyot muassasalari pasporti”, “UzTrans”, turistlar hisobini yuritish bo‘yicha “Ye-Mehmon” va boshqa axborot tizimlari yurtimiz aholisi hamda mehmonlariga katta qulaylik yaratdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yilda bolalar bog‘chasi, masofaviy ta’lim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy ta’minotlar ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qog‘oz to‘ldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62 ta poliklinika “Yagona elektron tibbiy karta” va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi. Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.

Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda ma’lumot uzatish tarmog‘iga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni takomillashtirish, «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi “raqamli shahar” konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy ob’yektni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident Toshkent shahar hokimligi tarkibida ta’lim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratdi. Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘sha sohaga mos dasturiy ta’minot yaratadi, ularni sinovdan o‘tkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bog‘liqligini ta’minlaydi.

“Raqamli Toshkent” loyihasini moliyalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda davlat-xususiy sheriklik asosida biznes doiralarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratish kerakligi ta’kidlandi.

“Elektron hukumat” tizimi orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni elektron shaklga o‘tkazish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar