Samarqand va Buxoro malayziyalik turistlar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish maskaniga aylanishi mumkin

Samarqand va Buxoro malayziyalik turistlar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish maskaniga aylanishi mumkin

“Parlamentarizmni rivojlantirish: O‘zbekiston va Malayziya tajribasi” mavzusida videokonferensaloqa formatida parlament forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va Malayziya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri o‘rinbosari Mohd Rashid bin Hasan ishtirok etdi.

Akmal Saidovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi asosiy va uzoq muddatli hamkorlardan biri bo‘lgan Malayziya bilan ikki tomonlama muloqotni faol hamda jadal rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratib kelmoqda.

Mohd Hasan Malayziya va O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega ekanini e’tirof etar ekan, mamlakatimizga tashrifi davomida o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, dunyoga mashhur va islom ziyoratgohlari sifatida tan olinadigan Samarqandu Buxoro malayziyalik turistlar uchun jozibali joylarga, xususan, O‘zbekiston orqali Umra ziyoratini amalga oshirish maskanlariga aylanishi mumkin.

Videokonferensiya chog‘ida “O‘zbekiston — Malayziya” do‘stlik guruhi rahbari Sharofiddin Nazarov ham so‘zga chiqdi. Uning aytishicha, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-ma’rifiy, siyosiy munosabatlarni o‘rnatishda do‘stlik guruhi muhim rol o‘ynaydi. Mintaqada savdo aloqalari, turizm sohasi, raqamli iqtisodiyotni ravnaq toptirish, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat ishbilarmon doiralarining “B2B” shaklidagi uchrashuvlarini tashkil etish shular jumlasidandir.

– Ayni chog‘da parlament a’zolari o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, tashqi siyosatni shakllantirishga xizmat qilyapti, – dedi “Malayziya — O‘zbekiston” do‘stlik guruhi a’zosi Pang Xok Liong. – Parlamentlararo diplomatiya esa endilikda rivojlanmoqda, kamchiliklar ham yo‘q emas. Ammo do‘stlik guruhi a’zolari o‘zaro kelishuvlar, xalqaro deklaratsiyalarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishlari lozim.

Binobarin, tadbir davomida ikki tomonlama hamkorlikda erishilgannatijalar qatorida parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash, foydali savdo-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar rishtalarni yo‘lga qo‘yish hamda mustahkamlash haqida fikr almashildi.

Tadbirda koronavirus tarqalishi, uni dunyo iqtisodiyotiga ta’siri, O‘zbekiston va Malayziyada ushbu kasallikka qarshi kurashish yo‘lida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar kabi masalalar ham muhokama qilindi. “Tojdoryov”ni chekintirish, pandemiyaning ikki davlat savdo-iqtisodiy munosabatlariga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini bartaraf etishda parlamentlar a’zolarining tutgan o‘rniga to‘xtalib o‘tildi. Shu bois o‘zaro hamkorlikni faollashtirish dolzarb ekaniga urg‘u berildi.

Onlayn-forum mobaynida har ikki tomon ham BMT, Parlamentlararo ittifoq, Islom hamkorlik tashkiloti singari xalqaro tashkilotlar doirasida ikki mamlakat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yakdil fikr bildirdi. O‘z navbatida, keng ko‘lamli hamkorlikni faol ravnaq toptirish bo‘yicha intilishlar qat’iy ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Yakunda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar hamda amaliy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar