«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga shu kunga qadar qancha pul tushgani ma’lum qilindi

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga shu kunga qadar qancha pul tushgani ma’lum qilindi

16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida tashkil etilgan shtabda brifing tashkil qilindi.

Unda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva so‘zga chiqib, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga homiylar va tashkilotlar tomonidan kelib tushgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga shu kunga qadar 194 milliard 625 million so‘m mablag‘ kelib tushgan. Hozirgi kunga qadar mazkur mablag‘larning 118 milliard 995 million so‘mi 300 ming 383 ta oilaga berilgan.

Ushbu xayriya mablag‘lari pandemiya davrida hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kuzatilgan tabiiy ofat oqibatida qiyin ahvolga tushib qolgan aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Jumladan:

- 2 ming 822 ta oilaga 399 million 531 ming so‘mlik dori, himoya niqoblari, antiseptik vositalar uchun;

- 24 ming 619 ta oilaga 9 milliard 626 million so‘mlik boshqa turdagi mahsulotlar uchun;

- 67 ming 296 ta oilaga 71 milliard 110 million so‘m miqdorida naqd pul ko‘rinishda mablag‘lar berildi.

«USM Holdings» asoschisi Alisher Usmonov tomonidan ajratilgan 5 million AQSh dollari miqdoridagi xayriya mablag‘i ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilgan.

Ushbu mablag‘lar Andijon, Namangan, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan shakllantirilgan 19 ming 9 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroning plastik kartochkalariga 2 million 500 ming so‘mdan o‘tkazib berilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar