O‘rmon xo‘jaliklarida za’faron gullarini yig‘ib-terib olish mavsumi boshlandi

O‘rmon xo‘jaliklarida za’faron gullarini yig‘ib-terib olish mavsumi boshlandi
Za’faron (shafran) dunyoning ko‘p mamlakatlarida tijoriy maqsadda katta maydonlarga ekib parvarishlanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham za’faron yetishtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentning 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida za’faron o‘simligi plantatsiyalarini tashkil etish va xomashyolarini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berilgan va vazifalar belgilab olingan edi.

Mazkur topshiriq bo‘yicha 2017 yili O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda “Brand Investment Group” MChJ tomonidan Niderlandiyadan 36,4 tonna za’faron o‘simligining tuganak piyozi keltirilib, Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi hududi 5 gektar maydonda za’faron o‘simligining onalik plantatsiyalari tashkil etildi.

2018 yilda esa respublika bo‘ylab 14 ta o‘rmon xo‘jalik yerlarida jami 25.7 gektar o‘rmon fondi maydonda za’faron tuganak piyozlari ekish ishlari amalga oshirilib, plantatsiyalar barpo etilgan. Bugungi kunda ushbu maydonlarda dorivor shafran o‘simligini parvarishlash ishlari olib borilmoqda.

2019 yilda esa 30 ta o‘rmon xo‘jaliklarida 65 gektar maydonda za’faron plantatsiyalari barpo etilib bu ko‘rsatkich 2018 yildagiga nisbatan 39.3 gektar ko‘p maydonni tashkil etadi.

Hozirgi kunda Andijon viloyatida 5,3 gektar, Toshkent viloyatida 14,2 gektar, Farg‘ona viloyatida 4 gektar, Namangan viloyatida 7,6 gektar, Jizzax viloyatida 7 gektar, Samarqand viloyatida 21 gektar, Qashqadaryo viloyatida 13 gektar, Surxondaryo viloyatida 17,5 gektar, Navoiy viloyatida 6 gektar jami 95,6 gektar o‘rmon fondi maydonlarda za’faron o‘simligi plantatsiyalari barpo etildi.

Za’faron o‘simligidan yildan-yilga ko‘proq xomashyo olish mumkin. Hozirgi kunda yuqoridagi maydonlardan o‘rtacha 50 kilogramm atrofida eksportbop za’faron guli xomashyosini tayyorlash kutilmoqda.

Za’faron o‘simligi xomashyosining tibbiyot va oziq – ovqat sanoatidagi ahamiyati juda katta. Oziq-ovqat sanoatida shafran gulchanglaridan turli hil mahsulotlarga rang, hid va ta’m beruvchi ziravor sifatida foydalaniladi.

Za’faron dorivor o‘simligi burishtiruvchi va erituvchi bo‘lib, yetiltiruvchi xususiyati ham bor. Issiqligi mo‘’tadil bo‘lganligi uchun tomirdagi har xil tiqilmalar yoki tromblarni davolashda foydalaniladi. Ichki a’zolarni kuchaytiradi, tana terisi rangini chiroyli , ko‘zni ravshan qiladi va yurak faoliyatini kuchaytiradi. Balg‘am ko‘chishini osonlashtirib, nafas a’zolarining faoliyatini bir maromga soladi. Za’faron xomashyosi tarkibida karotinoidlar, flavonoidlar, efir moylari, V, V2 vitaminlari, yog‘ azotli moddalar, qandlar, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar