Sayyor qabullar: E’tibor markazida Toshkent viloyati

Sayyor qabullar: E’tibor markazida Toshkent viloyati

Joriy yilning 23 sentyabr - 2 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida Toshkent viloyati aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.

Mazkur qabullar Toshkent viloyatining Bekobod, Olmaliq, Yangiyo‘l, Angren, Ohangaron, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Zangiota va Bo‘stonliq tumanlarida bo‘lib o‘tib, ularda viloyatning barcha hudud aholisi qamrab olindi.

O‘tkazilgan qabullar davomida murojaatlarda asosan sud-huquq, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy ta’minot, prokuratura va ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, bank sohalari, ichki yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minoti, kommunal xizmat, mehnat va bandlik yo‘nalishlariga oid masalalar kelib tushdi.

Aniq raqam va misollarga o‘tsak.

Sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor sud majlislari o‘tkazilgan holda, jazoning o‘talmagan qismidan 41 nafar mahkum jazoni o‘tashdan shartli ravishda va 16 nafar tayinlangan jazoni muddatidan avval ozod qilindi, 39 nafar mahkumlarning jazosi boshqa yengilroq jazo turiga almashtirilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi.

Majburiy ijro bo‘yicha 13 ta murojaatga asosan qarz va zararni undirishga oid 387,4 mln. so‘m undirildi.

Bir misol – 80 yoshli No‘mon Otajonov boshiga esa keksaygan chog‘ida mushkul ish tushdi. Yo‘l-transport hodisasi otaxoning o‘g‘li Ne’matni bu yorug‘ dunyodan olib ketdi. Aybdor haydovchi jabrlanuvchi oilasiga 20 million so‘m tovon puli to‘lab berishi lozim edi. Biroq aybdor tomon belgilangan jarimaning 12 million so‘mini to‘lamay kelayotgan edi. Otaxonning murojaatidan so‘ng No‘mon Otajonov oilasiga 12 million so‘m undirib berildi.

Bank kreditlarini ajratish yuzasidan ham salmoqli natijalar bo‘ldi. Xususan 108 ta tadbirkorlik sub’yektiga 11 mlrd. 682 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash masalalarida 48 nafar uy-joyga muhtojlar murojaati bo‘yicha subsidiya olishga taqdimnoma kiritildi, 34 nafar fuqaroga 6 oylik moddiy yordam pullari tayinladi, 17 ta holatda 2 yoshgacha nafaqa olish masalasi hal etildi.

Xususan, zangiotalik Zulxumor Po‘latovaning uy-joy bilan bog‘liq muammosi ham ayni shu ommaviy qabulda hal qilindi. Nogironligi bor farzandlari bilan anchadan buyon sarson yurgan edi. Bu ayolga murojaatidan so‘ng doimiy yashash huquqi asosida 2 xonali xonadon beriladigan bo‘ldi.

Ayni shunday yana nogironlari bor insonlar, boquvchisini yo‘qotgan ayollardan 5 nafariga ham doimiy yashash huquqi asosida 5 ta xonadon ajratiladigan bo‘ldi.

Uy-joy kommunal xo‘jaligi, gaz va elektroenergiya ta’minoti, yo‘l ta’miri yo‘nalishlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar ham mutasaddilar e’tibori markazida bo‘ldi. Jumladan, 5 ta holatda suv quvuridagi avariya holatlari hal etildi, 3 ta ko‘p qavatli uyning 300 m2 tom qismi joriy ta’mirlandi, 2 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismidagi 480 metr oqova suv quvurlari almashtirildi, 1 ta holatda 42 ta xonadonli ko‘p qavatli uyning kanalizatsiya quvuri tozalab berildi.

Misol uchun, Bo‘stonliqning «Bo‘ston» mahallasi Birlik ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli 26-uy deyarli ta’mirdan chiqarilmagan, shiftdan chakka o‘tar edi. Ommaviy qabuldagi murojaatlardan so‘ng hechdan ko‘ra kech deganlaridek, tom yopish ishlari boshlanib ketdi. Mutasaddilar fasadlarni ta’mirlash, framuga oynalarni yangilash muammolarini ham hal qilib berishdi.

Yangiyo‘l shahri «Guliston» mahallasi aholisi esa suv bosimi pastligidan shikoyat qildi. Hududdagi ko‘p qavatli uylarga obi hayot to‘liq yetib bormas ekan. Bu murojaat joyiga chiqib o‘rganilgach, markaziy ichimlik suvi quvurini yangilashga kirishildi. Bu bilan ko‘p qavatli 24 ta uy, 2 ta ijtimoiy soha ob’yektiga yuqori bosimda suv yetkazishga erishiladi.

Elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha 5 ta transformator yangilandi, 638 ta elektr hisoblagich o‘rnatildi, 2,1 km SIP kabel tortildi va 39 ta tayanch ustunlar yangisiga almashtirilib berildi.

Jumladan, Yangiyo‘l shahri «Ramadon» mahallasidagi transformator eskirib ketgani sababli ko‘p qavatli 3 ta uy va 600 dan ziyod oilalar istiqomat qilayotgan uylarning elektr energiyasida ko‘p uzilish yuz berar edi. Mahalla aholisi ommaviy qabulga shu haqda murojaat qilgach, bir kun ichida yangi transformator o‘rnatilib, muammo hal qilindi.

Gaz ta’minotida 3 nafar kam ta’minlangan oila qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilgan gaz tarmog‘iga qayta ulandi, 2 ta GTP da ta’mirlash olib borildi, 2 ta ko‘p qavatli uyning 49 ta xonadoni gaz tarmog‘iga ulab berildi, MFYga 265 dona gaz balloni yetkazib berildi.

Yo‘l ta’miri bo‘yicha 8,8 km asfalt yo‘l joriy ta’mirlandi. Uzunligi 45 metr, eni 10 metr ko‘prik qurilishi boshlandi (7,5 mlrd. so‘mlik).

Xususan, Toshkent tumani «Alisher Navoiy» mahallasidagi ichki ko‘chalar ta’mirtalabligi anchadan buyon haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi. Aholi murojaatidan so‘ng ichki ko‘chalarga maydalangan tosh to‘shalib, asfalt qilishga kirishildi.

Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha Bo‘ka tumani 2 ta MFYda (Dashtobod va Xo‘jaqo‘rg‘on) tibbiyot punktini tashkil qilish bo‘yicha kelishildi; bandlik masalasida 59 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi; xalq ta’limi masalasi bo‘yicha 27 ta o‘qituvchi va yosh OTM bitiruvchilari ishga qabul qilindi; maktabgacha ta’lim masalasi sohasida 75 ta oilaviy MTM va 2 ta davlat xususiy sherikchilik asosida MTMni ochish bo‘yicha kelishuv ijobiy hal qilindi.

Toshkent viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda 3 ming 93 ta murojaat asosida 3 ming 195 ta masala ko‘rib chiqildi. Qariyb 1 mingta masalaga joyida yechim topilgan bo‘lsa, 686 ta murojaat egasiga huquqiy tushuntirish va maslahat berildi, 1 ming 510 ta murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar