Sardobada zarar ko‘rgan ichimlik suv inshootlarini tiklash uchun 129,7 mlrd. so‘m ajratildi

Sardobada zarar ko‘rgan ichimlik suv inshootlarini tiklash uchun 129,7 mlrd. so‘m ajratildi

27 avgust kuni AOKAda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik axborot xizmati rahbari Aliposha Ahmedov Sardoba fojiasidan zarar ko‘rgan tumanlarda ichimlik suv inshootlarini tiklash uchun amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

“Ofat natijasida zarar ko‘rgan markazlashgan ichimlik suvi ob’yektlari qayta tiklanmagunicha talafot ko‘rgan aholi punktlariga 53 ta maxsus suv tashish transportlari yordamida ichimlik suvi yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi. Markazlashgan ichimlik suv ta’minoti tizimini qayta tiklash uchun 16 ta loyiha doirasida diametri 50 mm dan 450 mm gacha bo‘lgan 103,3 km magistral va ichki ichimlik suv tarmoqlari tortildi, 18 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilindi va qurildi, 4 ta oqova suv tozalash inshootlari qurildi hamda 15 km oqova suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 332 ta kuzatuv va abonent qudug‘i, 36 ta energiya tejamkor nasos uskunasi o‘rnatildi, 8 ta suv minorasi va tik quduq qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Ushbu maqsadlarda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 129,7 mlrd. so‘m, shu jumladan 65,5 mlrd so‘m ichimlik suv inshooti va tarmoqlari rekonstruksiyasiga va 64,2 mlrd. so‘m yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning ichimlik va oqova suv inshooti va tarmoqlari qurilishi uchun ajratildi.

Bajarilgan ishlar natijasida 31 200 nafardan ortiq aholi toza ichimlik suv bilan ta’minlanadi. Shundan 16 000 nafarga yaqin aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ilk bor ta’minlandi. Oqova suv xizmatlari bilan 15 200 nafardan ortiq aholi qamrab olindi. 470 dan ortiq xonadon ichimlik suviga ulandi va xonadonlarga suv hisoblagich uskunalari o‘rnatilmoqda. Barcha ob’yektlarda o‘rnatilgan asbob-uskuna va jihozlarni qurilgan inshootlar bilan birga kompleks (quvurlarni gidravlik) sinovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar pudratchi tashkilotlar tomonidan bartaraf etilmoqda”, deya ma’lumot berdi Ahmedov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar